Orzulari osmon qiz
Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli chora-tadbirlar natijasida farzandlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda.
Yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tufayli ko‘plab o‘g‘il-qizlarimiz xalqaro maydonlarda ona Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, O‘zbekiston chinakam iste’dodlar mamlakati ekanini butun dunyoga ko‘rsatmoqda.
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 317-umumta’lim maktabining 4-sinfida tahsil olayotgan Zilola Jo‘rayeva ham yurtimizning iqtidorli yoshlaridan biri. Mana bir necha yildirki, u sportning karate, o‘zbek jang san’ati turlari bilan muntazam shug‘ullanib keladi. To‘rt karra O‘zbekiston chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan qizaloq, 2015 yil Buxoro va Samarqand shahrida karate bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi. Shuningdek, 2016 yil “Kamolot” YOIH tomonidan tashkil etilgan turnirda o‘zbek jang san’ati bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Zilolaning erishayotgan muvaffaqiyatlari yaqinlari, ustozlarini behad mamnun etmoqda.
– Farzandimda sportga bo‘lgan havas va qiziqish 4 yoshidayoq paydo bo‘lgan, – deydi onasi Kamola Jo‘rayeva. – Dastlab, uni sportning gimnastika turiga berishni niyat qilgan edim. Lekin sport maktabiga olib borganimda qizim karate bilan shug‘ullanayotgan bolalarga o‘zgacha havas bilan qarab turganini sezdim. O‘shanda “Zilola, sen ham ular bilan shug‘ullanishni istaysanmi? ” – deya so‘raganimda, u hech ikkilanmay “ha” deya javob bergandi. Shundan buyon qizim karatega oshno tutingan.
Istiqlol sharofati bilan yurtimizda bolalar sporti sohasida tub o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdiki, buning samarasini Zilola kabi umidli yoshlarimizning muvaffaqiyatlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Ishonamizki, uning kelajakdagi g‘alabalari ona yurtimiz nomini butun dunyoga tanitadi.
Charos XUSHVAQTOVA