MO’YQALAM JILOLARI

Ko'ngillarida bir olam orzular tug'yoni jo'sh urib, tong chog'i quyoshning zarrin nurlarida jilolangan munavvar olam qiyosini aks ettirishga intilayotgan ijodkor o'spirin tinmay izlanadi. Uning go'zallikka oshno nigohlari chor atrofga teran boqadi. Endigina tugatgan ishi qadim Xiva shahri minorlari surati tushirilgan laganni yana bir bor ko'zdan kechirar ekan, Zohidjon ba'zi joylarini mo'yqalam bilan to'g'irlab qo'ydi. Ertasi kuni Gurlan tumani “Yosh ijodkorlar saroyi”da rassomchilikning turli yo'nalishlari bo'yicha ko'rik-tanlov bo'lib o'tdi. Zohidjon kulolchilik bo'yicha qatnashib birinchi o'rinni egalladi va diplom bilan mukofotlandi.

Bu Zohidjonning 4-sinfda o'qib yurgan kezlaridagi ilk muvaffaqiyati edi. Bunda albatta uning ustozi rasm darsi o'qituvchisi Zulhumor Boltayevaning hissasi katta bo'ldi. Ustoz-pedagog Zohidjonning har bir chizgan rasmlariga ijobiy baho berar, uni har tomonlama qo'llab-quvvatlardi. Kelajakda rassom bo'lish orzusi ana shunday lahzalarda qalbiga jo bo'ldi.

Rassom bo'lish orzusidagi yigitcha Xorazm viloyatidagi “Tasviriy va amaliy san'at” litsey-internatining rang tasvir yo'nalishida akvarel bo'yoqlarida ishlash bo'yicha ilk saboqlarni oldi. Qator ko'rik-tanlovlarda ishtirok etib muvaffaqiyat qozondi.

2007-yilda poytaxtimizdagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Tasviriy san'at” fakultetining “Mahobatli rangtasvir” bo'limiga Davlat granti asosida o'qishga kirdi. Ustozlari Orif Muinov, Baxtiyor Obidov, Alisher Aliqulovlardan rassomchilikning realizm yo'nalishi – real hayotdagi voqealarni aks ettirish, “Manzara”, “Natyurmort” janrlarida ishlash, mahobatli rangtasvir, mozaika, vitraj, rospis-katta xajmdagi devoriy rasm sir-sinoatlarini qunt bilan o'rgana boshladi. O'z navbatida yosh rassom tomonidan yaratilgan ijod namunalari ustozlari tomonidan ijobiy baholandi.

Endilikda Zohidjon To'rayev har yili O'zbekiston Badiiy Akademiyasi ko'rgazmalar zalida o'tkaziladigan “Ustoz va shogird”, “Tabiat va rassom” deb nomlangan ko'rgazmalar namoyishida faol ishtirok etib kelmoqda. Uning “Xojikentda kuz”, “Jar”, “Lazgi” deb nomlangan suratlari ko'rgazmalar zalidan joy olib muxlislar e'tiboriga sazovor bo'lgan.

2011-yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlagach, u shu fakultetning “Dastgohli rangtasvir” bo'limi magistratura yo'nalishiga o'qishga qabul qilindi. Bugungi kunda u magistraturaning 2-bosqichida tahsil olmoqda. Ustozi Akmal Ikromjonovdan “Dastgohli rangtasvir” yo'nalishi sirlarini o'rganmoqda.

Zohidjon bugungi erishgan muvaffaqiyatlarida to'xtab qolmasdan kelajakda Bahodir Jalolov hamda Akmal Nur singari yetuk rassom bo'lishni qalbiga tuyib ijod qilmoqda. Biz bu iqtidorli yosh rassomga o'zi orzu qilganidek har yili O'zbekiston madaniyati va san'ati Forumi jamg'armasi tomonidan tashkil etiladigan “Bazaar – Art” ko'rgazmasida hamda Xalqaro ko'rgazmalarda qatnashib, mamlakatimizning go'zal manzaralari, milliy qadriyatlarimiz aks ettirilgan asarlari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etishini tilab qolamiz.

Яна ўқинг:  Quvonchlarim bir jahon

M.XO'JAMURODOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: