“Taq, taq”, sizga maktub bor!

Yodimda, bolaligimda harbiy xizmatga ketgan amakimga xat yozardik. Kimning dilnomasi ma’noli, chiroyli bo‘lsa, ota-onamiz tomonidan taqdirlanardik yoki amakimni ko‘rgani borishga ruxsat tegardi. Akalarim bilan musobaqa uyushtirib, chiroyli va ma’noli xat yozishga urinardik.

Afsuski, ko‘ngil rozlarini sof va beg‘ubor holda yetkazib beruvchi maktublar bugungi kunga kelib odamlar orasida kamayib ketdi. Endilikda xatlarning elektron variantlari biz uchun qulaydek, go‘yo. Biroq, insonning o‘z qo‘li bilan yozgan ikki enlik maktubiga hech narsa teng kelolmaydi. Chunki, unga odamning butun his-tuyg‘ulari, mehr-muhabbati jo bo‘ladi. Shundan bo‘lsa kerak, xatlar millionlab insonlarning hayoti va xulq-atvorini yaxshi tomonga o‘zgartirishga turtki bo‘lgan.

Garchi, insonlar o‘rtasida xat yozish kamaygan bo‘lsa-da, biroq, pochta xizmati o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, pochta tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Qadimdan insonlar mahalliy hamda olisda sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish maqsadida choparlar xizmatidan foydalanishgan. Ular olib kelgan xabarlar esa og‘zaki, yozma yoki ramziy tarzda yozilar edi. Ramziy xabarlar maxfiy ma’lumotlarni yetkazishda, asosan harbiy maqsadlarda ishlatilgan. Bu kabi maktublarni yozish uchun erigan sham tomchilari yoki shunga o‘xshash vositalar zarur bo‘lgan.

Insoniyat tarixida choparlar dastlab piyoda, so‘ngra otdan foydalanishgan. Choparlardan tashqari kabutarlar ham xat tashuvchi vazifasini o‘tagan. Ular insonlarga qaraganda tezroq maktubni o‘z manziliga yetkazib bergan. Birinchi pochta xabarlari bundan qariyb 5000 yil muqaddam Messopatamiyada topilgan. Ular loydan yasalgan ko‘rinishda saqlanib qolingan. Dastlab maktublardan foydalanish oddiy aholining o‘zaro muloqoti uchun emas, balki harbiy maqsadlarda ishlatilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, xatlar xizmati Messopatamiyadan tashqari qadimgi Misr, Ossuriya, Vavilon va Persiyada ham keng tarqalgan.

 

Pochta markalari ilk bor 1840 yil Angliyada pochta xizmati sifatini yaxshilash maqsadida yaratilgan. Mutaxassislar markalar muallifi kim ekanligi haqida aniq to‘xtamga kelmagan.

 

Rasmiy ravishda esa tarixga ilk pochta markasi angliyalik Roulend Xill tomonidan kiritilgan. 3 yil ichida, ya’ni, 1840 yilning 6 mayida u unchalik ko‘p bo‘lmagan nusxada qora rangli to‘rtburchak shakldagi qirolicha Viktoriya surati tushirilgan markalarni ishlab chiqardi. Dastlab marka chetlarida “tishchalar” bo‘lmagan. Bu esa ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqargan. Kunlarning birida pochta ishchisi Genri Archer tikuv mashinasi yordamida markalarni bo‘lib chiqadi va buklab, ularni bir-biridan ajratadi. Keyinchalik esa aynan shu maqsadda taxtakach ninalar yaratiladi. Markalar uchun mo‘ljallangan perforator (teshishga mo‘ljallangan uskuna) mashinalar shu tariqa paydo bo‘lgan.

Yana o‘qing:  IQTISODIYOT TARMOQLARI – BARQARORLIK SARI ODIMLAR

Telegraf (1832), telefon (1876) va radio (1895)ning yaratilishi bilan millionlab insonlarning hayotida pochta aloqasi o‘zining muhim rolini yo‘qota boshladi. Ammo, tan olish kerak, ahamiyati jihatidan insonning o‘z qo‘li bilan yozgan, dilidan chiqqan eng qaynoq so‘zlar oqqa tushgach, har qanday yetkazilgan xabardan ustun turadi.

Har yili butun yer yuzida 9 oktyabr sanasi Butunjahon pochta kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu kun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, aynan shu sanada BMTning ixtisoslashtirilgan agentligi – Butunjahon pochta ittifoqi tashkil etilgan.

 

Mazkur tashkilot o‘z ichiga 192 ta mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, xalqaro pochta 6800 tilda muloqot olib boradi.

 

Bu tarmoq mahsulotlarni samarali va tejamli yetkazilishini ta’minlash, fikr almashinishi uchun mo‘ljallangandir. Pochta do‘stlar orasida uzoq masofalarda shaxsiy yozishmalar almashinishiga yordam beradi. Shuningdek, ushbu xizmat turli hududdagi firmalarga mijoz topish va ularning ehtiyojlariga mos ravishda ish olib borishga ko‘maklashadi.

Bugunga kelib Butunjahon pochta ittifoqi dunyodagi eng yirik tarmoqqa aylangan. 1994 yilning 24 fevralidan buyon O‘zbekiston Respublikasi ham ana shu nufuzli tashkilotning teng huquqli a’zosidir.

BPIning asosiy vazifalari butunjahon pochta xizmatlarini rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda pochta jo‘natmalarining o‘sishiga ko‘maklashish hamda mijozlarga ko‘rsatilayotgan pochta xizmatlari sifatini yanada yaxshilashdan iboratdir.

 

Mayna HASANOVA,

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: