Bolalar nega yolg‘on so‘zlaydi?
Inson umrining mazmuni farzanddir. Bolani yaxshi tarbiyalab, el-u yurtga foydasi tegadigan komil inson qilib tarbiyalash esa har bir ota-onaning eng ezgu maqsadi hisoblanadi.
Bola tarbiyasi murakkab jarayon bo‘lib, bunda ota-onalar bir qancha to‘siqlarga, tushunmovchiliklarga duch keladi. Ana shunday muammolardan biri farzandning yolg‘on so‘zlashidir. Xo‘sh, bola nima sababdan yolg‘on gapiradi?
Farzand kattalarning diqqatini o‘ziga qaratish uchun ham bunday nomaqbul ishni qilishi mumkin. Odatda, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar yolg‘on nima ekanligini bilishmaydi. Ularda mantiqiy fikrlash darajasi u qadar rivojlanmagan bo‘ladi. Ammo ba’zida bolakaylar oqibatni chalkashtirib, boshqa narsaga chalg‘ishadi, voqeani unutib yuborishadi.
Eng muhim sabablardan yana biri bola qo‘rqqanidan ham yolg‘on gapirishi mumkin.
Deylik farzandingizni arzimas gunohi uchun ham jazolasangiz, tabiiyki, u jazo olmaslik uchun shu yo‘lni tutadi. Shuni unutmaslik kerakki, bunga ota-onalarning o‘zi ham sababchi bo‘ladi. Bola yolg‘onning oqibati qanday bo‘lishini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Agar kichkinalar kattalar tomonidan qo‘rqitilsa, jazolansa, u o‘z aybini hech qachon tan olmaydi. Ota-onaning “buni sen qildingmi?” kabi dag‘dag‘ali savoliga farzand hech qachon “men qildim” deb javob bermaydi. U jim turaveradi.
Unutmang, bolaning sukut saqlab turishi, uning hayotidagi ilk yolg‘ondir.
Shunday ekan farzandingizni qo‘rqitmasdan, yaxshi gap bilan voqea mazmunini bilib oling. Uning ongiga yomon fikrlarni singdirmang. Hammaning oldida bolaning aybini yuziga aytmang. Agar qilgan xatosini tan olsa, uni jazolamasdan “boshqa yolg‘on gapirma, men sendan xafa bo‘laman” kabi so‘zlardan foydalaning. Bu unga ijobiy ta’sir qiladi.
Ayrim ota-onalar farzandi uchun kam vaqt ajratadi. Lekin jigarbandi nojo‘ya ish qilib qo‘yganda, shu zahoti unga e’tibor qaratadi. Buni bola juda yaxshi biladi. Yolg‘on gapirgan bola shu tariqa ota-onaning e’tiboriga tushadi.
Farzandingizni bu noto‘g‘ri ishi uchun jazolashdan oldin, eng avvalo, sababini aniqlab oling. Chunki, u nima sababdan jazolanayotganini tushunsin. Bola o‘zidagi xatoni birovga to‘nkashni boshlasa, demak tarbiya masalasiga jiddiy kirishmasangiz bo‘lmaydi. Uni o‘ta maqtash hamda jazolash yolg‘onchilikning avj olishiga zamin yaratadi. Yaxshi bolalarni unga namuna qilib ko‘rsatishga urinsangiz, o‘rtog‘ini unga maqtayversangiz, o‘zini yaxshi ko‘rsatishga harakat qilmoqchi bo‘lgan farzandingiz aybni bir zumda boshqalarga ag‘daradi. Chaqimchilikka o‘tadi. Bunday hollarda uni yolg‘on so‘zlari uchun uyaltirish kerak. Bola uyat tuyg‘usi qanday bo‘lishini tushunib yetishi lozim. Agar farzandingiz qilgan noto‘g‘ri ishini tan olsa, uni rostgo‘yligi uchun maqtab qo‘ying.
Xurshida HUSENOVA