Tarbiyachilarga rahmat
Farzandlarimiz 3-4 yoshdan boshlab, poytaxtimizdagi “Nihol” nomli 12-son maktabgacha ta’lim muassasasida malakali tarbiyachilar qo‘l ostida kamol topib kelmoqda. Ayniqsa, muassasaning eng tajribali tarbiyachilaridan biri Muqaddas Ahmedova jajji bolajonlarga bor mehrini berib, ularning yurish-turishi, salomatligi uchun doimo qayg‘uradi. Shu bilan birga, u o‘z hamkasblari uchun borini ayamaydigan oq ko‘ngil inson.
Muqaddas opa ish faoliyatini bundan 17 yil muqqadam boshlagan. Ushbu MTMni tashkil topishida uning hissasi juda katta. Ayni paytda mazkur maktabgacha ta’lim muasasasida 10 ta guruh faoliyat yuritadi. Bog‘cha binosi zamonaviy talablariga to‘la javob beradi. Har bir xona ertaknamo ko‘rinishda bezatilgan bo‘lib, yorug‘ va ozodaligi bolalarga ajoyib kayfiyat bag‘ishlaydi. Musiqa xonasidan esa doimo kichkintoylarning quvonchga to‘la kulgisi eshitilib turadi. Bu maskanda tarbiyalanayotgan bola borki, sevimli bu dargohda uzoq vaqt qolishni istaydi.
Shu fursatdan foydalanib, maktabgacha ta’lim muassasasining mehribon tarbiyachilari – Natalya Maloxovskaya, Xolida Alimova, Tatyana Nejivix, Muborak Alimova, Gulsara Muhammedova, Zarina Jahongirova, Yelena Arslonova, Eteriy Sevyan va Lyudmila Esonovalarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Ularga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, sharafli mehnatlarida esa omad va zafarlar tilaymiz!
Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanidagi “Nihol” nomli 12-son maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarining ota-onalari