Farmatsevtika yutuqlari namoyishi
Navoiyda barcha dorixonalarda bo‘lishi majburiy bo‘lgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar belgilandi. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon’yunkturasini tahlil qilish asosida, o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi. Yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol buzilgani uchun litsenziyani bekor qilish ko‘zda tutilgan.
Navoiy viloyatida ham ushbu hujjat ijrosi doirasida dori-darmon vositalarining chakana va ulgurji savdosi nazoratini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi jamoatchilik nazorat guruhlari va ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Ishchi guruhlar tomonidan barcha dorixonalarning sotuv zalida dori-darmonlar narxini talab darajasida yozib qo‘yish, narxlar iste’molchiga yaqqol ko‘rinishiga, narxdagi bir xillikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha dorixona va tibbiyot muassasalari, shuningdek, jamoatchilik o‘rtasida keng tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Ko‘rgazmada farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan dori vositalari namoyish etildi.
Karmana tumanidagi “Karmana Al-Aziz Avitsenna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tabiiy giyohlarni quritish va qadoqlash yo‘lga qo‘yilgan. Navoiy shahridagi “Bagil medical new technology” qo‘shma korxonasida zamonaviy texnologiyalar asosida bir martalik shprits ishlab chiqarilmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanib, tibbiy giyohlarni quritish va qadoqlash sexini ishga tushirdik, – deydi “Karmana Al-Aziz Avitsenna” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Shohrux Sharopov. – Joriy yilning ikkinchi choragida dorivor ekstrakt va qiyomlar ishlab chiqarish ham o‘zlashtiriladi. Bu loyiha asosida qo‘shimcha o‘ndan ortiq ish o‘rni yaratiladi va yana 5 turdagi tayyor tabiiy dori vositalari ishlab chiqariladi.
O‘tgan yili viloyatda tibbiyot vositalari, tayyor dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 4 loyiha ishga tushirilib, 40 yangi ish o‘rni yaratilgan. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan tizimli rejaga asosan yana 26 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu 357 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
N.Rahimov,
O‘zA muxbiri