Bo‘lajak bilimdonlar qanday tarbiyalanadi?

Biz tez-tez vunderkind bolalar haqida eshitamiz. Xo‘sh, vunderkindlar aslida kim, ular qanday xususiyatlarga ega?

Ruhshunoslarning olib borgan ko‘p yillik tadqiqotlariga ko‘ra favqulodda iste’dodli bolalarda ularning tanasidagi ayrim bezlar, xususan, gipofiz va buyrak usti bezlaridagi gormonlar miqdori yuqori bo‘lar ekan. Bunday aqlli bolalar hayotda juda kam uchraydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 100 ming nafar bolaga bir nafar vunderkind to‘g‘ri kelar ekan. Bu kabi bolakaylarning o‘ziga xos jihati shundaki, ularning asab tizimi organizmi shakllanguniga qadar eng yuqori rivojlanish bosqichiga yetib boradi. Olimlar vunderkindlarni ikki guruhga ajratishadi. Unga ko‘ra tabiat tomonidan berilgan qobiliyat va ota-ona tomonidan “yaratilgan” iste’dod. Agar tabiat ato etgan iste’dod o‘z vaqtida aniqlanib, to‘g‘ri yo‘naltira olinmasa, u besamar ketadi. Ya’ni, vunderkind mehnat qilmasdan turib, hech qanday marrani zabt eta olmaydi. Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, 90 foiz muvaffaqiyat bolaning taqdiri yoki genetikasiga emas, balki unga berilgan tarbiyaga bog‘liq.

Tayoqning ikki uchi bo‘lganidek, bo‘lajak bilimdonni voyaga yetkazish nafaqat boladan, balki ota-onadan ham juda katta mehnat talab qiladi. Tabiat tomonidan berilgan qobiliyat barchaga ham nasib etavermaydi, ammo ota-ona va bola tomonidan qilingan mehnat hech qachon besamar ketmaydi. Bo‘lajak bilimdonlarni tarbiyalashda mutaxassislar tomonidan bir qancha foydali maslahatlar berilgan. Quyida ular bilan sizni tanishtiramiz.

O‘YIN. Bola turli o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida atrofda bo‘layotgan voqealar, ularning nima sababdan ro‘y berayotgani haqidagi bir qancha savollarga javob izlashga harakat qiladi. Va u ana shu so‘roqlarga javob topish uchun atrofdan ma’lumot izlaydi.

KITOB. Kitoblar bolaning rivojlanishida muhim vosita sanaladi. Bola kichik yoshda bo‘lsa-da ko‘p mutolaa qilishi kerak. Kitob o‘qish jarayonida uning miyasi faol harakatda bo‘ladi. Bundan tashqari ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarda so‘z boyligi ortadi. Farzandim kitobni hali tushunmaydi yoki eshitmaydi, desangiz yanglishasiz. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha bola tug‘ilganidan 3 yoshgacha bo‘lgan muddatda o‘zi uchun kerakli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni olishga ulguradi.

MAKTABGACHA TA’LIM MUASSASASI. Ko‘pchilik ota-onalar bolani MTMga berish yoki aksincha bermaslik to‘g‘risida juda ko‘p bosh qotiradi. Ilm-fan esa bu savolga “Bola MTMga borishi kerak” deya ta’kidlamoqda. Bunga birgina misol keltiramiz. Mutaxassislar 3-4 yoshgacha bo‘lgan 40 nafar (ularning yarmi MTMga boradi, yarmi esa yo‘q) bola o‘rtasida tadqiqot o‘tkazishgan. 27 yil o‘tib, guruh qatnashchilarining shaxsiy hayoti o‘rganilgan. Yakunda aynan MTMga borgan bolalarning aksariyatida xususiy uy sotib olish uchun imkoniyatlar yetarli bo‘lgan.

Yana o‘qing:  Go‘dakning me’da-ichak tizimi buzilsa...

MUSIQA. Aslida, istalgan ijodiy faoliyat bolaning aqliy va ruhiy jihatdan rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Musiqa xotirani mustahkamlaydi. Shu sabab, aksariyat musiqa bilan shug‘ullangan bolajonlar chet tillarini osonlik bilan o‘zlashtirishadi. Bir so‘z bilan aytganda, u so‘z mahoratining rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omad kalitidir.

SABRNI ShAKLLANTIRING. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolaga televizorni uzoq vaqt tomosha qilishga ruhsat bermagan ma’qul. Bu unga hech qanday foyda bermaydi, aksincha bilim ko‘nikmalarini pasaytiradi va rivojlanishi uchun ketadigan vaqtining behuda sarflanishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari olimlar bolaning sabrli bo‘lishga o‘rgatishni maslahat berishmoqda. Tarixdan ma’lumki, qadimda gilam to‘qish, zargarlik singari hunarlar yuqori tabaqa vakillari, asosan shohlarning farzandlariga o‘rgatilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bolani sabrli, har bir ishni qunt bilan bajarishga o‘rgatishdir.

SEKIN ShOSHILING VA MUNOSIB NAMUNA BO‘LING. Bolani juda tez rivojlantirishga harakat qilib, uni qiynab qo‘ymang. Asosan bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga sekin gapiring va qayta-qayta so‘zlarni takrorlab turing. Hamma narsaga diqqatli va to‘g‘ri yondashing. Odatda kattalar bola noto‘g‘ri talaffuz qilgan so‘zni xuddi unga o‘xshab talaffuz qilib, xatoga yo‘l qo‘yishadi. Har bir so‘zni to‘g‘ri talaffuz qiling. Shunda bola ham sizga ergashadi.

 

Yodingizda bo‘lsin: farzand uchun ota-ona taqlid qilishda namuna sanaladi. Shunday ekan ular sizning oynadagi aksingiz ekanligini unutmang.

 

KOMPYUTERDAN EHTIYOT BO‘LING. Kompyuter o‘yinlari zamonaviy pedagogikaning birinchi raqamli dushmani sanaladi. Bola kun davomida kompyuterda ikki soatdan ortiq o‘ynasa, uning kitobga, sportga va musiqaga bo‘lgan qiziqishlari 9,4 foizga pasayadi.

KO‘RSATING VA GAPIRING. Sayrga chiqqan paytda atrof-muhit haqida bolaga ko‘proq gapirib bering. Jumladan, hid, ovoz kabi qiziqarli vositalar yordamida uning diqqatini jalb qilish mumkin. Masalan: barglarning xazon rangiga kirishi, gullarning ochilishi, qor va yomg‘irning yog‘ishi ular uchun juda qiziqarli jarayon sanaladi.

MAJBURLAMANG. Tabiiyki, har bir ota-ona farzandining tezroq bilimdon bo‘lishini xohlaydi. Natijada ularga juda ko‘p topshiriqlar berib, bolani tez zeriktirib qo‘yishadi. Farzandingizni faqat bir mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga majburlamang. U har bir ishni chin ko‘ngildan bajarsin. Shunda uning layoqati va qiziqishi, rivojlanishi bilan hamohanglikda kechadi.

Yana o‘qing:  Chiqindi qutilaridagi smartfonlar: nega elektron chiqindilar kun sayin ko‘payib bormoqda?

 

Oygul Asilbek qizi, Toshkent viloyat pedagogika kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: