ShIFOKORLIK — MAS’ULIYATLI KASB
ammo bolalar shifokorlaridan ikki karra mas’uliyat va fidoyilik talab etiladi, deydi Andijon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Ahmadali Mamadaliyev.
Ota-ona uchun farzandining sog‘lig‘i dunyoda har nedan aziz. Agar bolaning joni og‘risa, ularning ko‘ziga jahon qorong‘u ko‘rinadi. Tibbiyot sohasi sharafli va shu bilan birga o‘ta mas’uliyatli bo‘lgani uchun boshqa sohalardan ajralib turadi. Ayniqsa, bolalar shifokori bilimdon va ziyrak bo‘lishi zarur.
Mustaqillikdan so‘ng tibbiyot sohasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Andijon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham xalqaro, nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti va YUNISEF bilan hamkorlikda olib borilgan faoliyat natijasida olti nafar oliy toifali shifokordan mahalliy va milliy trenerlar tayyorlandi. Viloyat bo‘yicha shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari uchun dasturda belgilab berilgan mavzular bo‘yicha seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilib, shu mavzular asosida amaliy- uslubiy yordamlar tashkil qilindi. Markazda 2012 yil aprel oyida viloyatimizning shahar va tumanlari bosh pediatrlari ishtirokida “Mahorat darslari” o‘quv-amaliy seminarlari o‘tkazildi.
Shuningdek, markazga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan 37 mln. so‘m miqdorida “Kichik bolalar o‘yingohi” majmuasi berildi va markazning asab kasalliklari bo‘limiga bolalarda uchraydigan tayanch-harakat tizimi muammolari bilan davolanayotgan bolalikdan nogiron bolalarga foydalanish uchun berildi. Bu esa bolalarning davolanish davomida ruhiy holatida ijobiy o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘lmokda.
2012 yilning fevral oyida “Uztibtexnika” tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi grantlari asosida 58 135 123 so‘m miqdoridagi jami 20 dona tibbiy asbob-uskunalar keltirildi.
Markazda hozirgi kunda 200 o‘rinli jarrohlik bo‘limlarining anestezilogiya bloki bilan yangi binosi Mustaqillikning 21 yilligi munosabati bilan ishga tushirildi. Ushbu binoda Germaniya KFB bankining loyihasi asosida 64 xil turdagi eng yangi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.
Shifoxonada 2012 yil 6 oy davomida jami 9123 nafar bemor davolanib chikdi. Ulardan 6447 nafari qishloq aholisi va 1253 nafari 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil etadi.
Tibbiy muassasamizning jarrohlik bo‘limlarida jami 4232 nafar bemor davolanib, sog‘lomlashtirildi.
Bu maskanda 200 qatnov quvvatiga ega bo‘lgan konsultativ poliklinika faoliyat olib boradi. Maslahat poliklinikasida 14 xil turdagi tor soha mutaxassislari, viloyatdagi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga zarur maslahatlar berishmoqda.
Shuningdek, mutaxassislar viloyatimizning barcha tumanlariga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan salomatlik haftaliklarida faol ishtirok etmoqdalar.
Markazning uroginekologiya bo‘limida jami 50 nafar o‘smir yoshidagi qizlar davolanib, sog‘lomlashtirildi. Yana shifokorlarimiz viloyatimizning barcha tumanlariga mas’ul etib biriktirilgan. Ular Andijon shahrining mahalla fuqarolari yig‘inlari, maktab, kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlarida “Sog‘lom turmush tarzi” mavzularida muntazam suhbatlar olib boradilar. 7 aprel — “Jahon salomatlik kuni” Andijon shahri A.Navoiy nomli istirohat bog‘ida o‘tkazilgan tadbirda faol ishtirok etib, jami 1052 nafar bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib maslahat berdilar.
Mutaxassislarimiz joriy yilning aprel oyida “Sen yolg‘iz emassan” Bolalar jamoatchilik va Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armalarining “Bolalarga tabassum” loyihasi asosida viloyatimizdagi jami 22 nafar tug‘ma tanglay-lab nuqsonlari bo‘lgan bolalarda operatsiyalar o‘tkazib, ular sog‘lomlashtirildi.
Dunyo — bolalar kulgusi bilan charog‘on. Hamisha farzandlarimiz sog‘lom bo‘lib, ota-onalarining ko‘zlarini quvontirib yurishsin.