Quyon go‘shtining foydasi: uni diyetologlar juda qadrlashadi

Quyonlar tez yetiluvchanligi, jadal o‘sishi bilan boshqa jonivorlardan alohida ajralib turadi. Masalan, buzoqchaning vazni 47-kunga kelib ikki barobarga ortsa, quyoncha 6-kunning o‘zidayoq, xuddi shuncha vazn yig‘adi. Bir oyda esa bu ko‘rsatkich o‘n barobarga yetadi.

Bunday jadal yetiluvchanlikka sabab, quyon sutining yuqori ozuqaviy qiymatga ega ekanligidir. Tarkibi va foydali xususiyatlari jihatidan bu jonzotning go‘shti boshqa barcha go‘sht turlaridan ustun turadi. Inson uchun 4-5 oylik quyonlarning go‘shti eng foydali hisoblanadi.

Ushbu ozuqa tarkibida to‘laqonli yengil hazm bo‘luvchi oqsil, yog‘, vitamin va mineral moddalar bor. Shuningdek, uning tarkibidagi oqsil barcha almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalarga, yog‘i esa to‘yinmagan yog‘ kislotalarga boy. Quyon go‘shtida RR, S, V1, V6, V12 vitaminlar, makro va mikroelementlardan temir, fosfor, kobalt, ftor, magniy, kaliy, marganets, rux va boshqa moddalar mavjud.

Mazkur hayvonning go‘shti mol, buzoq, qo‘y va tovuq go‘shtlariga nisbatan foydaliroq hisoblanib, inson tanasida 90 foizgacha o‘zlashtiriladi. Pushti rangli, yumshoq, zich, yog‘siz, nozik mushak tolalarga ega bo‘lib, ichki yog‘ bilan aralashib ketmaydi.

Xalq tabobatida quyonning yog‘i ham ko‘pgina kasalliklarni davolashda, kosmetologiyada go‘zallik vositalarining gipoallergik asosini yaratishda, shuningdek, farmatsevtika sanoatida ham keng qo‘llaniladi.

Bu parhezbop yemak me’dada oson hazm bo‘lib, yaxshi o‘zlashtiriladi. Tanada moddalar almashinuvini yaxshilaydi, ayniqsa, ateroskleroz rivojlanishining oldini oladi. U bolalar, keksalar, homilador va emizikli ayollar, og‘ir xastalikni boshidan kechirgan insonlar, yuqori jismoniy yuklama bilan ishlovchilar va sportchilarga juda ham foydali ozuqa hisoblanadi. Uni diyetologlar yurak-qon tomir tizimi xastaliklarida, qandli diabet, gipertoniya, jigar, buyrak, o‘t yo‘li va ayrim me’da-ichak tizimi kasalliklarida tavsiya etadilar. O‘sma kasalligi bor bemorlar va ekologik jihatdan noqulay hududlarda yashovchi insonlarga ayniqsa, bu go‘sht juda ham foydalidir. Shuningdek, ushbu ozuqa allergiyaga moyil insonlar uchun ham tavsiya etiladi.

 

Parhezshunoslikda parhez mahsuloti sifatida quyon go‘shti birinchi o‘rinni egallaydi. Uni muntazam iste’mol qilish teri va shilliq qavatlarning holatiga ijobiy ta’sir etadi.

 

Yengil hazm bo‘lishi sababli ortiqcha vaznga ega insonlar uchun ham ushbu mahsulot juda yaxshi va maqbul yemish hisoblanadi. Quyon go‘shti oz miqdorda bo‘lsa ham purin moddasini saqlashi sababli podagra (moddalar (purin) almashinuvi buzilishi sababli bo‘g‘imlarning yallig‘lanishi) xastaligida iste’mol qilish mumkin emas. U sovutgichda 3-4 kun, muzlatkichda esa yarim yil davomida saqlanishi mumkin.

Yana o‘qing:  MARJON TISHLAR JILOSI

Quyon go‘shti ko‘pincha qovurib, dimlab, ayrim vaqtlarda qaynatib, dudlab yoki tuzlab iste’mol qilinadi. Ovqat tayyorlash jarayonida u to‘yimlilik va mazali xususiyatlarini saqlab qoladi. Quyon go‘shti inson organizmiga foydali tomonlari ko‘pligini hisobga olib, uni turli garnirlar bilan jumladan, turfa xildagi sabzavotlar, mevalar, dukkakli mahsulotlar, yormalar va ko‘katlar qo‘shib, tayyorlash mumkin.

 

Nasiba AKRAMOVA,

Salomatlik va tibbiy statistika instituti xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: