Bolalar manfaatlarining huquqiy kafolati

Donishmand xalqimizning mehnat insonni ulug‘lashi to‘g‘risidagi bebaho hikmatlari ming yillar osha bizgacha yetib kelgan.

Bu, albatta, yurtimizda mehnat munosabatlariga qadim davrlardanoq alohida e’tibor qaratilganidan dalolat beradi. Istiqlol, o‘z navbatida, tarixan chuqur ildizga ega bo‘lgan ana shu munosabatlarni yangi, yanada yuksak darajada takomillashtirish imkonini berdi.

Mustaqillik yillarida sohada amalga oshirilgan salmoqli islohotlarda bolalar mehnati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunday oqilona siyosat xalqimizning nafaqat bugungi farovon va baxtiyor hayotini ta’minlashga, ayni chog‘da, yurtimizning yorug‘ kelajagiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, dunyo mamlakatlarida inson mehnatiga munosabat hamma vaqt ham birdek adolatli bo‘lmagan.

Albatta, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan adolatli mehnat shartlarini tashkil etish, mehnat bilan band bo‘lgan bolalar va katta yoshdagi xodimlarga qulayliklar yaratish yuzasidan zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Ayniqsa, XX asrning so‘nggi choragiga kelib, og‘ir mehnat sharoitlarida ishlayotgan bolalar sonining birmuncha ortgani jahon hamjamiyati hamda Xalqaro mehnat tashkilotining e’tiborini tortdi va bunday salbiy holatga barham berish yuzasidan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borildi. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti 1999 yil 17 iyunda “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risida”gi 182-Konvensiyani qabul qildi.

O‘zbekiston 2008 yilda “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini ta’qiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Ushbu masalaga yurtimizda istiqlolning ilk kunlaridanoq e’tibor qaratib kelinayotganini alohida qayd etish lozim.

Buning sababini shubhasiz, mustaqillik yillarida bolalar manfaatlari himoyasi, ular salomatligini muhofaza qilish, barkamol avlod tarbiyasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani bilan izohlash maqsadga muvofiq. Jumladan, BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi ratifikatsiya qilingandan so‘ng mamlakatimizda bola huquqlari hamda bolalar mehnatiga doir normativ-huquqiy hujjatlarning yaxlit tizimi yaratildi.

Bu borada, joriy yil 14 sentyabrda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilingani g‘oyatda muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu qonunda yoshlarni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilish alohida belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, 2008 yilda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda bolalar mehnatiga oid ustuvor qoidalar belgilandi. Xususan, ushbu huquqiy hujjatga asosan, har bir bola o‘zining yoshi, sog‘lig‘ining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega.

Yana o‘qing:  Mahalla instituti faoliyati takomillashmoqda

Qonunga ko‘ra yurtimizda ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi. Bunda bolalar o‘zlarining sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayoniga halal bermaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilinishi mumkin. Bundan tashqari qonunda davlat tomonidan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan ishlovchi shaxslarga ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa choralarni ko‘rish orqali bolaning mehnat qilish huquqi ta’minlanishi ham kafolatlangan.

Ayni vaqtda mamlakatimizda bolalar mehnati sohasida amalga oshirilayotgan oqilona islohotlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida tashkil qilingan O‘zbekiston Respublikasida bolalar mehnati masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengash samarali faoliyat olib bormoqda.

 

Dilafro‘z ZAYNIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: