Eski yilning odami

(Hajviya)

Ketaman dedimmi, tamom! – Ke-ta-maaan!

– Oyijon, axir yoshingiz bir joyga borib qolgan bo‘lsa, tag‘in bu atrofda siz tanigan va bilgan insonlarning barchasi qazo qilgan. Qolgani ham anavi traktorchi Azim “zapchast”ning to‘qson sakkizga kirgan enasi – To‘ti momo. Uning qulog‘i og‘irlashganiga o‘n besh yil bo‘ldi. Qayerga, kimning uyiga ketasiz, axir!

Qo‘shni xonadondan eshitilayotgan urush-janjal ovozi shirin uyqumni buzib yubordi. Odamlarga hayronsan, birinchi yanvar – Yangi yilning ilk kunini ham shunday kutib oladimi?! Qishlog‘imiz ham u qadar katta emas. Qattiqroq aksirib yuborsang bormi, yetti mahallaning og‘zida “duv-duv” gap bo‘lasan…

Kimsan xolaning odati shu: har Yangi yilning birinchi kunini to‘s-to‘polon bilan kutib oladi. Azbaroyi ovoz pardalarining baquvvatligidan qo‘ni-qo‘shni u yoqda tursin, mol-hol, echki-uloq ham bezor bo‘lgan. Ammo, Kimsan xola “molodets” kampirda. To‘qson yoshni urib qo‘yganiga qaramay ancha tetik. Hassasini taqqillatib yurganida bormi, “amirkon” kovushidan “g‘arch-g‘urch” degan ovoz chiqadi. Turmush o‘rtog‘idan ajralganiga mana yigirma yetti yil bo‘libdiki, eshigini chertib kelmagan “sovchi” qolmadi. Kimdir otasiga, yana kimdir oyoqdan qolgan amakisiga Kimsan xolani tavsiya qiladi. Bir gap aytsam kulmaysiz, shaxsan kaminaning bobosi ham shu kampirning muhabbat qozonida ancha qovurilgan. Hammaga javobi bitta:

– He-e-e, sanlarni o‘rib bergan bug‘doyingdan o‘rgilay. Erta-indin “paq” etib o‘lib qolsam, bir tashvishing ikki bo‘lmaydimi?! Yaxshisi otalaringga boshqa, “suvi qochmagan” juvon topinglar. Uch-to‘rt yilda o‘zim beshik ko‘tarib boraman, – deydi-yu, xayr-mazurni ham nasiya qilib, kelganlarni quvib soladi…

Birdaniga nimadir “chil-chil” bo‘lib sindi-yu, Nigora yangamning tavba-tazarrusi eshitila boshladi. Bunday shovqin-suronda uxlashning imkoni yo‘q. O‘rnimdan turib, erinibgina tashqari tomon mo‘raladim. Havo anchayin sovuq, hovlida kechagi bayram asoratlari shundoqqina aks etib turardi. Yuzimni yuvib, egnimga issiq kiyimlarimni ildim-u, bayramona qiyofadagi “jang maydoni” sari yo‘l oldim.

Darvozadan ichkari tomon kirib borarkanman, Kimsan xolaning “oh-vohi” yanada ravshanroq eshitila boshladi. Kampir poshshaning o‘g‘illari Naim aka ancha asabiy, Nigora yangam esa qay tomonga yon bosishni bilmay, ko‘zlarini javdiratgancha turardi. Ularning yoniga yaqinlashib, astagina tomoq qirdim.

– Ha tomog‘ing teshilsin, – dedi xola menga orqa o‘girib o‘tirarkan. Xolaning kayfiyatidan vaziyat ancha jiddiy ekanini tushunib yeta boshladim…

Gapning indallosini aytganda, u dedik, bu dedik kampirsho dardini bilguncha naqd bir yarim soatni boy berdik. Janjalning asl sababi bunday: kechagi bayram uchun kampirsho alohida tayyorgarlik ko‘rgan va ajindan ming chiziq bo‘lgan yuz-qo‘llariga oro berib, soat o‘n ikkiga bong urishini kuta boshlagan. Biroq, Naim aka ancha yillardan buyon onasining sog‘ligi yomonligi va ularning tez toliqib qolishini inobatga olib, ziyofat oldi tinchlantiruvchi dorisini beradi. Buni qarangki, Kimsan xolaning kirtaygan ko‘zlari mudrab, xontaxta qoshida bolishga bosh qo‘yadi. Soat tungi ikkida uyg‘onib ketadi. Atrofga razm solsa hamma shirin uyquda, shohona dasturxon ham yo‘q. Shuncha tayyorgarlik va pardoz-andoz ham bir pul bo‘lgan. Mana, tong yorishib, qarg‘a “qaqillay” boshlabdiki, xolaning injiqligi tutib, Naim akaga sen sabab bayramni kutib ololmadim, eski yilning odami bo‘lib qoldim, deya o‘g‘lining girbonidan olayotgan ekan.

Voqeani eshitdim-u, o‘zimni kulgidan to‘xtata olmay qoldim. Qiziq, eski yilning odami ham bo‘ladimi, degan savol miyamda “gir-gir” aylanaverdi. Kimsan kampir menga uzoq tikilib turdi-yu, “ha, sadqai odam”, degancha shippagi bilan quvib soldi. Ortimga qaramay qochdim. Naqd bir oy shu voqeani eslab, yuzimdan tabassum arimadi…

Kimsan xola ketdimi, deysizmi?! Yo‘o‘-g‘eee, qayoqqa ketsin! Xolamiz kelgusi yangi yilni intizorlik bilan kutmoqda…

Isfandiyor BURGUTBOYEV,

Yana o‘qing:  Kim, qayerda, qanday kutib oladi?!

O‘zMU talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: