Olovrang tovuq yili bizga nimalarni va’da qilmoqda?!
Yana bir necha kunlardan so‘ng yangi 2017 yilni kutib olamiz. Sharq taqvimi bo‘yicha ushbu yil olovrang tovuq yili sanaladi.
Tovuq eng yorqin va juda kirishimli muchal sanaladi. U o‘ziga nisbatan bo‘lgan diqqat-e’tiborni xush ko‘radi, maqtovlar, rag‘batlar, xushomadlarga cho‘milish uning fe’l-atvoriga xos. Yana bu muchal egalari nozik didli, so‘zamol, sinchkov, sezgir, injiq, talabchan, hushyor, mas’uliyatli hisoblanadi. U buyruq berishni yaxshi ko‘radi, biroz qiziqqon, doimo nimani o‘ylasa, shuni ro‘y-rost gapiradi. Ba’zida bu sifatlar tovuq muchali vakillariga ziyon keltiradi. Ular muhabbat va biznes borasida juda omadli sanalishadi. O‘tkir aql-idrok va tirishqoqlik boshlagan ishlarini oson hal bo‘lishiga ko‘mak beradi. Ular o‘z fikrlarida qat’iy turishadi. Qolaversa, muchal vakillari o‘ta kuzatuvchan, topqir va bilimdon sanaladi. Agar kimdir uni mag‘lub qilish haqida o‘ylasa, u hech narsaga erisha olmaydi. Tovuq – mayda narsalarni ham tez sezib qoladi.
Tovuq – ajoyib ro‘zg‘or bekasi. Agar oilada shu muchalda tug‘ilganlar bo‘lsa, demak kelayotgan yil o‘sha oilada to‘kin-sochinlik hukmron bo‘ladi. Bu yilda rejalari va orzulari ezgulik, yaxshilik va ishonchga asoslangan haqiqatparvar va adolatli insonlarga omad kulib boqadi.
Salomatlik
Tovuq dangasalikni yoqtirmaydigan jonivor bo‘lgani uchun, bu yilda erta turish, jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish, shifokorlar bilan uchrashish, ko‘proq tabiat qo‘ynida sayr qilish va immunitetni mustahkamlashga jiddiy e’tibor qarating. “Erta-indin” kabi bahonalarni chetga surib, sog‘ligingiz haqida qayg‘uring. Unutmang, salomatlik sizning haqiqiy boyligingizdir.
2017 yil libosi qanday bo‘lishi kerak?
Shuni ta’kidlash joizki, kiyimlar hashamdor va ular turli bezaklarlar bilan bezalgan bo‘lishi kerak. Olovrang tovuq – yorqin va g‘ururli bo‘lgani uchun bayramga ham shunga monand libos tanlash ayni muddao sanaladi. Ko‘ylak organza, ipak, atlas, duxoba, parcha matosidan tikilgan bo‘lsa, ayni muddao. Olovrang tovuq zeb-ziynatni yaxshi ko‘radi. Yangi yil libosingiz qizil yoki shunga o‘xshash rang bo‘lgani ma’qul. Qizil, alvon, to‘q qizil, olov rang, to‘q sariq, qora, jigarrang, tillarang kabi ranglardan tikilgan liboslarni kiyish tavsiya etiladi.
Bayramda yaqinlaringizni xushnud eting
Bobo va buvijoninggiz uchun eng yaxshi sovg‘a bu ularga ko‘rsatgan e’tiboringizdir. Buvijoninggiz uchun issiq oyoq kiyimi, ro‘mol, oilaviy surat tasvirlangan yillik taqvim sovg‘a qilishingiz mumkin. Bobojoninggizga esa radio, qo‘l soati yoki oilaviy surat tushirilgan chashka hadya qilsangiz bo‘ladi.
Onajoningiz hayotingizdagi eng qadrli, aziz inson. U sizdan olgan har qanday sovg‘ani katta quvonch bilan qabul qiladi. Fotoalbom, atir yoxud ajoyib taqinchoq volidai muhtaramingizni shod etadi.
Ota uchun farzandining sog‘-omon bo‘lishidan ortiq sovg‘aning o‘zi yo‘q. Ammo hadya ulashib padari buzrukvoringizni xursand qilishga nima yetsin?! Otalar kutilmagan sovg‘alarni xush ko‘rishadi. Kitob, sevimli qo‘shiqlari yozilgan disk ular uchun haqiqiy tuhfa bo‘la oladi.
Ayolingizga ham sovg‘a olishni unutmang. Unutmang, ayol kishi ham yosh boladek, Yangi yilda sovg‘alar kutadi. Faqat zinhor uy-ro‘zg‘or buyumlari hadya qila ko‘rmang. Yaxshi atir, did bilan tanlangan taqinchoq ularni chin dildan xursand qiladi.
Agar turmush o‘rtog‘ingizning asosiy vaqti kompyuter oldida o‘tsa, unga yangi klaviatura yoki simsiz ishlovchi yangi “sichqoncha” sovg‘a qiling. Avtoulov egasiga mashinasini bezab turadigan biror aksessuar tanlang.
Yaqin do‘stlaringiz uchun ularning qiziqtshtdan kelib chiqib sovg‘a taqdim qilsangiz bo‘ladi. Qizlar uchun uning xohish-istagini inobatga olgan ma’qul, ya’ni pardoz-andoz vositalarini istalgan birini tanlashingiz mumkin.
Biz esa kirib kelayotgan 2017 yil yurtdoshlarimiz uchun baxtli va omadli kelishini tilaymiz!
Xurshida TOLIBJON qizi