Sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir
Xalqimiz buguni va ertasini farzandi kamolida ko‘radi. Mamlakatimizda sog‘lom hamda barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga mustaqilligimizning ilk yillaridan boshlab alohida ahamiyat qaratib kelinadi. Yurtimizda olib borilayotgan barcha ezgu ishlar zamirida aynan barkamol avlod orzusi mustahkam o‘rin egallagani bejiz emas.
O‘tgan yillar mobaynida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dasturlar asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilishi natijasida – Skrining va Perinatal kabi yangi tibbiy markazlar va ularning viloyatlardagi filiallari milliy tibbiyotimizdan mustahkam o‘rin egalladi. Barcha skrining markazlari mutaxassislari O‘zbekistonda shu paytgacha erta muddatlarda tashxis qo‘yilmagan va davolanmagan turli kasalliklarga tashxis qo‘yish hamda ularning oldini olish bo‘yicha yangi usullarni o‘zlashtirmoqda.
Bundan tashqari ayni paytda yurtimizda respublika ixtisoslashtirilgan Akusherlik va ginekologiya, Pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hamda hududiy ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot muassasalari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Avvallari homilador ayollar o‘z salomatligini to‘la-to‘kis tekshiruvdan o‘tkazish uchun poytaxtga kelgan bo‘lsa, endilikda respublikamizning barcha viloyatlarida skrining markazlari mavjud bo‘lib, u yerda ko‘plab ayollar homiladorlikning 12 va 14-20 haftasida tekshiruvlardan o‘tishmoqda. Perinatal markazlarida esa homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini asrashga katta e’tibor qaratilib, homiladorlik davrida muayyan bir xastalik bilan og‘rigan, muddatidan avval tug‘ruq xavfi mavjud bo‘lgan onalar hamda erta tug‘ilgan chaqaloqlar parvarishlanmoqda. Ayni chog‘da bir kilogramdan kam vaznda tug‘ilgan jajji go‘daklar butkul sog‘lomlashtirilayotgani, baxtiyor oilalar safini kengaytirmoqda. Vaholanki, bundan 20-25 yil oldin tibbiyotimizdagi sharoitlar talab darajasida bo‘lmagani tufayli hatto 1,5 kilogramm atrofida tug‘ilgan bolalarning ham yashab ketishiga ishonchsizlik bilan qaralardi. Shuni ham aytib o‘tish joizki, hozirgi kunda bolalarni o‘n uchta xavfli kasallikka qarshi rejali emlash yanada izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida o‘tgan yillar davomida yurtimizda onalar va go‘daklar o‘limi 3 barobardan ko‘proq kamaydi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 7,5 yilga uzaydi. Albatta, ushbu hayotiy misollar biz tanlagan sog‘liqni saqlash modeli qanchalik to‘g‘ri va samaradorliligini yaqqol tasdiqlab turibdi.
Bolalar orasida tug‘ma va orttirilgan eshitish zaifligi degan kasallik bo‘lib, murg‘ak qalb egalari ushbu nuqson tufayli bu dunyoning bebaho ne’matlaridan biri – eshitish qobiliyatidan mahrum bo‘lib qoladilar. Bunday xastaliklar bugungi kunda sanoqli davlatlardagina davolanadi. 2014 yildan boshlab, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida eshitish zaifligi bo‘lgan bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyasi yo‘lga qo‘yildi.
“Sog‘lom ona va bola yili”da tibbiyot muassasalari, xususan, Perinatal va Skrining markazlarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish, patronaj tibbiyot hamshiralarini ko‘paytirish, akusher-ginekologlar va pediatrlar malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Bu borada 280 o‘rinli va yilda 1 ming 500 operatsiya o‘tkazishga mo‘ljallangan hamda zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan 4-darajali bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi barpo etish alohida ahamiyatga egadir. Bu o‘z navbatida, onalar va bolalarga yuqori texnologiyali malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, chaqaloqlik davridan 18 yoshga to‘lguniga qadar bolalarga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, urologiya, nefrologiya, onkologiya va boshqa ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash, bolalar o‘limi va nogironligini kamaytirish imkonini beradi.
Joriy yil 38 ta tuman tibbiyot birlashmasining bo‘limlari va tug‘ruq majmualarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash, 11 ta oilaviy poliklinika hamda 244 ta qishloq vrachlik punktini kapital va joriy ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkaziladi.
Bundan tashqari Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazining 100 o‘ringa mo‘ljallangan davolash-tashxis qo‘yish korpusini qurish va jihozlash, Xorazm viloyatidagi bolalar silga qarshi sanatoriyasini rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimidagi ilmiy maktablar negizida 10 ta ixtisoslashtirilgan respublika tibbiy markazi tashkil etildi. Ular xirurgiya, urologiya, kardiologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, akusherlik va ginekologiya, pediatriya, terapiya, tibbiy reablitatsiya, dermatologiya hamda venerologiya, ftiziatriya va pulmonologiya hamda endokrinologiya kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz bolalarining 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. Respublikamizda amalga oshirilayotgan onalar hamda bolalar salomatligini muhofaza qilish milliy modeli Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishning samarali strategiyalaridan biri sifatida dunyoda o‘z e’tirofini topayotganligi ham bejiz emas. Keyingi besh yil mobaynida nonormal rivojlangan bolalar tug‘ilishi 1,3 barobar kamaydi. 6-15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan kasallanish 9,7 foiz, pnevmoniya (zotiljam) bilan 49,1foiz, bronxit bilan 32,8 foiz, skolioz bilan kasallanish 32,7 foizga kamaydi.
Aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar ko‘lami yanada yil sayin kengayib boraveradi. Zotan, bu insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning manfaati, turmushining obodligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilish mamlakatimizda doimiy e’tibor markazidagi asosiy masalalardan bo‘lib qoladi, deganidir. Zero, sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.
Charos XUSHVAQTOVA,
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbirlari