Ona tabiat – tabiiy dorixona
Ma’lumki, odam va hayvonlarda uchraydigan kasalliklarni davolash va uning oldini olish maqsadida qo‘llaniladigan giyohlar dorivor o‘simliklar hisoblanadi.
Markaziy Osiyo hududida asrlar davomida o‘ziga xos tabobat shakllangan. Ming yillar davomida tabiblar shifobaxsh o‘simliklardan foydalanib, o‘z tajribalarini ajdodlardan avlodlarga meros qoldirishgan.
Hozirgi kunda dorivor o‘simliklarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bunga asosiy sabab uzoq vaqt davomida muntazam turli sun’iy dori vositalarini iste’mol qilish organizmda ko‘pgina salbiy o‘zgarishlarga olib kelishi va unda jiddiy asoratlar qoldirishi aniqlandi. Masalan, homilador ayollarda sun’iy uxlatuvchi dorilarni ko‘p qo‘llash, bolalarning turli nuqsonlar bilan tug‘ilishi yoki boshqa kuchli ta’sir etuvchi sintetik dori vositalari sababli saraton kasalligi kelib chiqishi ma’lum bo‘ldi.
Dorivor o‘simliklardan kasalliklarni davolash maqsadida qo‘llash uchun odatda ulardan ko‘pincha damlama, qaynatma va tindirma kabi preparatlar tayyorlanadi. Ularning aksariyatidan suv, turli darajadagi spirt va boshqa erituvchilar yordamida shifobaxsh mahsulotlar ajratib olinadi. Natijada biologik faol moddalar yig‘indisidan iborat tabiiy malham vujudga keladi. Har bir dorivor o‘simlik keng spektrdagi shifobaxshlik xususiyatga ega bo‘lib, uning tarkibini kimyoviy birikmalar va mikroelementlar belgilab beradi. Bir o‘simlikdan olingan fitopreparatlar bir paytning o‘zida ham og‘riqni qoldiruvchi, ham sedativ, ya’ni tinchlantiruvchi, ham kardiologik ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Dorivor o‘simliklar sintetik dorilarga qaraganda kam asorat qoldiradi. Ular kamdan-kam hollarda allergik reaksiyalar keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, mamlakatimizda dorivor o‘simliklar bizni o‘rab turgan tabiatda mavjud va uni yig‘ib olish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shu sababli ham bu kabi o‘simliklardan olinayotgan tabiiy preparatlarning soni yil sayin ko‘paymoqda. So‘nggi yillarda yangi va asorat qoldirmaydigan bezarar dorilar ishlab chiqarilmoqda.
O‘zbekiston hududida tabiiy holda 4 ming 500 ga yaqin o‘simliklar tarqalgan. Ularning 1 ming 200 ga yaqin turi dorivorlik xususiyatiga ega. Hozirgi paytda respublikamizda 112 turdagi dorivor giyohlar rasmiy tibbiyotda qo‘llanilmoqda. Ularning 80 foizini tabiiy holda o‘suvchi o‘simliklar tashkil etadi.
Farmatsevtika sanoati va aholini dorivor o‘simlik xomashyosiga bo‘lgan talabini qondirish va uning asosida zamonaviy dori-darmonlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 5 avgustdagi “Dorivor o‘simlikshunoslik va yangi dori vositalarini ishlab chiqarish korxonalarini tashkillashtirish uchun dorivor o‘simliklarni sanoat miqyosida plantatsiyalarini yaratish” va 2015 yil 20 yanvardagi “2015–2017 yillarda o‘rmon xo‘jaliklari tizimini rivojlantirish, dorivor va ozuqabop o‘simliklar xomashyosini yetishtirish, tayyorlash va qayta ishlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bayonnomalarining bandlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Hozirda respublikamizda xalq sog‘lig‘ini saqlash, turli kasalliklarning oldini olish, kelajak avlodni sog‘lom qilib voyaga yetkazish kabi dolzarb masalalarga katta e’tibor berilmoqda. Aholiga o‘z vaqtida va tez, yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishda xastalikni davolash va uning oldini olishning asosiy omillardan biri bo‘lmish asoratsiz ta’sir etuvchi shifobaxsh o‘simliklar hamda ulardan tayyorlanadigan dori vositalari haqida fuqarolarga keng tushuncha berish, ularni yetkazib berish uchun bor ichki imkoniyatlarni ishga solish zarur.
Zulxumor RASULOVA,
Toshkent davlat agrar universiteti 4-bosqich talabasi