MUHIDDIN OMON BO‘LSIN!
Azim Toshkentning Navoiy shoh ko‘chasida joylashgan 30-binoda o‘ndan ortiq nashriyot va bir qator gazeta, jurnallarning tahririyatlari ham faoliyat ko‘rsatishadi. Maqolamiz qahramoni bir nechta tahririyatlar keksa xodimlari uchun shogird bo‘lsa, o‘nlab yosh muharrirlar, nozimu nosirlarga ustozdir. Zero, uning bu mo‘tabar binoga kelganiga ham qariyb o‘ttiz yil bo‘ldi.
Mutafakkirlardan biri aytgan ekan: “Noto‘g‘ri tanlangan kasb bir umr egasidan qasd oladi”. To‘g‘ri, tanlangan kasbu kor odamlarga faqat obro‘-e’tibor, farovonlik keltirganini esa yonimizda sidqi dildan mehnat qilayotgan ajib insonlarning hayotidan ham bilamiz. Agar ushbu to‘g‘ri tanlangan kasbga mahorat qo‘shilsa nur ustiga a’lo nur…
Bugungi kunda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining OAV va nashriyotlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida Bosh muharrir lavozimida ishlab kelayotgan mohir jurnalist, sohirqalam shoir Muhiddin Omon aynan o‘z kasbining fidoyisi. Bu fazilat unda yillar davomida oddiy muharrirlikdan tortib, bo‘lim mudiri, bosh muharrir darajasigacha, “O‘zbekiston” nashriyoti, keyin “Sog‘lom avlod uchun” jurnali, Toshkent matbaa kombinati, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida talabchanlik bilan ishlash natijasida shakllangan.
2009-2012 yillar davomida Muhiddin Omonning bevosita tahriri ostida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 40 dan ortiq kitob nashr etildi. Shu tariqa u o‘z ijodiy faoliyati davomida turli nashriyotlarda chop etilgan 300 dan ziyod turli mavzulardagi ijtimoiy-siyosiy, badiiy-adabiy, ilmiy-ommabop kitoblarni hamda ta’lim maskanlari uchun darsliklarni nashrga tayyorlagan. Bu aytishga oson. Birgina Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostonini oldingi nashrlar bilan taqqoslab, har bir so‘zini idrok etib, chop etishga tayyorlash xalq ta’biri bilan aytganda, “igna bilan quduq qazish” bilan barobardir.
Aslida kitobga cheksiz mehr Muhiddinda bolalik chog‘ida uyg‘ongan edi. Bu yuksak tuyg‘u qanday shakllanganini uning “Hazrati KITOBga ta’zim” nomli essesidan ham batafsil bilib olish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, bolaligida uni kitob o‘qishga eng avvalo otasi Sattor bobo undagan ekan.
– Bugun aqlimni tanib, endi otamning nega kitobga bu qadar mehr qo‘yganlari-yu, ne sababdan kitoblarni jildlab o‘qishlarini, nega ularni faqat sandiqda saqlaganining sirini ochgandayman. Men adabiyot sohasini tanlaganimdan, noshir bo‘lib kitoblarga doimiy oshno tutinganimdan otam qanchalar sevinganligini, ilk kitobimni qo‘llariga olib, ko‘zlariga surtar ekan: “He, qudratingdan Egam, oqqan daryolaringni tindirma!” – deya qilgan iltijolarining ma’nosini yanada teranroq anglayman, – deydi Muhiddin Omon.
Adabiyot muxlislari M.Omonni shirinkalom shoir sifatida yaxshi bilishadi. Uning qalamga oladigan mavzular ko‘lami nihoyatda keng, ular inson uchun azaliy qadriyatlar ishq-muhabbat, sadoqatu vafo, insonning bu o‘tkinchi olamda faqat ezgulikka intilib yashashigina Navoiy ta’biri bilan aytganda “Barchaning sarvariga “aylantirishi mumkinligi xususidagi fikrlari, shoirning o‘ziga xos hayotiy kredosini belgilaydi. Uning “Ko‘ngil darbozasi” (1993 y.), “Tole fasli” (1997 y.), “Munavvar sog‘inch” (2009 y.) nomli kitoblari bolalar uchun yozilgan. “Dakan xo‘roz va uning jo‘jalari”, “Sog‘lomjon alifbosi”, “O‘ttiz to‘qqiz topishmoq”, “Buyumlar tilga kirsa” she’riy kitoblari ham shular jumlasidan. Uning she’rlari asosida B.Lutfullayev, D.Omonullayeva, Sh.Shohimardonova, N.Norxo‘jayev kabi bastakorlar qo‘shiqlar yaratganlar. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosidir.
M.Omon tarjimon sifatida ham xalqimizni jahon adabiyotining mumtoz asarlari bilan tanishtirish ishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. U portugal shoiri Luis de Kamoens sonetlarini, ingliz yozuvchisi S.Moem esselarini, amerikalik adib R.Blox asarlarini, atoqli rus shoirlari S.Marshak, A.Barto, L.Kaminskay, B.Zaxoder, A.Usachevlarning bolalarga atalgan quvnoq she’rlarini rus tilidan, Mirzo Hasan Qorabog‘iy g‘azallarini esa ozarbayjon tilidan o‘zbek tiliga o‘girgan.
M.Omon har qaysi tadbirlarda o‘zining mantiqiy, ma’noli, hikmatli so‘zi-yu she’rlari bilan majlisga husn qo‘shganligiga bir necha marta guvoh bo‘lganmiz. Biz esa shu asnoda Muhiddin omon bo‘lsin, deymiz!
Sh.MUHABBATZODA