Endilikda nafaqalar naqd pul shaklida beriladi
Xabaringiz bor, joriy yilning 2 fevral sanasida Prezident Shavkat Mirziyoevning “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Ushbu qaror keng jamoatchilik va aholi o‘rtasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Nuroniylarning nafaqa pullarini 100 foiz miqdorda, tog‘li va olis hududlarda joylashgan byudjet tashkiloti xodimlarining ish haqlarini to‘liq hajmda hamda talabalarga to‘lanadigan stipendiyalarning 50 foizdan kam bo‘lmagan miqdorini naqd shaklida to‘lanishi mazkur qarorning nechog‘li xalqchil ekanidan dalolatdir.
– Bugungi kunda insonning har tomonlama to‘kis, xotirjam hayot kechirishi uchun avvalo, moddiy ta’minot birlamchi hisoblanadi, – deydi mehnat faxriysi Mahmado‘st Qudratov. – Ming shukurki, tinch va osuda mamlakatda nafaqa olib farzandlar, nevaralar qurshovida to‘kis hayot kechirib, keksalik gashtini surmoqdamiz. Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Davlatimiz shunchalik g‘amxo‘rki, bizlarga nafaqa to‘laydi, vaqtida salomatligimizdan xabar ham olib turadi. Endilikda nafaqalar naqd pulda beriladigan bo‘ldi. Biz esa bundan juda mamnunmiz.
Qaror mazmunidan shuni anglash mumkinki, u mamlakatimizning ayrim hududlarida ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar to‘lashdagi mavjud ahvolni tanqidiy tahlil qilish natijasida qabul qilingan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi ishga tushganidan buyon ayni masala yuzasidan 7 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarning mazmuni keng o‘rganilib, tegishli tashkilot vakillari zimmasiga yuklatilgan vazifa muhim hujjat sifatida o‘z aksini topdi.
– Prezidentimizning “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori respublikamizning barcha oliygohlarida tahsil olayotgan talabalarga cheksiz quvonch bag‘ishladi, – deydi Toshkent Moliya instituti talabasi Zilola Holiqulova. – Chunki, ko‘pchilik talabalar uydan olisda yashaganlari uchun ham naqd pulga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Nazarimda, Yurtboshimizning bu g‘amxo‘rligi biz yoshlarning qiyinchiliklarsiz faqatgina yaxshi o‘qishimiz, izlanishimiz uchun berilgan yana bir imkoniyatdir.
Shuningdek, Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi va pochta xizmati tashkilotlariga pensiyalarning uzluksiz, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay to‘lanishini ta’minlashga doir topshiriq berilgan.
Darhaqiqat, aholining yashash sharoiti hamda ularning fikr-mulohazalaridan kelib chiqib qabul qilingan ushbu qaror fuqarolarning o‘z pul mablag‘larini o‘zlariga qulay shaklda olish bo‘yicha qonuniy huquqlarini to‘la ta’minlashga xizmat qiladi.
Mayna HASANOVA