Nikoh oldi tibbiy ko‘rikning ahamiyati
Nigora Fazliddin degan yigitga unashtirildi. To‘yni “bir oydan so‘ng qilamiz” deya kelishib olgan kuyov tomon negadir bir haftadan so‘ng uni tezlata boshladi.
Axiyri, har ikki quda bir hafta ichida to‘yni o‘tkazishga kelishib olishdi. Kuyov hatto tibbiy ko‘rikdan o‘tish ham gaplashib qo‘yilganini aytdi. Chindan ham 3-4 kun o‘tgach, ikki yoshning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani haqidagi qog‘ozlar tayyor bo‘ldi.
To‘ydan ikki kun o‘tib, yosh kelinning quvonchi intihosiga yetdi. Kuyovbola uyga kirayotganda to‘satdan yerga yuztuban yiqilib, og‘zidan ko‘pik sochib, qaltiray boshladi. Nigora qo‘rquvdan unga qanday yordam ko‘rsatishni ham bilmay sarosimada qoldi. Albatta, avvaldan bundan xabardor bo‘lgan Fazliddinning yaqinlari unga yordamga shoshilishdi. Ana shu voqeadan keyin kuyov bo‘lmishning avvaldan tutqanoq kasalligi borligi ayon bo‘ldi…
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomini tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosi bo‘yicha nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad sog‘lom oilani shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, irsiyat bilan bog‘liq va tug‘ma kasalliklarga chalingan bolalarning tug‘ilishini oldini olishdan iborat.
Shu bois, mamlakatimizda nikohlanuvchi shaxslarni qanday fuqaroligidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasi FHDYo organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladigan barcha fuqarolar “Oila” kodeksiga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Nikohlanuvchi shaxslar ruhiy kasalliklarni aniqlash, giyohvandlik, tanosil, sil hamda OIV (odam immun tanqisligi virusi) va OITS(odam immun tanqisligi sindromi) kasalliklarining oldini olish yuzasidan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
Buning uchun nikohlanuvchi shaxslar FHDYo tomonidan yashash joyidagi sog‘liqni saqlash tizimining tegishli tibbiyot muassasalariga yuboriladi va berilgan yo‘llanmaga asosan tekshiruvdan bepul o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati nikohlanuvchi shaxslarning tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan kundan boshlab, ikki haftadan oshmasligi kerak.
Ko‘rikdan o‘tayotgan shaxslarga belgilangan shakldagi alohida tibbiyot kartasi ochilib, unda tekshirish natijalari to‘liq aks ettiriladi.
Aytish lozimki, nikohni qayd etishda FHDYo organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy-ko‘rikdan o‘tgani va ularning tekshirish natijalaridan nikoh qayd etilgunga qadar ikki tomonni ham xabardor qilishlari shart. Tibbiy ko‘rikdan o‘tilgandan so‘ng nikoh tuzilishiga to‘siq mavjud bo‘lmagan taqdirda buni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Agar tibbiy tekshiruv natijalari davolash kursidan o‘tishni talab etsa, kasallik aniqlangan shaxs belgilangan tartibda tegishli davolash muassasasiga yo‘naltiriladi. Tekshirilayotgan shaxs yashash joyidagi maslahat komissiyasi xulosasiga rozi bo‘lmagan taqdirda takroriy tibbiy ko‘rik viloyat yoki respublika muassasalarida o‘tkaziladi.
Mamlakatimizda nikohdan o‘tuvchi shaxslarning nikoholdi tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari nafaqat oila salomatligi, balki dunyoga keladigan kelajak avlodning salomatligi uchun o‘ta muhim tadbirdir.
Sevara JALILOVA,
poytaxtimizdagi 3-son “Nikoh uyi” ikkinchi toifali ish yurituvchisi