Chekishni tashlamoqchimisiz? Ishoning, bu qo‘lingizdan keladi
Kashandalik nafaqat ko‘pgina kasalliklar sababchisi, balki yana alohida xastalik – tamakiga qaramlik sifatida ham tavsiflanadi. Chekishni tashlash sog‘liq uchun juda ham muhimdir.
Shu bois, bu illatdan qutilishga harakat qilish uchun hech qachon kech bo‘lmaydi. Buni qanchalik tez amalga oshirsangiz, o‘pkangizni shuncha sog‘lom saqlab qolgan bo‘lasiz. Agar ushbu a’zoingiz zararlangan bo‘lsa ham siz chekishni tashlasangiz, uning “qarishi” sekinroq kechadi. Mazkur xastalikdan qutulishda sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya qilish juda muhimdir.
Tamaki chekish qanday kasalliklarga olib keladi?
Bu zararli odat o‘pkani jiddiy zararlaydi. O‘pka alveolalari va mayda bronxlar tamaki tufayli shikastlanadi. Kislorod yetishmasligi va bronxlardagi yallig‘lanish sababli kuchli, uzoq davom etuvchi xurujsimon yo‘tal kashandani bezovta qiladi. Natijada og‘ir surunkali o‘pka kasalligi rivojlanadi.
Chekish saratonni chaqiradi. Tamaki tutunida 3000dan ziyod kimyoviy zararli moddalar bo‘lib, ularning 60 tasi rakni keltirib chiqaradi.
Chekish halqum, og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach, me’da osti bezi, buyrak va qovuq saratoniga olib keladi.
Nima uchun chekishni tashlash zarur?
Chunki, bu sizning umringizni uzaytiradi. Chekish inson umrini 15-20 yilga qisqartiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra har yili 5 mln. nafar kashanda chekish sababli barvaqt dunyodan ko‘z yumadi.
Chekishdan xalos bo‘lish uchun nima qilish lozim?
Sizga besh xil oddiy usulni taklif qilamiz:
- Tamakidan voz kechish uchun alohida bir kunni belgilang. Uyda, ishda va mashinadagi barcha sigaret, kuldon, chaqmoqtosh (zajigalka)lardan xalos bo‘ling.
- Chekishdan o‘zingizni chalg‘itishga harakat qiling. Agar qattiq xumor sizni tark etmasa, kim bilandir gaplashishga yoki yoqimli biron bir ish bilan shug‘ullanishga harakat qiling.
Birinchi kunlari odatiy kun tartibingizni o‘zgartiring: masalan, ishga boshqa yo‘l bilan boring. Nonushta, tushlik vaqti va joyini o‘zgartiring.
Alkogolli ichimliklarni ichmang. Agar siz qahva ichishga odatlangan bo‘lsangiz, uni choy bilan almashtiring.
Ruhiy zo‘riqish (stress)ni kamaytirish uchun issiq vanna qabul qiling. Jismonan faol bo‘ling, kitob o‘qing. Psixolog bilan suhbat quring. Ko‘proq toza havoda sayr qiling yoki biror sport turi bilan shug‘ullanishga harakat qiling.
Tez-tez gazsiz mineral suv va meva-sabzavotlarning sharbatini iching.
Hisoblab ko‘ring, chekishni tashlaganingizdan beri qancha pul tejab qoldingiz. Tejalgan mablag‘ga o‘zingizga sovg‘a oling.
- Tamakiga tobelikdan qutulish uchun shifokor-narkologga murojaat qiling. Qaramlikdan qutulishning turli usullari mavjud bo‘lib, faqat mutaxassis shifokorgina qaysi usul sizga to‘g‘ri kelishini hal qiladi. Anor, uzum, qizil lavlagili salat qonni tozalaydi. Sut va qatiq mahsulotlari organizmdan toksin (zahar)larni chiqarib tashlaydi.
- Qiyinchilik va xumorga qarshi kurashing. Agar sizda xumor kuzatilsa, ruhingizni tushirmang. Bunday uzilishlar dastlabki 3 oy ichida bo‘lishi mumkin. Yodda tuting: ko‘pchilik insonlar chekishni bir necha marotaba tashlashga harakat qilganlaridan keyingina maqsadlariga erishganlar. Shu sababli, bo‘shashmang. Siz ham buning uddasidan chiqasiz!
- Yaqinlaringiz ko‘magiga ishoning. Tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, oila a’zolaringiz ko‘magi sizga katta yordam beradi. Do‘stlaringiz, hamkasblaringizga chekishni tashlamoqchi ekaningizni ayting. Ulardan sizni qo‘llashlarini so‘rang, oldingizda chekmasliklarini iltimos qiling. Hatto, sizning oldingizda tamaki qoldig‘ini ham tashlashmasin.
Chekishni tashlash oson emas, lekin siz buning uddasidan chiqasiz!
Aziza ShIRINOVA,
Salomatlik va tibbiy statistika instituti tashkiliy-uslubiy bo‘lim mudiri