Ezgulik va yaxshilik kuychisi

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek adabiyotining Alisher Navoiydan keyingi buyuk namoyandasi hisoblanadi. Chunki, mashhur muarrix Mirzo Haydar ta’biri bilan aytganda: “Turkiy she’riyatda Mir Alisherdan keyin hech kim uningchalik ko‘p yozmagan”.

Chindan ham Bobur ijodi Navoiydan keyingi alohida bosqichni tashkil etadi. U adabiyotni hayotga, adabiy tilni xalq tiliga yaqinlashtirdi. Atoiy, Lutfiy she’rlaridagi xalqchillik Bobur asarlarida yangicha shaklda qayta tug‘ildi. Xususan, u “Boburnoma” asari bilan turkiy adabiyotda realistik nasrni boshlab berdi, sodda, xalqona uslubga asos soldi. Bobur o‘z asarlarining mavzuini asosan hayotdan oldi. Shoir merosining hayratlanarli darajada hayotiyligi, ko‘ngilga yaqinligi, tuyg‘ularining tabiiy va samimiyligi shundan.

Bobur g‘azal, ruboiy, tuyuq, qit’a, fard, masnaviy janrlarida qalam tebratib, ayniqsa, g‘azal va ruboiyda yuksak mahorat ko‘rsatgan. Albatta, uning ijodida ham buyuk salaflariga ergashib yozilgan an’anaviy ishqu muhabbat mavzuidagi she’rlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni paytda shoir real hayot tasviri, kundalik voqealar bayoni, shaxsiy kechinmalar tasviriga keng o‘rin beradi. Bu she’rlarda vatan sog‘inchiyu g‘urbat g‘ami, zafarlar quvonchiyu mag‘lubiyatlar alami o‘zining yorqin badiiy ifodasini topgan. Taqdir zarbalari va zamona adolatsizliklaridan shikoyat, xiyonat ahlini fosh etish va o‘zini yozg‘irish ohanglari ham yetakchi o‘rin tutadi. Xususan, hasbi hol, ko‘ngil kayfiyati ifodalangan she’rlar o‘zining haqqoniyati va samimiyati bilan ajralib turadi. Ba’zi she’rlarida tabiat manzaralarining go‘zal va betakror chizgilarini uchratamiz. Ular orasida insoniy komillikka da’vat qilib, ilmu ma’rifatning ahamiyatini ulug‘lab, dunyo, nafs, hoyu havaslar, johillik va g‘ofillikni qoralab yozilgan, pand-nasihat yo‘nalishidagi she’rlar ham ancha-muncha. Yengil va ravon uslub, sodda va tushunarli til, tabiiy va samimiy ifoda tarzi hayotiy hodisalar va shaxsiy kechinmalar talqini bilan uyg‘unlashib, Bobur she’riyatining favqulodda xalqchilligi va badiiy barkamolligini ta’minlagan.

Bobur o‘z asarlarining mavzuini asosan hayotdan oldi: u o‘zi ko‘rgan-bilgan, qalbidan o‘tkazgan, o‘zini to‘lqinlantirgan narsalar, kechinmalar haqida qalam tebratadi. Yuragini dasturxon kabi o‘quvchi oldiga yozadi: hech narsani yashirmay, ko‘nglida borini to‘kadi.

Boburning betakror shaxsiyat sifatida butun dunyo ahlini qiziqtirib kelgan. “Bobur Sharq mamlakatlari taxtiga yarashib tushgan hukmdorlarning yorqin namoyandalaridan biridir. Uning shaxsi oliyjanob inson va ulug‘ shohga mansub bo‘lgan fazilatlardan tarkib topgan”, – deb yozadi Uilyam Erskin. Hayotning har qanchaki mashaqqatlari bo‘lsa, mardona yengib o‘tgan, shum falakning barcha nayranglariga sabot bilan bardosh bergan, zamonaning bor adolatsizliklarini ko‘rgan, odamlarning jabru jafolari, xiyonatlariga chidagan, shunga qaramay, deyarli osuda umr kechirmay dunyodan o‘tayotgan bir inson shunday deyishga ming karra haqli edi. Boshqa bir g‘azalida bu fikr yanada rivojlanib, kengayib, ochiq-oshkor tus oladi:

Yana o‘qing:  Qalb bekati

Har yong‘akim azm etsam, yonimda borur mehnat,

Har sorikim yuzlansam,o‘trumg‘a kelur qayg‘u.

 

Yuz javru sitam ko‘rgan,ming mehnatu g‘am ko‘rgan,

Osoyishe kam ko‘rgan mendek yana bir bormu?!

Lekin Bobur bag‘ri keng, mehri daryo inson bo‘lgan: o‘ziga yomonlik qilganlarning ham gunohidan o‘tib, qo‘lidan kelgancha ularga yaxshilik ko‘rsatgan. “Boburnoma”da bu boradagi ko‘plab yorqin misollarni uchratamiz. Hasanxoja Nisoriyning yozishicha: “Kimki jahonpanoh dargohiga iltijo qilgan bo‘lsa, podshohning in’omidan bahramand bo‘ldi va fazl dasturxoni ne’matidan quruq qolmadi. Daryo misol qo‘li bilan saxovat olamiga erkinlik berdi”.

Zahiriddin Muhammad Bobur jahonda faqat yaxshilik poydorligiga, odam bolasidan faqat yaxshilik qolishiga ishongan. Shuning uchun ham barcha elga yaxshilik qilki, shundan yaxshi narsa yo‘q, toki dunyoda falon kishidan yaxshilik qoldi, deb eslab yursin, degan aqida bilan yashagan:

Bori elga yaxshilik qilg‘ilki,

mundin yaxshi yo‘q –

Kim, degaylar dahr aro

qoldi falondin yaxshilig‘!

Bu mavzuda “Boburnoma”da ham fikrlar uchraydi. Chunonchi: “G‘arazkim, bu dunyoda kishidin ushmundog‘ nimalar qolur, har kim aqldin bahravar bo‘lsa, nega andog‘ harakatga iqdom qilg‘aykim, andin so‘ng yomon degaylar va har kishiga hushdin asar bo‘lsa, nega andog‘ amr-ehtimom qilmag‘aykim, qilg‘ondin so‘ng mustahsan degaylar”. Shundan keyin hikmat ahlining: “Shuhrat bilan yodlanishi hakimlar ikkinchi umr demishlar”, – degan so‘zlarini keltiradi. Boburning o‘zi ham barcha ezgu fazilatlarning sohibi edi.

 

Bobur she’rlarini ichdan nurlantirib turgan eng muhim xususiyat bu – uning beqiyos darajadagi samimiyati. Ta’bir joiz bo‘lsa, zamin o‘z o‘qi atrofidan aylangani kabi Bobur she’rlari ham samimiyat atrofidan aylanadi.

 Ergash OCHILOV,

filologiya fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: