OG‘UFURUSHLAR
“Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ko‘tariladi”, degan maqolni bejizga aytishmagan. To‘g‘rida, qut-baraka pokiza, osuda, harom luqma yo‘lamagan oshiyonda qo‘nim topadi.
Fuqaro Alimardon Sayfiyev (ism-shariflar o‘zgartirildi) ham irodasizligi, bir lahzalik rohat-farog‘ati tufayli o‘zining qutlug‘ dargohidan barakani uchirdi. So‘nggi paytlarda ishlari chappasiga ketadigan, ayolining ta’na dashnomlariyu, ota-onasining bergan tanbehlari ham unga kor qilmay qo‘ydi. O‘g‘lining egri ishidan xabardor bo‘lgan padari uni shu yo‘lga boshlaganlarni ich-ichidan so‘kar, onasi esa qaltiragan qo‘llarini ko‘kka cho‘zgan holda bu og‘uni tayyorlagan, olib kelgan, o‘g‘liga tutganlarni achchiq-achchiq ko‘z yosh ila qarg‘ardi.
O‘z qadr-qimmati, yillar davomida misqollab yiqqan obro‘-e’tibori uni qiziqtirmaydigan bo‘ldi. Endi Alimardonni faqatgina, uning nazdida o‘sha osmonlarga “ko‘targuvchi” kukun qiziqtirardi. Aslidaku, bu og‘u uni kun sayin nahs botqog‘iga botirayotganini anglab yetmasdi.
Bugun ham peshinga qadar g‘aflat uyqusida yotgan A.Sayfiyev erinibgina o‘rnidan turdida nima qilarini bilmay qoldi. Ishga boray desa hech xohish yo‘q. Boshqa ishlarga-ku umuman qiziqish so‘ngan. Ilgarilari shundaymidi?! Fe’l-atvorida tortinchoqlik bo‘lsada, ota-onasining so‘zini yerda qoldirmas, mas’uliyatli yigit edi. Endichi?! Endi, uning uyiga oralagan “qora dori” o‘ziga pand berdi.
– Hammasiga, o‘shalar, ha, ha — o‘shalar aybdor. Shu zahri qotilni menga yo‘latishmaganida binoyidek yashayotgan edim-ku, – deya o‘zicha g‘o‘ldirab, yana “o‘shani” qayerdan topish tashvishi tushib, asta telefon go‘shagini tutganicha unga yod bo‘lib ketgan raqamlarni tera boshladi. – Allo, allo, Sobit! Uchrashsak, bo‘lardi, “doridan” bormi? Xo‘p mayli, ko‘rishamiz.
U go‘shakni qo‘ydi-yu, tanishining oldiga, belgilangan manzilga shoshib chiqib ketdi.
Aslidaku, uni bu yo‘lga hech kim majburlamagan. Uning irodasizligi va kaltafahmligi puldan boshqa dardi bo‘lmagan, pul desa, hatto o‘z vijdonini sotishga ham tayyor bo‘lgan kishilarga tayyor “o‘lja”.
Soat chamasi 14:30. Ikki tanish kelishganidek, Olmazor tumani Sebzor dahasidagi ko‘p qavatli uylar atrofida ko‘rishishdi. “Tarki odat – amri mahol”, deganlaridek muqaddam sudlangan Sobit Salimov xaridori A.Sayfiyevdan kelishganidek yuz ming so‘mni olib, evaziga “ikki chek” doridan berdida, darhol ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Sababi u hali ko‘plab, xaridorlarga o‘z “mahsulot”ini yetkazib berishi lozim. Yana ko‘plab xonadonlarga harom oralaydi, ko‘plarning tinchi, oromi buziladi.
“Mis qozonning misi chiqar, berkitganning ishi chiqar”, deganlaridek, S.Salimovning noqonuniy faoliyatiga darhol ziyrak va o‘z ishining mohir mutaxassisi – militsiya xodimlari tomonidan chek qo‘yildi-yu, u o‘z qilmishi tufayli o‘tga tushdi.
Og‘ufurush o‘z qilmishini inkor etsada, A.Sayfiyevning keltirgan va boshqa dalillar bilan umumlashgan holda sudlanuvchi S.Salimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlariga muvofiq aybdor deb topilib, unga tegishli jazo tayinlandi.
S.Salimov temir panjara ortiga tushganida sog‘lig‘i ham aytguvlik yaxshi emasligi, oilasining yagona boquvchisisiz qolgani, ota-onalarining keksaygan chog‘ida suyanchiqsiz qolganligi, eng achinarlisi, yolg‘iz farzandi, nuridiydasi otasiz o‘sishini o‘ylaganmikin?!
Yillar o‘tar, ehtimol Sobit uchun ahamiyatsiz tuyulgan muddat o‘tib unut bo‘lib ketar, ammo tinch va xotirjam oilalarga “og‘u” orqali kirib borgan urush-janjal, azob-uqubat, “qora dori” ta’sirida to‘kis oilalarning buzilib ketishi, tug‘ilajak farzandlarning nogiron bo‘lishi kabi o‘nglab bo‘lmas ayanchli oqibatlarning yarasi bitarmikin?!
Ayniqsa, Alimardon kabi yosh yigit-qizlarning, ko‘ngli o‘ksik otalarning ohi, onalarning hasratga to‘la faryodining davosi bormi?!
Ogoh bo‘ling, odamlar! Xonadoningizga “zahri qotil” oralamasin.
J.XUDOYQULOV,
Yunusobod tumani prokuraturasi tergovchisi,
Mayna Hasanova,
“Sog`lom avlod” muxbiri