Mastopatiya: bu dardga e’tiborsizlik ko‘krak saratonini keltirib chiqaradi
Mastopatiya – ayollarda uchraydigan ko‘krak bezi kasalliklarining asosiy kismini tashkil qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra jahonda har o‘n nafar ayolning 8-9 nafarida mastopatiya alomatlari kuzatilar ekan.
Xo‘sh, nega deyarli 90 foiz ayollar ushbu xastalikka chalinadi? Buning sababi nima?
Chunki, bu kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar juda ko‘p va ular deyarli barcha ayollarga tegishlidir. Masalan, jinsiy a’zolardagi surunkali yoki o‘tkir yallig‘lanish jarayonlari, qalqonsimon bez kasalliklari, ruhiy zo‘riqish (stress) holatlari, jigar-o‘t pufagi kasalliklari, gormonal buzilishlar mastopatiyani rivojlantiruvchi asosiy omillar hisoblanadi.
Ushbu kasallikning belgilari qanday namoyon bo‘ladi?
Aytish kerakki, xastalikning dastlabki belgisi hayzdan oldin ko‘kraklarda shish va og‘riq paydo bo‘lishidir. Kasallikning boshlang‘ich bosqichida bu belgilar hayzdan 3-4 kun avval, xastalik rivojlangan sari bir hafta-o‘n kun avval paydo bo‘ladi. Agar ayol kishi organizmidagi bunday o‘zgarishlarga bee’tibor bo‘lsa, o‘z vaqtida davolanmasa, unday holda ko‘kraklar doimo shishgan holda bo‘ladi va ayolni og‘riqlar muntazam ravishda bezovta qiladi. Ba’zi paytlarda og‘riqlar yelkaga, qo‘llarga, qo‘ltiq ostiga o‘tishi mumkin. Kasallik ana shu taxlit rivojlanib boradi va ko‘kraklarda turli xil tugun yoki kista paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu sababli ayol kishi ko‘kragida biror o‘zgarish sezsa, darhol mutaxassisga murojaat etishi darkor. Shifokor bemorni ko‘rgandan so‘ng instrumental tekshiruv usullarini o‘tkazadi. Tekshiruvning eng keng tarqalgan va to‘liq ma’lumot beruvchi turlari bu ultratovush va mammografiya usulidir. Tug‘ruq yoshida bo‘lgan ayollar va qizlarga ultratovush usuli qo‘llaniladi. Agar ayolning yoshi 40 dan oshgan bo‘lsa, mammografiya tekshiruv usuli o‘tkaziladi.
Mammografiya – ko‘krak bezlarini rentgen nurlari yordamida tekshirish usuli hisoblanadi. Hozirgi kunda butun dunyoda ushbu tekshiruv turi ko‘krak bezi saratonini erta bosqichda aniqlovchi eng yaxshi usul sanaladi.
Shu sababli ham 40 yoshdan oshgan barcha ayollar profilaktika nuqtai nazaridan bir yilda bir marotaba mammografiya tekshiruvidan o‘tib turishlari lozim.
Qanday qilib mastopatiya kasalligini davolash va unga qarshi profilaktik choralar ko‘rish mumkin?
Profilaktik choralardan eng muhimi bu ko‘krak bezlarini mustaqil tarzda tekshirishdir. Har bir ayol bir oyda bir marta o‘z ko‘kraklarini mustaqil tarzda paypaslab, ko‘zdan kechirib turishi lozim. Agar ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lsa, tekshiruv undan keyin o‘tkaziladi. Mabodo klimaks davrida bo‘lsa, har oyning bir o‘n kunini belgilab olib, ana shu sanalarda tekshiruv o‘tkazishi kerak.
Tekshiruv oyna oldida tik turgan holatda o‘tkaziladi. Avval bemor bir ko‘kragini, keyin ikkinchisini galma-galdan soat millari yo‘nalishida shoshmasdan paypaslab chiqadi. Agar ayol o‘zida biror o‘zgarish sezadigan bo‘lsa, darhol mutaxassis-mammologga murojaat etishi lozim.
Shifokor bemorni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazganidan so‘ng, davolash muolajalarini boshlaydi. Kasallik qancha erta aniqlansa va barvaqt davolash choralari ko‘rilsa, natija shuncha yaxshi bo‘ladi.
Agar bemorga mastopatiya tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, u doimiy tarzda mutaxassis nazoratida bo‘lishi hamda vaqtida kerakli tekshiruvlardan o‘tib turishi lozim.
Dilobar MIRRAHIMOVA,
tibbiyot fanlari doktori