Davlat grantlari ajratish uchun tanlov e’lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda NNTlarning faol ishtirokini ta’minlash” mavzusida
Davlat grantlari ajratish uchun tanlov e’lon qiladi
Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:
- Joylarda qonunlar, farmonlar va boshqa qonun hujjatlari ijrosi, ijro hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan funksiya va vazifalarning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishning samarali mexanizmlarini va amaliyotini rivojlantirishga ko‘maklashish;
- Mahalliy ijro hokimiyati organlariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirishga, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ko‘maklashish;
- Mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan hamkorlikda aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning hamda ularning murojaatlariga munosabat bildirishning yangi samarali tashkiliy-amaliy usullarini joriy etish;
- Fuqarolarning, ayniqsa, qishloq joylarida va, birinchi navbatda, yoshlarning, ayolllarning, keksa yoshdagi shaxslarning dolzarb muammolarini hal qilishga, turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shma rejalarni, dasturlarni va boshqa tadbirlarni mahalliy davlat hokimiyati organlarining turli bo‘g‘inlari bilan ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish;
- Qishloq joylarida istiqomat qilayotgan yoshlar, ayollar va yosh oilalarning bandligini ta’minlashda vertikal tizimga ega bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlari, tijorat banklari, biznes sub’yektlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, ularni tadbirkorlikning turli sohalariga, shu jumladan, sanoat tovarlari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishga jalb qilish maqsadida ayollar tadbirkorligi va oilaviy biznesni rivojlantirishni kengaytirish;
- Huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat va fiskal organlar bilan hamkorlikda aholining moliyaviy-iqtisodiy savodxonligini oshirishga va fuqarolarni qonunni hurmat qilish ruhida tarbiyalash tizimini shakllantirishga qaratilgan amaliy choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- Jamiyatda huquqiy madaniyatni va aholining huquqiy ongini yuksaltirishda, fuqarolarda qonunga hurmat, huquqbuzarliklarga murosasizlik tuyg‘usini kuchaytirishda mahalliy davlat vakillik va ijroiya organlari huzuridagi komissiyalarga ko‘maklashish, “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Aholi murojaatlari – doimiy e’tiborda” shiorlari ostida muntazam ravishda turli tadbirlarni o‘tkazish;
- Aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirishga, bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishni tashkil etishga qulay shart-sharoit yaratish, barcha darajadagi hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda mahallalar obodligini ta’minlashga ko‘maklashish;
- Aholining turli ijtimoiy qatlamlari, jismoniy va yuridik shaxslar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma dasturlarni advokatlar palatasining, hakamlik sudlari, soliq maslahatchilari, buxgalter va auditorlar uyushmalarining, xotin-qizlar qo‘mitasining, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faxriylar kengashlarining hududiy bo‘limlari bilan ishlab chiqish va amalga oshirish;
- Birinchi navbatda, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot jihatidan nisbatan orqada bo‘lgan qishloq tumanlarida, alohida aholi punktlarida hududlarni kompleks va intensiv rivojlantirish qo‘shma dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ularga yangi ish o‘rinlarini, ijtimoiy va maishiy infratuzilmani yaratishga, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilashga ko‘maklashish;
- Onalik va bolalikni muhofaza qilishga, oila institutini mustahkamlashga, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga ko‘maklashuvchi kompleks amaliy tadbirlarni amalga oshirish;
- “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq aniq natijalarni hamda iqtisodiyotni isloh qilish va liberallashtirish borasidagi jarayonlarni keng yoritishga qaratilgan materiallarni tayyorlash va chop etish.
Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:
- Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;
- www.fundngo.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;
- Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Nizomi nusxasi;
- Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
- Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.
- Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining iltimosnomalari, tavsiya xatlari ilova qilinishi mumkin.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 25 million so‘mgacha.
Hujjatlar 2017 yil 27 fevraldan 3 aprelgacha qabul qilinadi.
Hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi nomiga “O‘zbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor ko‘chasi, 1-uy.
Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-64.