Og‘izdagi noxush bo‘y

va uning bartaraf etish yo‘llari

Tishlar nafaqat insonning chiroyli tabassumiga sabab bo‘ladi. Balki, ular salomatligimiz uchun muhim a’zo sanaladi. Uzoq vaqt va obdon chaynalgan luqma me’da-ichak tizimining sog‘lom faoliyat yuritishiga zamin yaratadi. Tish va milk kasalliklarining kelib chiqishi, og‘izdan noxush hamda badbo‘y hid kelishiga sabab bo‘ladi.

Milk – bu og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatining bir qismi bo‘lib, tishlar bo‘yniga jips yopishgan yumshoq to‘qima hisoblanadi. Ushbu to‘qima yallig‘langanda, shikastlanganda, kuyganda, kimyoviy dorilarning salbiy ta’sirida yallig‘lanish kelib chiqadi. Badbo‘y hidning eng asosiy sabablaridan biri og‘iz gigiyenasiga rioya qilmaslik oqibatida tish toshlarining paydo bo‘lishidir. Shuningdek, chirigan tishlar, bodomcha bezlarining yallig‘lanishi, me’da-ichak kasalliklari ham og‘izdan noxush, badbo‘y hid paydo bo‘lishiga olib keladi.

Og‘izdagi bir dona tishda karioz kovak bo‘lsa ham og‘iz hidi o‘zgaradi. Chunki, tish kovagi ovqat qoldiqlari bilan to‘lib qoladi va unda mikroblar yig‘ilib infeksiya manbaiga aylanadi. Buning oqibatida bakteriyalar murtak bezlariga osongina o‘tib, tez-tez angina kuzatilishi aniqlangan. Agar og‘iz bo‘shlig‘ida bir nechta karioz kovakli tishlar bo‘lsa, ko‘pincha organizmda me’da osti bezining faoliyati va uglevodlar almashinuvi buzilishi ham kuzatiladi.

Ba’zan odamlarda tish rangining sarg‘ayganini ko‘ramiz. Bu odatda tamaki, nos chekish, ayrim dori vositalarini iste’mol qilish, achchiq choy, kofe, kakao ta’sirida hamda dorivor o‘simliklar-moychechak, mavrak, eman po‘stlog‘i, anor po‘chog‘i, isiriq damlamalari bilan og‘iz chayilganda ham kuzatiladi. Odamning yoshi o‘tishi bilan, shuningdek, ichimlik suvida ftor moddasining ortiqchaligidan yuzaga kelgan flyuoroz kasalligining natijasida tishlar sarg‘ayishi kuzatiladi. Odamlar sarg‘aygan tishlarini ichimlik sodasi, vodorod peroksidi, osh tuzi bilan tozalaydilar. Bu kabi tozalash tish emali uchun zararli bo‘lib, unga ziyon yetkazadi. Ulardagi sarg‘aygan tish toshlarini har xil sim, to‘g‘nog‘ich, tish tozalagich bilan tozalash milkni zararlaydi. Chunki, tish emali yemiriladi. Shuning uchun tish toshlarini faqatgina stomatolog-shifokorga murojaat etib, tozalatish kerak. Milkka yetkazilgan zarar yaraga aylanib natijada bu yerga infeksiya tushadi va og‘izdan noxush hid kela boshlaydi. Tish toshlarini tozalagandan so‘ng stomatolog bemorga og‘iz bo‘shlig‘ini toza tutish, og‘iz gigiyenasiga rioya qilish haqida tavsiyalar beradi. Agar tishlarim sog‘lom, chiroyli bo‘lsin desangiz shifokor maslahatiga va quyidagi qoidalarga rioya qiling.

Yana o‘qing:  Bola genetik jihatdan onadan ko‘ra, otaga yaqinroq bo‘lishi aniqlandi

Bir yilda ikki marotaba tish shifokoriga ko‘rinib, tish va milklaringizni profilaktik ko‘rikdan o‘tkazib turing. Ovqat iste’mol qilgandan so‘ng og‘izni iliq suvda chaying va tishlaringizni darhol tozalang. Tishlaringiz chiriy boshlasa ularni davolating. Bolangizni ikki yoshligidan og‘zini iliq suvda chayishni, uch yoshligidan tish cho‘tkasi bilan tish yuvishga o‘rgating. Bolalarni yoshligidan qotgan non, meva-sabzavotlarni (sabzi, olma) yeyishga o‘rgating. O‘zingiz ham shu maslahatga rioya qiling. Bu milk va tishlarni mustahkamlaydi va o‘z navbatida tishlarni tabiiy tozalaydi. Tishlaringiz bilan qattiq narsalarni masalan, danak, yong‘oq, xandon pista, bodomlarni chaqmang. Yopishqoq konfetlarni chaynashdan saqlaning. Unga juda sovuq narsadan keyin juda issiq va aksincha juda issiq narsadan keyin juda sovuq narsa tekkizishdan asrang. O‘z xususiyati bilan tishning emaliga zarar yetkazadigan narsalardan (alkogol, nikotin)larni qabul qilishdan saqlaning. Gazli ichimliklarni me’yoridan ortiq ichishdan saqlaning. Taomni shirin ichimliklar bilan yeyishdan o‘zingizni tiying. Yog‘li ovqatdan oldin shirinlik yemagan ma’qul. Taomni ko‘katlar, karamli salat bilan iste’mol qiling. Abu Ali ibn Sinoning aytishicha, qurt so‘rish tishni baquvvat qiladi va mustaqkamlaydi. Tishlarni misvok (maxsus xushbuy ildiz) bilan tozalash tish yemirilishining oldini oladi. Og‘izdagi badbo‘y hidni ketkazishda yalpizning ahamiyati katta. Shu sababli ko‘pgina tish yuvish pastalarini tayyorlashda undan foydalaniladi. Yalpiz bargidan chaynang va undan tayyorlangan damlamalar iste’mol qiling hamda shu damlamalar bilan og‘izni chaying.

 

Matluba NARZULLAYEVA,

oliy toifali stomatolog-shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: