Zamonaning salohiyatli yoshlari

So‘nggi yillarda fan-texnika sohasi misli ko‘rilmagan darajada taraqqiy etdi. Bu jarayonda mamlakali mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish, oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish muhim masalaga aylandi. Mamlakatimizning Birinchi

Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan oliy ta’lim sifatiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga mos Turin politexnika universitetining tashkil etilishi soha rivojida ulug‘vor qadam bo‘ldi.

2009 yilning oktyabrida ushbu ilm maskani ilk bor 200 nafar talabani “Avtomobil injiniringi”, “Mashinasozlik texnologiyasi”, “Energetika”, “Sanoat qurilishi”, “Arxitektura va sanoat dizayni” va “Sanoatda ABT va informatsion texnologiyalari” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul qildi.

Albatta, ezgu niyatni ro‘yobga chiqarish uchun uzoq Italiyadagi Turin politexnika universiteti tanlangani bejiz emas. Boisi, mazkur ilm maskani dunyo miqyosida o‘ziga xos mavqe va nufuzga ega oliy ta’lim dargohlaridan sanaladi. Reyting jihatidan ushbu universitet Italiyada birinchi, Yevropada esa yettinchi o‘rinda turadi. Diqqatga sazovor yana bir jihati, universitet nazariy bilimlar bilan amaliy tajribalarni o‘zaro uyg‘unlashtirish borasida ham boy tajriba to‘plagan.

Uning huzurida “Fiat”, “General Motors”, “Alltalia”, singari dunyoga mashhur yirik korporatsiyalarning texnoparklari mavjud. Muassasadagi o‘qitish ishlari O‘zbekiston Respublikasining davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda Italiya universiteti o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim jarayonida yurtimizning ilg‘or yoshlari yuqorida nomlari qayd etilgan korporatsiyalarning tajribalari, ishlanmalari va yutuqlari bilan izchil tanishib boradilar. Shuningdek, sanoatning yuqori texnologiyali boshqa tarmoqlari va dizayn sohasiga oid bilimlarni ham chuqur egallaydilar.

Hozirda universitetda talabalar ta’limning mashinasozlik texnologiyalari, elektrotexnika, energetika, sanoat-xo‘jalik qurilishi va arxitektura, sanoat-axborot texnologiyalari va boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimi yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda. Masalan, mashinasozlik sohasida o‘qiyotgan talabalar avtomatika, gidravlika va pnevmotikaga doir yangi texnologiyalarga tayangan holda metall quyish, ularga sovuq holida ishlov berish, preslash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish tizimlarini loyihalashtirish, yaratish va boshqarish, ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan asbob-uskunalarni ta’mirlash va sozlash, konstruksiyalar va detallar pishiqligi-yu chidamliligini o‘lchash sir-asrorlarini o‘rganmoqdalar.

Qolaversa, sanoatda axborot texnologiyalari va boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimi yo‘nalishiga qiziquvchilar raqamli dasturiy boshqaruv jihozlarining barcha turlarini loyihalashtirish va sozlash usullari bilan ham tanishmoqda. Energetika va sanoat xo‘jalik qurilishi hamda arxitektura sohasining bo‘lg‘usi mutaxassislari esa turli inshootlarni loyihalashtirish va modellashtirish, ularning zilzilaga bardoshliligini belgilash usullaridan boxabar bo‘layotir.

Yana o‘qing:  Ot – yigitga qanot

Eng muhimi, talabalar nazariy bilimlarini shu yerning o‘zidayoq sinovdan o‘tkazish, egallayotgan ixtisosliklari bo‘yicha amaliy ko‘nikma va tajriba orttirish imkoniyatiga egalar. Ayni maqsadda universitet qoshida maxsus laboratoriya va texnoparklar tashkil etilgan. Ular xorijdan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi kompyuterlar, lazerli skaner, printer, seysmologik sinov qurilmasi, dvigatel konstruksiyalari va texnologiyalarning detallariyu inshootlarini loyihalashtirishda qo‘llaniladigan universal robot, zamonaviy tokarlik va frezerlik dastgohlari, raqamli planshet kabi asbob-uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan. Mashinasozlikka daxldor texnologik chizmalar esa Asakadagi avtomobil va Toshkentda qad rostlagan “GM Pauertreyn-O‘zbekiston” motor zavodi sexlarinikidan sira qolishmaydi. Bu esa universitetda o‘quv, amaliy ta’lim va ilmiy faoliyat ishlab chiqarish bilan aloqani mustahkamlashga qaratilganidan dalolat beradi.

Qolaversa, ta’lim dargohidagi barcha mashg‘ulotlar ingliz tilida olib boriladi. Talabalar o‘zbekistonlik o‘qituvchilar hamda Italiyadagi Turin politexnika universitetning yetakchi mutaxassislaridan saboq olishadi. O‘qishni tamomlagach, ular mazkur ilm dargohining belgilangan namunadagi diplomiga ega bo‘ladilar. U O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladi. Bitiruvchilar yo‘llanma bo‘yicha “SamAvto”, “MAN Avto-O‘zbekiston”, “GM Pauertreyn-O‘zbekiston”, “Toshkent traktor zavodi”, “Texnolog” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari hamda loyihalash institutlariga ishga yuboriladi.

Sir emaski, ta’lim samaradorligi bevosita o‘qitish tizimi va pedagoglar salohiyatiga bevosita bog‘liq. Ana shu jihatlarni e’tiborga olgan holda universitetda o‘qituvchilar malakasiga ham alohida e’tibor qaratilib, ilk bor 2010 yilda uch nafar o‘qituvchi “PhD” dasturi bo‘yicha Italiyaning Turin politexnika universitetiga o‘qishga yuborildi. Keyinchalik ushbu universitetga qo‘shimcha ravishda 6 nafar, Yevropa va Osiyoning boshqa ilg‘or universitetlarida 4 nafar o‘qituvchi malaka oshirib qaytdi. Xuddi shu yili ta’lim dargohi huzurida aniq fanlarga va ingliz tilini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan akademik litsey tashkil etildi. Natijada yurtimizda ushbu yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlashning mukammal tizimi yaratildi.

 

Yana bir e’tiborli jihati, universitetda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quv markazlari tashkil etilgan bo‘lib, unda talabalar ilmiy izlanishlar olib boradi.

 

Jumladan, “HEXAGON Metrology” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarish korxonalari uchun metrologik va servis xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan Metrologiya markazi tashkil etilgan. Markazda detallarning geometrik parametrlarini 2.5 mikron aniqlikda (ISO: 1101 talablari asosida uzunligi, eni, qalinligi, tekisligi, parallelligi, perpendikulyarligi va h. k) o‘lchashga mo‘ljallangan statsionar koordinatli-o‘lchov mashinasi o‘rnatilgan. Shuningdek, Yaponiyaning “JICA” xalqaro tashkiloti moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi natijasida universitet qoshida Yevropaning metalni teshish va yo‘nish jihozlari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik tashkilotlaridan biri “GUHRING” kompaniyasi bilan hamkorlikda metalga qayta ishlov beradigan hamda mexanizator va texnik mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha “CLAAS”, “NX Unigraphics”, “Siemens” kompaniyalarining o‘quv markazilari tashkil etildi. Ayni paytda bu yerda talabalar nazariy bilimlarini amaliyotga keng tatbiq etish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.

Yana o‘qing:  Qo‘hna kandakorlikning yangi hayoti

Shuningdek, oliygohda avtomatizatsiya texnika tizimiga o‘qitish va innovatsion loyihalar ishlab chiqishga qaratilgan “Mexatronika” markazi ham faoliyat olib boradi. Ushbu markaz mashinasozlik, tog‘-kon, neft-kimyo sohasining ishlab chiqarish korxonalari bilan ularning texnik bazasini yaxshilash va mukammalashtirish borasida ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

– Mazkur mexatronika va robota texnika markazi O‘zbekistonda yagona bo‘lib, bu yerda universitet talabalari olgan nazariy bilimlarini maxsus laboratoriyalarda amaliyotga tatbiq etish imkoniga ega bo‘ladi, – deydi Turin politexnika universiteti Mexatronika markazi injeneri Ilhom Mamayunusov. – Laboratoriyalar “Xesta” kompaniyasi (Germaniya)ning zamonaviy texnik uskunalari bilan jihozlangan. Ushbu kursni bitirgandan keyin talabalar ishlab chiqarish jarayonida o‘z faoliyatini to‘liq amalga oshira oladi. Ular o‘zlari mustaqil ravishda modellarni yasashlari mumkin. Qolaversa, universitetda har yili talabalar o‘rtasida an’anaviy “Yosh robotatexnik” ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Unda faol ishtirok etgan iqtidorli talabalar tanlab olinib, aytib o‘tilgan kurslar bo‘yicha o‘qitiladi.

Ana shunday iqtidorli yoshlardan biri Bekmurod Karimov boshchiligidagi bir qator talabalar tomonidan yaratilgan seysmoplatforma loyihasi binolarni Rixter shkalasi bo‘yicha necha balgacha chidamliligini aniqlab beradi. Ushbu ixtiro qurilish tashkilotlari uchun mo‘ljallangan. Aynan mana shu sohaning rivojlanishi uchun 2015–2016 o‘quv yilida universitetda “Mexatronika” va “Mashinasozlik texnologiyasi” yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura bo‘limi ochildi.

Universitetning 7 yillik faoliyatini sarhisob qilib, shuni aytish mumkinki, o‘tgan vaqt mobaynida ta’lim maskanining bakalavar va magistratura bosqichiga 1175 nafar talaba qabul qilindi. Qolaversa, 15 nafar magistr Italiyaning Turin politexnika universitetini muvafaqqiyatli tamomlab qaytdi. 13 nafar mustaqil izlanuvchi esa “PhD” unvoniga sazovor bo‘ldi. Bitiruvchilar “O‘zavtosanoat”, “O‘zbekenergo” kompaniyalari, “NKMK”, “OKMK” korxonlari, qurilish va axborot texnologiyalari tizimida ish bilan ta’minlangan.

 

Shuningdek, bu yerda faoliyat yuritayotgan muhandislar tomonidan 2 292 mln. so‘mlik 17 ta innovatsion, 7 ta fundamental va amaliy loyihalar amalga oshirildi. Ayni kungacha 6 ilmiy kashfiyotga patent olindi.

 

Hozirda Germaniyaning Shtutgart, Osnabryuk va Xoxanxaym texnik universitetlari, Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti, Texnika universiteti, shuningdek, Inxa va Xanyan universitetlari, Yaponiyaning Gifu kolleji bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Ushbu nufuzli oliygoh 2015 yil dekabr oyida O‘zbekiston texnika oliygohlari o‘rtasida birinchilardan bo‘lib ta’lim berish sohasida xalqaro sifat standarti ISO 9001:2008 sertifikatiga sazovor bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Arazchi bolalar. Maslahat, tanbeh berishga shoshilmang!

 

Mayna HASANOVA,

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbirlari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: