Ona suti – mikroelementlar manbai

Agar ayol homiladorlik va emizikli davrlarda, ya’ni bola 2 yoshgacha bo‘lgan vaqtda to‘yib ovqatlanmasa, bu holat go‘dakning ulg‘ayishida katta muammolarga olib keladi.

Uning jismoniy, aqliy va ruhiy rivojlanishining ortda qolishini bola hayotining keyingi davrlarida butunlay to‘g‘irlash mumkin bo‘lmay qoladi. Bu kichkintoyning butun hayotiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Chaqaloq yaxshi o‘sishi va vazni ortib borishi lozim. 2 yoshga yetgunga qadar go‘dak vaznini har oyda aniqlab borish maqsadga muvofiq. Bolaning vazni 2 oy davomida oshmasa, bu xavotirli belgi hisoblanadi va albatta, ota-ona shifokor-pediatrga murojaat qilishi zarur.

Ona suti – bola hayotining dastlabki 6 oyida zarur bo‘lgan yagona ozuqa hisoblanadi. Ko‘krak sutida chaqaloq uchun zarur bo‘lgan barcha oziq moddalar mavjud. Mittivoy 6 oy bo‘lgandan keyin birgina ona sutining o‘zi uning oziq moddalarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondira olmaydi. Shuning uchun ona sutini emizishni davom ettirish bilan birga shifokor maslahati asosida go‘dakka turli xil qo‘shimcha ovqatlar berilishi maqsadga muvofiq. Jajji inson hayotining 6 oyligidan 1 yoshgacha bo‘lgan davri davomida unga kuniga 5 mahal qo‘shimcha ovqat berish kerak bo‘ladi. Ona go‘dagini ko‘krak bilan emizishni u ikki yoshga yetgunga qadar davom ettirishi lozim.

O‘sishi va rivojlanishi hisobiga bolaning oziq moddalar, vitaminlar, mineral moddalar jumladan, temir va yod kabilarga ehtiyoji ortib boradi.

Bolaning me’yorda o‘sishi va ko‘z nurining yaxshilanishi uchun unga A vitamini zarur bo‘ladi. Bu vitamin sariyog‘, tuxum, sut mahsulotlari, ona suti va jigarda ko‘p bo‘ladi. Shuningdek, bu darmondori beta-karotin shaklida sariq va to‘q sariq rangdagi meva-sabzavotlarda hamda o‘simlik yog‘ida mavjud. Beta-karotindan A vitamini jigarda hosil bo‘ladi.

Aqliy va jismoniy sog‘lom rivojlanishi uchun bolaga temir moddasi zarur. Temir moddasi tanqisligi mavjud onadan tug‘ilgan bola nimjon, kasallikka tez beriluvchan bo‘ladi. Xastaliklar ularda og‘ir kechadi va uzoqroq davom etadi. Temir tanqisligi mavjud bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishi susayadi hamda u sog‘lom tengdoshlaridan ortda qoladi.

Emizikli bola uchun temirning asosiy manbai bu ona sutidir. Ushbu elementning tabiiy manbai – go‘sht va go‘sht mahsulotlari, jigar va baliq hisoblanadi.

 

Mol go‘shtining lahm qismi ezilguncha qaynatib pishiriladi va go‘shtqiymalagichdan ikki marta o‘tkaziladi. So‘ngra uni go‘dakka yumshoq bo‘tqa holiga keltirib beriladi.

Yana o‘qing:  Orombaxsh taomnoma

Hozirgi vaqtda respublikamizda temir bilan boyitilgan un va un mahsulotalari ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlarni har kuni iste’mol qilish temir tanqisligining oldini oladi. Shuningdek, zarur hollarda shifokor maslahati asosida bolaga temir moddasi mavjud ko‘shimchalar beriladi.

 

Yod moddasi ham organizm uchun muhim element

Yod tanqisligi bo‘qoq kasalligini yuzaga keltirishi hammaga ma’lum. Bu element homilaning sog‘lom shakllanishida, shuningdek, uning aqliy va jismoniy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.

Ayniqsa, yod tanqisligi aqliy salohiyatni yuzaga chiqarishda katta salbiy ta’sir etishi oxirgi o‘n yillikning muhim yangiliklaridan biri bo‘ldi. Organizmda bu modda yetishmasligi ma’lumotlar qabul qilishni qiyinlashtiradi. Yana xotirani pasaytiradi va fikrlash jarayonini sustlashtiradi. Bu esa o‘quvchi va talabalarning o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Xastalik sababli homiladorlik davrida homilaning tushishi yoki uning o‘lik tug‘ilishi shuningdek, go‘dak turli nuqsonlar bilan dunyoga kelishi mumkin.

Yod tanqisligi oqibatida bemorda jinsiy rivojlanish ham susayadi. Agar o‘z vaqtida uning oldi olinmasa, keyinchalik bemorda bepushtlikni keltirib chiqarish ehtimoli yuqori. Bundan ko‘rinib turibdiki, yod tanqisligi bolaning nafaqat salomatligiga, shuningdek, uning kelajagiga ham soya solishi mumkin. O‘zidan asorati yomon bo‘lgan bu holatning oldini olish juda oson. Buning uchun yodlangan osh tuzini muntazam iste’mol qilish zarur.

Tuprog‘imizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, don va chorva mahsulotlarida yod miqdori kam bo‘lib, insonning ushbu elementga bo‘lgan kunlik ehtiyojini qondira olmaydi. Yodlangan osh tuzini har kuni iste’mol qilish odamning bu moddaga bo‘lgan kunlik ehtiyojini qondiradi. Shuningdek, uning aqliy va jismoniy rivojlanish imkoniyatlariga ijobiy ta’sir etadi.

Emizikli bola uchun temir moddasi kabi yodning ham manbai ona sutidir.

 

Dildora BOYMATOVA,

Qorako‘l tuman tibbiyot kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: