“O‘zstandart” agentligi tomonidan 34 turdagi oziq-ovqatning 13 tasi sifatsiz deb topildi
Toshkent shahar bojxona xodimlari tomonidan og‘irligi 1,8 tonnadan, qiymati esa 57,5 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan sifatsiz va muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini noqonuniy yo‘llar bilan Respublikamizga olib kirishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yildi. 34 turdagi oziq-ovqatning 13 tasi sifatsiz deb topildi, deydi “O‘zstandart” agentligi Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi mutaxassisi Hilola Toshpo‘latova.
Ma’lumki, mamlakatimizga oziq-ovqat mahsulotlarining qonuniy tarzda import qilinishi nafaqat iqtisodiy xavfsizligimizni himoya qilishga, balki, aholi salomatligini asrashga va ularni sifati kafolatlangan mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Garchi bu borada tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda nazorat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, ammo uni chetlab o‘tishga urinayotganlar uchrayotgani sir emas.
Raqamlarga murojat qilsak, 2016 yil davomida respublikamiz bojxona xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda 3 ming 400 dan ortiq holatda qiymati salkam 4 mlrd. so‘m oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy harakatiga barham berilgan. Mana, yuqoridagi fikrimizning isboti. Endi o‘ylab ko‘ring: agar bu kabi sifatsiz, iste’molga yaroqsiz mahsulotlar xorijdan keltirilib emas, balki o‘zimizning ishlab chiqaruvchilar tomonidan iste’molchilarga taqdim etilayotgan bo‘lsachi… Afsuski, bunday holatni ham inkor etib bo‘lmaydi.
Hilola TOSHPO‘LATOVA, “O‘zstandart” agentligi Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi mutaxassisi:
– O‘tgan yilning oxirgi choragida agentlik rahbariyatining topshirig‘iga binoan oziq-ovqatlarning sifatini baholash uchun savdo rastalaridan 34 xil kundalik ishlatiladigan oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilinib, sinov laboratoriyasiga keltirildi. Keltirilgan oziq-ovqat mashulotlarining 13 xili me’yoriy hujjat talablariga nomuvofiq deb topildi. Masalan, tvorog, qaymoq, kefir, osh tuzi, margarin, kolbasa mahsulotlari… Tvorogni olib qaraydigan bo‘lsak, laboratoriya sifat tekshiruvi o‘takzilganda bu mahsulotdagi yog‘ning massaviy ulushi yorlig‘ida ko‘rsatilgan me’yordan kam chiqdi. Bu mahsulotning tashqi ko‘rinishi, ya’ni organoleptik ko‘rsatkichlari ham me’yorga nomuvofiq deb topildi. Masalan, yog‘ining ko‘pligiga qarab oqroq, qaymoqrangga mosroq bo‘lishi kerak, tekshiruvga olib kelingan bu turdagi mahsulotlarning rangi esa pushtiroq, hidli, mazasi nordonroq bo‘lib chiqdi. Bunday holatlar asosan mahsulotni ishlab chiqarish jarayonidagi texlogiya talablarini buzilganida, rastada saqlanishida talabga rioya qilinmaganida kuzatiladi. Agar bunday mahsulotlar tekshirilganda yog‘ kamligi aniqlansa, bu ishlab chiqaruvchining aybi hisoblanadi, iste’molga yaroqsizligiga, ya’ni organoleptik ko‘rsatkichlarning o‘zgarishiga esa ishlab chiqarishdan tortib rastaga yetib kelingan holatlarda talablarning va savdoga qo‘yilgan muhitlar buzilishi ham sabab bo‘ladi.
Bunday nomuvofiq deb topilgan oziq-ovqat mahsulotlari orasida kundalik iste’mol qiladigan osh tuzimiz, margarin, kolbasa mahsulotlari ham bor. Hammaga ma’lumki, yurtimizda ishlab chiqarilib, iste’molchiga taklif etilayotgan osh tuzlari yodlangan holda bo‘lishi kerak. Ammo tekshiruvdan o‘tkazilgan osh tuzlarida bu me’yor buzilgan, ya’ni yod miqdori kam chiqdi. Vaholanki, aholi salomatligi, uning organizmidagi yod tanqisligiga barham berish uchun hukumat tomonidan tuzlarning yod bilan ishlab chiqarilishi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Tekshiruvdan o‘tkazilgan oliy navli kolbasaning tarkibidagi kraxmal miqdori me’yoriy hujjatda ko‘rsatilganidan ko‘p chiqdi. Kefirdagi yog‘ miqdori ham yorliqdagi talabga muvofiq chiqmadi. Yorliqda agar yog‘lilik ko‘rsatkichi 2 foizli deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, tarkib shunga mos bo‘lishi kerak, ammo tekshiruvda buning aksiga guvoh bo‘ldik. Bunday holatni iste’molchini aldash deya baholash mumkin, chunki u kefirning yog‘lilik miqdori 5 foiz deb yozilgan yorliqqa ishonib, qimmat pul to‘laydi-da, arzon narxdagi 2 foizlisini yoki undan ham miqdordagisini xarid qiladi. Bu tekshiruv natijalarining achinarlisi shundaki, sifati talabga javob bermaydigan aksariyat mahsulotlarning asosiy iste’molchilari bolalardir. Masalan, yogurt, kefir, sut kabi…
Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlari asosan O‘zbekiston davlat standarti — O‘zDST va tashkilot standarti — TS talablari bilan ishlab chiqariladi. Ammo tashkilot standartlari ham davlat standartlariga mutanosib bo‘lishi shart. Bu standartlar yorliqda ko‘rsatilgan bo‘ladi va mahsulot ana shu me’yoriy hujjatga mos bo‘lishi lozim. Ammo tashkilot standartida davlat standartiga o‘zgartirish kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mana, kundalik iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlaridan ayrimlarining sizu biz bilmagan “sirlari”dan voqif bo‘ldik. Xulosamiz shuki, hamma narsadan me’yorning buzilishi tanazzulga olib keladi. Inchunin, oziq-ovqat mahsulotlarining ham. Ammo sizu biz ishlab chiqaruvchilarning talablarni buzishiga to‘siq bo‘la olamiz. Qanday qilib deysizmi? Bor-yo‘g‘i iste’molchi sifatidagi huquqimizni ishga solsak kifoya. Agar sizda biror mahsulotda shubha tug‘ilsa, yorliqqa qarang va ishlab chiqaruvchidan izoh talab qiling. Shu yo‘l bilan ularning vijdonan ishlashiga hissa qo‘shsak, nur ustiga nur bo‘lardi.
N.Norboboyev