TANAZZULGA YO’L

Giyohvandlik – vaqtincha eyforik kayfiyat (vaqtichog‘lik) paydo etib o‘z domiga botqoqqa tortganday tortib ketguvchi salbiy illat bo‘lib, u insonda tabiiy va sintetik moddalarga patalogik moyil bo‘lib qolishni anglatadi. U giyohvand vositalarini notibbiy ravishda iste’mol qilish natijasida yuzaga keladigan xastalikdir.

Giyohvandlik vositalarining har biri o‘ziga xos xususiyatiga ega. Ammo hamma turlarining umumiy belgilari moddaga tez o‘rganish, jismoniy va ruhiy moyillik hamda abstinent (xumor) holati rivojlanishidan iborat.

Ko‘p giyohvandlarda narkotik moddaning birinchi iste’molidan boshlab, 2-3 haftada moyillik paydo bo‘ladi, ammo hozir shunday sintetik narkotiklar borki, ular ikkinchi in’yeksiya olinganidan so‘ng moyillikka olib keladi. Hamma narkotiklar giyohvand shaxsning ruhiy holatini o‘zgartirib yuboradi. Bemorlarda kayfiyatning parishonligi, qo‘zg‘alish, o‘zining xulq-atvoriga tanqidiy nazar solishning pasayishi, sababsiz kulgi, sergaplik namoyon bo‘ladi. Bir xil narkotiklar karaxtlik, ko‘rish gallyusinatsiyalarini, ba’zan tovush gallyusinatsiyalari va vasvasa holatini, tajovuzkorlikka moyillikni keltirib chiqaradi. Bu agressiv holat giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bemor shaxsni ijtimoiy xavfli qilib qo‘yadi.

Hamma giyohvandlarda ichki a’zolar xastaliklari rivojlanadi. Bemorlar yoshiga nisbatan katta ko‘rinadilar, terilari serajin, sarg‘imtir yoki kulrang tusga kiradi. Sochlari va tishlari to‘kiladi, tomirga olgan in’yeksiyalaridan ko‘pgina chandiqlar qoladi. Bemorlar holdan toyadilar.

Narkotiklarni uzoq vaqt iste’mol qilganda shaxs borgan sari inqirozga uchraydi, atrofdagilarga hamda yaqinlariga befarq bo‘lib qoladi, aql-idroki pasayadi. Bunday insonlar yaxshi xulq va odatlarini yo‘qotadi, tez-tez xavfli harakatlar sodir etadi. Giyohvandlar narkotik modda dozasini yuqori qilib yuborganida, abstinent (xumor) holatida esa – yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etadilar. Ular OITS infeksiyasining tashuvchilari va asosiy tarqatuvchilari bo‘lib qoladi hamda shu xastalikdan vafot etganlarning ko‘pchiligini tashkil qiladi. Giyohvandlik vositalari inson organizmini, markaziy asab tizimini, shaxsning kayfiyatini va harakatini, yurish-turishini o‘zgartiradi. Uni iste’mol qilish inson hayoti va uning zurriyodiga, kelajak hayotiga, farzandlariga katta salbiy ta’sir qiladi.

Giyohvandlik vositalarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 31 iyuldagi 293-sonli “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorni O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida berilgan.

Giyohvandlik butun dunyoda keng jamoatchilikni tashvishga solayotgan eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib, bunday moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi juda yuqoridir.

Yana o‘qing:  Birinchi taassurot aksariyat hollarda noto‘g‘ri bo‘ladi

1961 yilda giyohvand vositalar to‘g‘risidagi Yagona Konvensiya qabul qilingan bo‘lib, O‘zbekiston unga 1997 yili a’zo bo‘lib kirgan. Yagona Konvensiya giyohvand vositalar bilan bog‘liq holda sodir etiladigan 18 jinoiy qilmishga javobgarlikni nazarda tutgan: giyohvand vositalarni o‘stirish, ishlab chiqarish, tayyorlash, ajratib olish, tayyorgarlik ko‘rish, saqlash, tijorat maqsadida taklif qilish, taqsimlash, sotib olish, sotish, har qanday shartlar bilan yetkazib berish, dallollik, jo‘natish, tranzit orqali jo‘natish, tashish, giyohvand vositalarni olib chiqish va olib kirish. Shuningdek, konvensiyada giyohvand vositalarni o‘stirish, olib kirish va boshqa qilmishlarning sharhi ham berilgan.

Shuningdek, 1988 yilda Vena shahrida qabul qilingan “Giyohvand vositalar va psixotrop moddalar bilan g‘ayriqonuniy muomala qilishga qarshi kurash to‘g‘risida” Konvensiya (O‘zbekiston ushbu Konvensiyaga 1994 yili a’zo bo‘lib kirgan)da giyohvand vositalar bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa qilmishlar jinoyat hisoblanishi qayd etilgan.

Konvensiyada bunday jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish kabi og‘ir jazo choralarini tayinlash, giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan shaxslarni davolash, qayta tarbiyalash, ularni kuzatib borish va mehnat qilish qobiliyatini tiklash, ijtimoiy tiklash choralarini faol qo‘llash tavsiya qilingan.

Mamlakatimizda 1999 yil 19 avgustda “Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar, prekursorlar va ular bilan muomala qilish, ularni suiiste’mol qilishlarga qarshi choralar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.

Giyohvandlik – jinoyatchilik bilan bog‘liq hodisadir. Birinchidan, narkotiklarni qo‘lga kiritish yoki ularning oldini olish uchun pul topish maqsadida og‘ir oqibatli qasddan jinoyatlar sodir etiladi. Ikkinchidan, narkotik moddalarni qabul qilish ta’siri ostida tez-tez jinoyatlar sodir etiladi. Nihoyat, giyohvandlik bilan jinoyatchilik o‘rtasidagi bog‘liqlik giyohvand­lik moddalarining noqonuniy aylanishi oqibatida yuzaga keladigan huquqbuzarlik harakatlarining sodir etilishida namoyon bo‘ladi.

Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish deganda xalqaro huquqiy va ichki davlat nazorati o‘rnatilgan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni tayyorlash, egallash, saqlash, jo‘natish va hokazo harakatlarning sodir etilishi tushuniladi.

2011 yil 14 sentyabrda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazini tashkil etish to‘g‘risida (Ostona, 2006 yil 24 iyul) ratifikatsiya qilish haqida O‘zbekiston respublikasining qonuni qabul qilingan.

Yana o‘qing:  ONA VA BOLA SKRININGI: SOG‘LOM AVLOD KAFOLATI

Ushbu qonunga asosan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazini tashkil etish to‘g‘risida Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qir­g‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi Bitim (Ostona, 2006 yil 24 iyul) ratifikatsiya qilingan.

Bitimning 8-moddasi 1-bandi bo‘yicha: “Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi Bitim doirasida milliy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida belgilangan.

Bitim doirasida O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari sifatida: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi belgilangan”;

Bitimning 9-moddasi bo‘yicha: “Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi raisining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazining direktori Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasidan vakil sifatida belgilangan.

Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki toksikomaniyaga (zaharvandlik, ya’ni kley, benzin, turli bo‘yoqlar kabi o‘tkir hidli zaharli moddalarni hidlab kayf qiluvchilar) mubtalo bo‘lgan bemorlarni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi maxsus davolash, oldini olish muassasalarida majburiy davolash O‘zbekiston Respublikasining “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida”gi qonunida belgilab qo‘yilgan.

Jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzayotgan, yohud aholining osoyishtaligiga, salomatligiga va ma’naviyatiga xavf tug‘dirayotgan surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarga nisbatan majburiy davolash qo‘llanadi. Shaxsni surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki (toksikomaniya)ga mubtalo bo‘lgan bemor deb topish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda tegishli davolash muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Shaxsni majburiy davolashga jo‘natish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortgan hollarda, ichki ishlar idoralarining ko‘magida o‘n kun muddat ichida narkologiya muassasasida majburiy tarzda tekshirilishi kerak. Mazkur toifadagi shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallar tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirda ichki ishlar idoralari tomonidan ularning o‘z tashabbusiga ko‘ra, yoki bemorning oila a’zolari yohud qarindoshlarining, mehnat jamoalarining, sog‘liqni saqlash muassasalarining iltimosnomalari asosida tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.

Yana o‘qing:  KO‘KLAM OFTOBI TAFTIDA

Mazkur qonunning 1-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarni majburiy davolashga jo‘natish masalasi yigirma kunlik muddat ichida bemor yashab turgan joydagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan bemor ishtirokida hal etiladi.

Bemor uzrsiz sabab bilan kelmasa, u ichki ishlar idoralari orqali majburiy tarzda olib kelinadi. Sudning majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qarori haqida ustidan qaror chiqarilgan shaxs yoxud uning himoyachisi shikoyat qilishi yoki prokuror tomonidan kassatsiya tartibida yetti kunlik muddat ichida yuqori turuvchi sudga norozilik bildirilishi mumkin. Shikoyat berilishi yoki prokuror tomonidan kassatsiya tartibida norozilik bildirilishi sud qarorining ijrosini to‘xtatib turadi. Sudning shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qarori ichki ishlar idoralari tomonidan bu qaror qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab kechi bilan o‘n kunlik muddat ichida ijro etiladi.

Majburiy davolash muddati to‘g‘risidagi masala davolash muassasasi tomonidan komissiyadan o‘tkazish tartibida, bemor davolashga joylashtirilgach besh kun ichida hal etiladi. Bemor davolanayotgan davolash muassasasining komissiyasi qabul qilgan qaror asosida bemorni majburiy davolash to‘xtatiladi.

Shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi sudning qarori uni ishdan bo‘shash nafaqasi to‘lamay ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘ladi. Majburiy davolanishga yuborilgan shaxslar avvalgi yashash joyidagi turar joy maydonidan foydalanish huquqini saqlab qoladilar. Davolash muassasalaridan majburiy davolashdan qaytgan shaxslarni ishga joylashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Ogoh bo‘ling! Farzandlaringizning kimlar bilan do‘stlashgani, ular bilan muloqot qiladigan insonlarning kasbi-kori, fe’l-atvori hamda jamiyatda tutgan o‘rni sizni befarq qoldirmasin. Zero, xalqimizda “Do‘sting kimligini ayt, men sening kimligingni aytaman” degan maqol bejiz aytilmagan.

Dilnoza ADILOVA,

Toshkent shahar Yunusobod tumani 1-sonli davlat notarial idorasi notariusi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: