BOLA HUQUQLARI – QONUN HIMOYASIDA (2013-9)

“Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan muhokama etilayotgan “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oila institutini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida eshitib qoldim. Endilikda farzandlikka olish tartibi qanday amalga oshiriladi? Shu haqda ma’lumot bersangiz.

Nargiza Samanova,

Sirdaryo viloyati, Xovos tumani

Ushbu savolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining quyi palatadagi fraksiyasi a’zosi Olim O‘sarov javob beradi:

– Mamlakatimiz mustaqilligining dast­labki yillaridanoq oilani yanada mustahkamlash, birinchi navbatda, ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal etishda davlat va jamiyat tomonidan g‘am­xo‘rlikni yanada kuchaytirish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish va farzandlarni tarbiyalashda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada farzandlikka olish, uning tarbiyasi, kelajak taqdiri, barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida g‘amxo‘rlik qilish kabi jihatlar muhim o‘rin tutgan. Bugungi kunda oila, farzand tarbiyasi, farzandlikka olish va u bilan bog‘liq qonunchilik yanada mustahkamlanmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisida muhokama etilgan mazkur qonun loyihasi jamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etishi bilan ahamiyatlidir. Ma’lumki, bolaning kelajagi uning qanday oilada kamol topishiga bog‘liq. Bolaga ota-ona tanlashda, uni oilaga (farzandlikka olish, vasiylik, homiylik belgilash yoki tutingan oila) tarbiyaga berishda, uning kelajak hayotini belgilashda xatoga yo‘l qo‘yish salbiy oqibatlarga olib keladi. Shu boisdan ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlashi kafolatlangan. Shuningdek, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, uning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish, bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish va boshqa asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

Farzandlikka olish – oila qonunchiligining muhim masalalaridan biri bo‘lgan murakkab huquqiy institutdir. Bugungi kunda farzandlikka olish bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va tarbiyaga olish to‘g‘risida”gi Nizom asosida tartibga solinmoqda. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxs­lar arizasiga va vasiylik hamda homiylik organlari tavsiyasiga ko‘ra tuman, shahar hokimi qarori bilan amalga oshirilgan.

Yana o‘qing:  Huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning qonuniy asosi kuchaytiriladi

Endilikda bu tartib-qoidalar tamomila yangilanib, farzandlikka olish bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlarini sudlarga berish taklif etilmoqda. Shuningdek, loyihada bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan bolaning ota-onasidan sud tomonidan undirilgan aliment mazkur bolaning nomiga ochilgan bank hisob varag‘ida jamlanishi va unga voyaga yetganda to‘lanish tartibi nazarda tutilgan. Bu bilan bolalar tarbiya muassasasini tamomlagan voyaga yetgan bitiruvchining yangi hayotini boshlashi uchun ma’lum miqdordagi shaxsiy mablag‘larga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi.

Xalqaro tajriba ham shuni ko‘rsatdiki, ko‘pgina davlatlarda farzandlikka olish faqat sud tartibida amalga oshiriladi. Xususan, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, MDH davlatlarining aksariyatida mazkur masalalar sudning qarori asosida tartibga solinadi.

Taklif etilayotgan yangilik bolalar va farzandlikka oluvchilarning huquqlarini sud tomonidan himoya qilinishini, farzandlikka olishning sir saqlanishiga rioya etilishi va qonun hujjatlari buzilishining oldi olinishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga kiritilayotgan yuqoridagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar milliy an’analar va zamon talablarini hisobga olgan holda oila institutini yanada takomillashtirish va rivojlantirishga qaratilgan hamda voya­ga yetmaganlarni kelgusida yanada himoya qilishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, oilaparvarlik xalqimiz qon-qoniga singib ketgan fazilatlardan biridir. Yuksak axloq mezonlari asosida qaralgan farzandga mehr-muhabbat qo‘yish, uni millat ruhida tarbiyalash, odob-axloq, yuksak ma’naviyatli qilib voyaga yetkazish kabi tamoyillar biz uchun doimo muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Zero, 2013 yilni “Obod turmush yili” deb nomlanishi ham jamiyatimizda oila bilan bog‘liq ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni yanada ulug‘lab, ezgu maqsadni ko‘zlaydi. Bu totuvlik, hamjihatlikni mus­tahkamlab, pirovardida, jamiyat farovonligini oshirib, mamlakat qudratini yuksaltiradi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: