Xalqimiz mehru sadoqati ifodasi
Inson xotirasi – muqaddas. Bu tuyg‘u bizga yaqinlarimizni yod etish, kimlarning avlodi ekanimizni bilish va ularga munosib bo‘lishni o‘rgatadi, o‘zligimizni anglashga yordam beradi.
Shu ma’noda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodlarimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati ham xalqimizga o‘zligini anglash, boy tarix va madaniyatimiz bilan faxrlanish imkoniyatini berdi. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarimizning ma’naviy merosini o‘rganmay muqaddas dinimiz mohiyatini anglash mumkinmi? Yoki Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy singari qomusiy olimlarning ilmiy qarashlarisiz o‘rta asrlar ilm-fani, madaniyatini tasavvur qilib bo‘ladimi? Buyuk davlatchiligimiz tarixi, shaharsozlik an’analari va ulug‘vor bunyodkorliklar haqida Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi hayoti, faoliyati bilan tanishmay turib fikr bildirish mumkinmi?
Albatta, yo‘q. Bularning barchasi mamlakatimizning mustaqillikka erishishi bilan tiklangan tarix haqiqatlari, xalqimizning bebaho ma’naviy boyliklaridir.
Yigirmanchi asr oxirida dunyo xaritasida O‘zbekiston degan mustaqil davlat paydo bo‘lgani va yigirma besh yillik qisqa muddatda qaddini tik tutib, jahon bilan bo‘ylashganini bugungi avlod yaxshi biladi. Bu yo‘lda qanday mashaqqatlar boshdan kechirilgani, ne-ne sinovlardan o‘tishga to‘g‘ri kelgani ham xalqimizga ayon. Lekin bugun katta hayot sari qadam qo‘yayotgan yoshlar, kelgusi avlod davlatimizning poydevori qanday asoslarda qo‘yilgani, mustaqillikni asrash, mustahkamlash yo‘lida Buyuk Yo‘lboshchimiz rahnamoligida qanday ulug‘vor ishlar amalga oshirilganini bilishi, buning qadriga yetishi uchun ular bu tarixdan yaxshi xabardor bo‘lishi lozim.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori shu nuqtai nazardan bugungi kunimiz va kelajagimiz uchun g‘oyat ahamiyatli tarixiy voqeadir.
Mazkur farmonga binoan Buyuk Yurtboshimiz tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida u kishiga haykal o‘rnatilishi va muzey tashkil etilishi Islom Karimov nomini abadiylashtirish, Vatanimiz va xalqimizga baxshida hayoti, jo‘shqin faoliyati haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishga xizmat qiladi.
Birinchi Prezidentimiz 2016 yil 3 sentyabr kuni Samarqand shahrida dafn etildi. Shu kundan buyon Hazrati Xizr majmuasidan yurtdoshlarimiz, xorijlik mehmonlar qadami uzilgani yo‘q. Har kuni mamlakatimizning turli burchaklaridan, xorijiy davlatlardan kishilar kelib, aziz Yurtboshimiz xotirasiga o‘z hurmat-ehtiromlarini bildirmoqda. Ko‘plab davlatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari ushbu maskanni ziyorat qilib, Islom Karimovning jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tibor qozongan buyuk siyosatchi bo‘lganini ta’kidlamoqda. Umuman, bugun Samarqandga kelayotgan har bir inson ziyoratni ushbu maskandan boshlamoqda.
Yaqinda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridan kelgan bir yigit “Ruxsat bersangiz, o‘zim tilovat qilsam”, dedi va ko‘zda yosh bilan oyat o‘qidi. Tilovatdan so‘ng, afg‘on xalqi Islom Karimovning vafotini o‘z musibati, deb bilgani va bu yerni ziyorat qilishni ular o‘zlari uchun katta sharaf, deb bilishini aytdi.
Kuni kecha Tojikistonning uzoq tog‘li qishlog‘idan kelgan mehmon 94 yoshli onasi nomidan ham bu muqaddas maskanni ziyorat qilish niyati borligi, bu volidasining o‘tinchi ekanini aytdi.
Ushbu hududda ulug‘ Yo‘lboshchimizga davlatimiz va xalqimizning cheksiz mehri, sadoqati ifodasi sifatida yodgorlik majmuasi barpo etilishi butun yurtdoshlarimizni, ayniqsa, Samarqand ahlini bag‘oyat mamnun etdi.
Mahmudxon MUXTOROV,
Samarqand shahridagi Hazrati Xizr yodgorlik majmuasi rahbari.
O‘zA