Sog‘lom va barkamol farzandlar orzu-maqsadimiz, hayotiy manfaatlarimiz timsolidir
Yurtimizdagi har qaysi inson, har qaysi oilaning eng ezgu orzu-maqsadlari, hayotiy manfaatlari, avvalambor, uning farzandlari timsolida namoyon bo‘ladi, ro‘yobga chiqadi.
Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Har bir inson uchun dunyoda eng muhimi, ozod va hur diyorda hech qanday huquqlari cheklanmay, emin-erkin yashashi, kasbu kor tanlashi hamda oila qurib, farzandlar tarbiyalashdir.
Donolar fikriga ko‘ra odamga ota-ona tomonidan qo‘yilgan chiroyli ism, to‘g‘ri tanlangan kasb, shuningdek, yaxshi umr yo‘ldoshi uning taqdirini belgilar ekan. Quvonarlisi, mustaqil O‘zbekistonimizda barcha millat va elat vakillarining ana shu baxtga sazovor bo‘lishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, qalbimizni shukronalik tuyg‘usiga to‘ldiradi.
Mamlakatimiz mustaqillik yillarida og‘ir va mashaqqatli ulkan islohotlar davrini o‘z boshidan kechirdi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xalq bilan hamjihatlikda olib borgan va uzoqni ko‘zlagan odil siyosati sababli har jabhada katta yutuqlarga erishdik.
Tarixan qisqa davr, ya’ni o‘tgan 25 yil davomida odamlar ongu tafakkuri butunlay o‘zgardi. Ezgulikka asoslangan dinimiz, boy ona tilimiz o‘zimizga qaytdi. Millat qaddi tiklandi. Milliy qadriyat va an’analar bor bo‘y basti bilan jahonga yuz tutdi. Milliy armiyamiz shakllandi. Dunyo bizni tanidi va biz ham “o‘zbek modeli” degan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘limiz bilan olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritdik.
Mustaqil o‘zbek davlati asoschisi, buyuk yo‘lboshchimiz va Yurtboshimiz tomonidan istiqlolning ilk yillaridanoq ajdodlarimizning boy ma’naviy va madaniy merosiga tayangan holda amalga oshirilgan xalqimizning genofondini yaxshilashga qaratilgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasi amalda keng quloch yoydi. Diyorimizda hukumatimiz tomonidan sportga, ayniqsa, bolalar sportiga qaratilayotgan katta e’tibor tufayli mamlakatimiz yoshlari jahon arenalarida eng yuqori shohsupalarni zabt etib, turli xalqaro nufuzli musobaqalar hamda Olimpiya o‘yinlarida dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Nafaqat to‘rt muchasi sog‘lom yigit-qizlarimiz, balki imkoniyati cheklangan sportchilarimiz ham o‘tgan yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik yoshlar nimalarga qodir ekanligini isbotlab, yurtimizning sport salohiyatini butun dunyoga namoyish etdi.
O‘zbekistonda ilk bora 1993 yilda ta’sis etilgan “Sog‘lom avlod uchun” I va II darajali ordeni ham yurtimizda kelajak avlod salomatligiga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining yaqqol tasdig‘idir.
Shuningdek, aholining kam ta’minlangan, ko‘p bolali, imkoniyati cheklangan, keksa va yolg‘iz hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham 1993 yil 23 aprelda tashkil topgan. Ushbu fond o‘tgan vaqt davomida el orasida ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy, gumanitar, ta’lim, sport, sog‘lomlashtirish yo‘nalishlaridagi davlat dasturlari va xalqaro loyihalarni muntazam amalga oshirishda ko‘maklashmoqda. Jumladan, nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi yuqori lab va qattiq tanglayning tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan va oyoqlarning tug‘ma nuqsonlari (maymoqlik), bo‘yin qiyshayishi bilan bog‘liq tug‘ma ortopedik kasalliklarga chalingan, tug‘ma yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan va surunkali osteomiyelit bilan kasallangan bolalarni chet el klinikalarida tezkor davolash va sog‘lomlashtirish, kuyishning asoratlari bo‘lgan bolalarni plastik operatsiya qilish bo‘yicha ko‘plab xayrli ishlar qilindi. Qolaversa, mana bir necha yildirki, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi an’anaviy tarzda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda yurtimizning eng chekka va ekologik jihatdan yashashga noqulay hududlariga “Salomatlik” poyezdini yubormoqda. Bu poyezdda malakali mutaxassis shifokorlar joylardagi “Ambulans” tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari xodimlari bilan hamkorlikda fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishmoqda.
Fondning Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi hududiy filiallari hamda ularning tuman tayanch maskanlari bilan xalq salomatligini muhofaza etish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatishmoqda.
Shuni quvonch bilan aytish joizki, 2016 yilgi erkin va demokratik hamda oshkoralik bilan o‘tkazilgan saylovda saylangan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirdagi o‘z ma’ruzasida joylarda “Xalq qabulxonalari”ni tashkil etish xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘tgan yilning 25 sentyabrida Bosh vazirning internet tarmog‘ida elektron qabulxona tashkil etilgan edi. Bugungacha ushbu qabulxonaga 386 mingdan ziyod murojaat kelib tushdi.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining elektron qabulxonasiga aylangan bu tizim xalq bilan muloqot uchun ochiq maydonga aylandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. “Kuch – adolatda” deya buyuk Amur Temur bobomiz o‘z “Temur tuzuklari”da yozib qoldirgan. Odamlar tili bilan dili bir rahbarga ergashadi. Uning adolatli qaroriga ishonadi. Shunday ekan, har birimiz eng avvalo o‘z uyg‘oq vijdonimiz ovoziga quloq tutib yashasak, ishimiz unadi va hamisha xalq orasida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham bevosita aholi bilan ishlaydi. Bir so‘z bilan aytganda xodimlarimiz el ichida bo‘lib, ularning muammolarini o‘rganadi. Eng chekka va uzoq qishloqlarda yashovchi ijtimoiy yoki tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarning ham murojaatini e’tiborsiz qoldirmaydi. Ularni atroflicha o‘rganib, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda masalaga yechim topishga harakat qiladi.
O‘ylaymanki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning munosib izdoshi, xalqimiz ishonib saylagan Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida xalqimiz “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da qabul qilinadigan davlat dasturi asosida aholining turmush darajasi hamda farovonligi yanada yuksalishiga ishonadi.
Bu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham baholi qudrat o‘z hissasini qo‘shadi, deb ishonch bilan ayta olaman.
Svetlana INAMOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi