Baxtdan masrur ko‘ngillar
Mana hash-pash deguncha qish fasli ham keldi. Vaqt shiddat bilan olg‘a odimlamoqda. Ko‘chalarda, bog‘larda hali ham bayram nafasi kezib yuribdi. Qarang, tonglar ham o‘zgacha otayapti.
Osmonimiz beg‘ubor va musaffo. Hech e’tibor berganmisiz, bir narsa hadeb takrorlanaversa, odamning joniga tegadi. Chunki inson umridagi takror-takror kelguvchi narsalar ko‘pam ko‘ngilga o‘tiravermaydi. Ammo Yangi yil bayrami esa!.. U har yili ko‘ngillarga olam-olam quvonch ulashadi.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tayanchi va suyanchi bo‘lgan zamonaviy harbiy xizmatchilar timsolida biz avvalambor chuqur bilim va intellektual salohiyatga, o‘z muqaddas harbiy burchini bajarish yo‘lida qat’iy iroda va mustahkam tayyorgarlikka ega bo‘lgan, ona yurtimizga sadoqatli, mard va fidoyi insonlarni ko‘ramiz va ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Islom KARIMOV
Bu yilgi bayram Toshkent harbiy okrugi harbiy qismlaridan birida xizmat qilayotgan serjant Ilhom Meliqulovlar oilasi uchun har qachongidan-da fayzli, unutilmas bo‘lishi, tabiiy. Nega deysizmi? Negaki, ular Yangi yilni yangi uyda qarshi olishadi.
– Yil boshi va yil oxiri oilamiz uchun xayrli keldi, – deydi serjant Ilhom Meliqulov quvonch bilan. – Yanvar oyida qizimiz Odinaxon dunyoga keldi. Yil oxirida esa uy-joyli bo‘ldik. Mana shunday yuksak e’tibor uchun davlatimizdan, Mudofaa vazirligidan minnatdormiz.
Minnatdorchilik so‘zlarini eshitish juda ko‘ngilli. Shu lahzalarda beixtiyor suhbatdoshingizning quvonchi, shodligi sizga ham ko‘chganini yurakdan his qilasiz.
– Uyimizning yo‘laklari ham kenggina, – deydi Ilhomjonning turmush o‘rtog‘i Ozodaxon. – Oshxona ham katta. Bundan juda xursand bo‘ldim. Axir ayol kishining ko‘p vaqti oshxonada o‘tadi-da.
Xonalarni bir-bir ko‘zdan kechira boshlaymiz. Hammasi zamonaviy jihozlangan, yorug‘, saranjom-sarishta. Bu yerdagi shinamlik har qanday kishining havasini keltiradi.
Shu kuni Ilhomjon va Ozodaxon bilan dildan suhbatlashdik. Ularning bir-biriga bo‘lgan mehri, muhabbati aytayotgan har bir so‘zlarida, baxtdan masrur ko‘zlarida mujassam. Anglaganingizdek, suhbatimiz mavzusi oila baxti xususida bo‘ldi.
– Yoningda bir umrlik hamdamingga, yaxshi-yomon kunlaringda tirgak bo‘ladigan juftingga e’tiborli, g‘amxo‘r bo‘lish o‘rtadagi mehr rishtasini yanada mustahkamlaydi, – deydi oila boshlig‘i Ilhomjon. – Bir-biridan mehrini ayamaydigan, bir-biriga yelkadosh bo‘lgan er va xotin turmushda uchraydigan har qanday qiyinchiliklarni matonat bilan qo‘rqmasdan yengishga qodir bo‘lishadi. To‘g‘ri, avvallari ushbu gapning ma’nosini uncha tushunmasdim. Bugun esa anglagandek bo‘layapman. Demak, eng asosiysi, yaxshi inson, sevimli oila boshlig‘i, namunali harbiy xizmatchi bo‘lishim kerak. Serjant Ilhom Meliqulov doim ana shunday bo‘lishga intiladi. Suhbat davomida u oilasini qadrlashini bot-bot ta’kidlab o‘tdi. Turmush o‘rtog‘i Ozodaxon haqida so‘z ketganda unga oqila, pazanda va oilaparvar ayol deya ta’rif berdi. Ayni chog‘da Ozodaxon ham turmush o‘rtog‘ining sifat va fazilatlarini bir-bir sanab o‘tdi.
– Umr yo‘lim mana shunday inson bilan tutashganidan baxtiyorman, – deydi Ozodaxon suhbat davomida. – Turmush o‘rtog‘im – suyangan tog‘im. Juda mulohazali, og‘ir-bosiq, qatiyatli inson. Men ularning bu xislatlarini qadrlayman va bolalarimga hamisha namuna qilib ko‘rsataman. Har bir muammoni bosiqlik bilan yengishni shu insondan o‘rgandim. Hozirda uch farzandning ota-onasimiz. Lazizbek, Azizbek va Odinaxon – oilamiz quvonchi. Biz har doim farzandlarimizga namuna bo‘lishga, ularga yaxshi tarbiya berishga intilamiz.
Ha, bir-biriga mehr qo‘ygan insonlargina bir-biridagi sifatlarni ilg‘ay oladilar va uni qadrlaydilar. Quvonarlisi, yurtimizda mana shunday baxtiyor juftliklar juda ko‘p. Bunday oilalarda kamol topayotgan farzandlar esa Vatanimiz ravnaqi uchun jon kuydiradigan qobil insonlar bo‘lib voyaga yetishi, shubhasiz.
Sevara ABDULHAMIDOVA