Xo‘shali qishlog‘ining xush odatlari

Ezgu so‘z, ezgu o‘y, ezgu amal ila o‘g‘lonini voyaga yetkazgan ota-ona Alpomishiga monand qizni saylaydi. Bunda yaqin qarindoshlari, tanish-bilishlar ham esh bo‘ladi.

Munosib Barchin topilganidan so‘ng sovchilik jarayoni boshlandi. O‘zga xonadonga otlanar ekan, erkak sovchining ko‘nglini allanechuk o‘ylar qurshab oldi. Ortidan ayoli xiyolgina eshikdan mo‘raladi-da ohista “bo‘ri bo‘ling” dedi.

 

OVNING BARORI

“Xo‘shali” qishlog‘ida yigitga munosib qiz topilgach, unikiga o‘g‘il tomondan erkaklar sovchi bo‘lib boradi. Qadimdan qo‘shnisinikiga sovchi kelganini odamlar uning uyi oldida begona ulov tez-tez paydo bo‘layotganidan bilishgan. Shunisi qiziqki, agar qiz tomon norozi bo‘lsa, mehmonning ulovini qo‘yib yuborgan. Bundan sovchi tomon qizning munosabatini bilib olgan va sira xafa bo‘lmagan. Odatni qarangki, o‘rtada insonning ko‘ngli ulug‘lanadi. Qiz tomon yigitdan kelgan vakilga dilidagini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuziga aytolmay, ana shu tarzda o‘z noroziligini ifoda etadi. Shuning uchun tashqariga chiqqan har bir erkak sovchi darhol darvoza ostonasida turgan ulovi tomon qaraydi. Belgilagan manzilda oti ul-bulni tamshanayotganini ko‘rgach, ko‘ngli biroz taskin topadi.

Shu tariqa savobli ish boshlanadi. Sovchi qiz tomonga yana bir-ikki qatnagach, qarindosh-urug‘lar bilan “to‘y soldi” marosimi o‘tkaziladi. “Non sindirish” marosimida erkak sovchi boshliq quda tomon kelin uyiga tashrif buyurishadi. Odatlarga ko‘ra bunday vaqtda erkak qudalarni qiz tomon yuzlariga un surtib, kutib olishadi. Buning zamirida kelayotgan mehmonlarning qadami qutlug‘, ikki tomonning yuzlari yorug‘, niyatlari oydin bo‘lsin, degan ma’no mujassam. Ayol qudalarni esa oynaga qaratib, shirinliklar bilan kutib olishgan. Uyga kirishgach esa dasturxonga dastlab shirin suv tortiladi. Niyatlar esa ana shu amallar bilan mushtarak.

 

VAKIL SO‘RASH

Bo‘lajak kelin xonadoni. Bugun bu yerda “Nikoh quyish” marosimi o‘tkazilmoqda. Bir uyda yigit imom boshchiligida o‘z yaqinlari bilan, ikkinchi uyda esa qiz o‘z qadrdonlari bilan o‘tiradi. Ikki uyning o‘rtasiga ikkita yosh bolani vakil qilib qo‘yishgan. Marosimgacha imom bo‘lajak kelinga kim “gung ota” bo‘lishini qizning ota-onasidan aniqlab oladi. “Qiz ota”, “Gung ota” asosan qizning tog‘asi bo‘lishi lozim. Ana shundan keyin vakil bolalarni qiz o‘tirgan uyga jo‘natishadi. Bolalar uyning eshigi yoniga borib, ichkaridagilarga qarab:

Yana o‘qing:  Izlagan imkon topadi

– Biz yigit tomondan imom qo‘ygan vakilmiz – deyishadi. Shunda qizning yonida o‘tirgan ota tomondan amma, ona tomondan xola vakillar ko‘chadagi bolalarga qarab:

– Ilhom senmisan? Vakillikka seni saylashdimi? Jo‘ralaringdan yana kimlar bor? – deydi.

Shu payt eshik orqasidan ovoz keladi.

– Suhrob, Murodilla…

– Xo‘sh, boshlanglar bo‘lmasa, vakillikni.

– Bo‘lajak kelin “Nikohi javobimdan vakilimni falonchi tog‘amga berdim”, deb aytsin ekan. Imom buva shunday deb tayinladi.

Amma qizga qarab, shu so‘zni takror qaytar deydi. Qizning hayosi ustunlik qilib, so‘z ochmaydi. Xola qizni sekin turtib qo‘yadi. Amma-xola esa vakil bolalarga yuzlanib:

– Agar qizni gapirtirishimizni xohlasanglar yigit tomondan nazirini olib kelinglar, – deydi.

Bu odat uch marotaba takrorlanadi. Nazir ko‘ngildagidek bo‘lgach, qiz vakil otasini saylaydi. Bu odat yakun topgach, qizning dugonalari kelinni “nikoh quyish” marosimiga tayyorlay boshlaydi. Sochlarini maydalab o‘rib, borgan joyida muloyim kelin bo‘lsin, deb ikki chakkasidagi o‘rim sochiga paxta qo‘shib o‘rishadi. Qat-qat ko‘ylak kiydirishadi. Ba’zan qizning dugonalari ayyorlik qilib, kelinni yigit chimildiqda ko‘targanda qo‘li toyib ketsin, deb kelin bolaga nafis, qo‘lga ilinmaydigan atlasdan libos kiydirishgan. Qat-qat ro‘mol o‘rashgan. So‘ngra, “yor-yor” sadolari ostida yigit o‘tirgan uyga olib borishadi. Shunday bo‘lsa-da, jismonan va ruhan baquvvat o‘zbek yigitlari kelinni dast ko‘tarishgan. Go‘zal naqshlar solingan chimildiqda momolarimiz boshchiligida yana ayrim urf-odatlar bo‘lib o‘tadi. Nihoyat, nikoh o‘qiladi.

 

KUYOVNING “NOZI”

“Nikoh quyish” marosimi o‘tgach, ertasi kuni kuyov kelinni olib ketish maqsadida yana kelin uyiga tashrif buyuradi. Shunda “To‘sh yeyar” marosimi boshlanadi. Dasturxon turli noz-ne’matlar, tansiq taomlar bilan bezatilgan. Uy to‘rida kuyov yuziga dastro‘mol tutgancha vazmin, salobat bilan o‘tiribdi. Uning yoniga qo‘y go‘shtining pishirilgan to‘sh qismi qo‘yilgan. Bundan ma’no shuki, kuyov oilasiga, ro‘zg‘origa bosh egsin degan maqsadda gavdaning egilishiga yordam beradigan to‘sh qismi qo‘yiladi. Kuyov yonida o‘tirgan jo‘ralardan biri unga go‘shtni yeyishga undaydi. U odob saqlaydi. Shunda o‘tirganlardan biri:

– Quda buva, kuyovingiz to‘shni yemayapti-ku, balki biron narsa kutayotgandir. Ha, bu ataganingiz bo‘lsa bering.

Shunda qaynota:

Yana o‘qing:  Emlash: inson hayotini asrashda uning ahamiyati

– Ha, shundaymi. Unday bo‘lsa, buzoqli sigir beraman, – deydi.

Kuyovning jo‘ralari:

– Ana, qaynotang berarini berdi, endi dasturxonga qara. Kuyov taomilga ko‘ra yana odob saqlaydi. Shundan so‘ng navbat qaynona-yu, kelin tomondan boshqa qarindosh-urug‘larga keladi. Kuyovga atagan in’omlarini berishadi. Nihoyat kuyov dasturxonga qaraydi. Shundan so‘nggina u to‘shni tanovul qiladi. Barcha udumlar tugagach, kuyov to‘lin oydek chiroy ochgan kelinni o‘z uyiga olib ketadi.

 

“YUZ OCHAR, KELIN SALOM”

Bugun “yuz ochar”. Bobo nabirasiga bir urinishda kelinning yuzini ochishga harakat qilgin, deya tayinlamoqda. Toy bola qo‘liga uchiga paxta o‘ralgan o‘qloqni ushlagancha mashq qilmoqda. Katta ro‘mol ostidan qistirilgan zarli ro‘molcha toy bolaga bir urinishda nasib qildi. U zar ro‘molchani beliga mahkam o‘ragancha, qo‘llarida shirinliklar bilan o‘rtoqlari yoniga yugurib chiqib ketadi. Endi navbat kelin salomga. Barcha yaqinlar salomdan so‘ng kelinga atagan hadyalarini berishadi. Qaynona alohida tayyorgarlik bilan bir qo‘lida supra, bir qo‘lida ikki issiq non bilan kelin bilan salomlashadi. Bundan ular bir-biriga mehrli, rizq-nasibali bo‘lsin, degan ma’no anglashilgan. Bundan tashqari qaynona bu odatdan ro‘zg‘orni, non yopishni bugundan boshlab kelinga topshirgani ham tushuniladi. Kelinning qo‘lini yog‘ga, unga botirish kabi urf-odatlarning o‘tkazilishi zamirida yangi oila bekasining qo‘li yog‘dan, ro‘zg‘ori qut-barakadan chiqmasin, degan niyat mujassam. Kelin o‘z ibosi va hayosi bilan go‘zal ko‘rinadi. Shuning uchun yangi kelinchak qaynona-qaynotasidan uyalib ancha vaqt katta ro‘mol ostida yuzini berkitib yuradi. O‘sha xonadonning boshqa vakillarini esa ismlari bilan chaqirish kelin uchun uyat hisoblanadi. Shuning uchun kelin bu vaziyatda asosan qaynuka, qaynsingillariga o‘zlariga yarashgan va biron-bir fazilatlariga mos boshqa ism bilan chaqirishadi.

 

Darhaqiqat, to‘yu tantanalar – milliy qadriyatlarimiz ulug‘lanadigan boqiy an’anadir.

 

Qiziqarlisi, respublikamizning barcha viloyatlarida urf-odatlar turlicha. Hatto, bir viloyatning o‘zida to‘y marosimlari turfa ko‘rinishda o‘tkaziladi. Nima bo‘lganda ham to‘ylar milliyligimizni o‘zida ifoda etadigan go‘zal qadriyatdir.

 

Oyjamol MUQIMOVA,

Qashqadaryo viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: