O‘zbekiston salomatlik reytingida MDH mamlakatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi
“The Lancet” tibbiyot jurnali tomonidan salomatlik bilan bog‘liq barqaror rivojlanishning ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyo mamlakatlari reytingi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston tibbiyot, hayot va sog‘liq bilan bog‘liq barqaror rivojlanish indikatorlari bo‘yicha 188 mamlakat o‘rtasida 55-o‘rinni egalladi. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich sanaladi, – deb xabar bermoqda “Jahon” AA.
Islandiya, Singapur, Shvetsiya, Andorra va Buyuk Britaniya yuqori natijaga loyiq ko‘rilgan dastlabki kuchli beshlik davlatlaridir. MDH mamlakatlari orasida O‘zbekistondan keyin Turkmaniston (60-o‘rin), Ozarbayjon (75), Moldova (80), Qozog‘iston (85), Armaniston (86), Tojikiston (99), Qirg‘iziston (113), Ukraina (118), Rossiya (119) va Belarus (120) o‘rindan joy olgan.
Reyting noldan (eng yomon ko‘rsatkich) yuzgacha (eng yaxshi ko‘rsatkich) bo‘lgan muqoyasada 33 ko‘rsatkich bo‘yicha umumlashtirilgan baholar hisobga olingan holda tuzilgan. Mamlakatlar o‘rinlarini belgilashda nazarda tutilgan mezonlar orasida bolalar va chaqaloqlar o‘limi, yo‘l-transport hodisalaridagi o‘lim, bolalardagi ortiqcha vazn, alkogol va tamaki iste’moli darajasi, odam immuniteti tanqisligi virusi (VICH), sil va V gepatiti bilan kasallanish, o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari mavjud. Bundan tashqari ekspertlar zo‘ravonlik harakatlari va urushlardagi o‘lim holatlarini ham hisobga olishgan. Har bir mezon bo‘yicha hisoblar 1990–2015-yillar oralig‘idagi vaziyatlarning tahlili asosida chiqarildi.
Masalan, “Doyalar ishtirokidagi tug‘ruqlar” mezoni bo‘yicha O‘zbekiston maksimal darajadagi bahoni, “Kasalliklar tibbiy profilaktikasi darajasi” bo‘yicha – 93, “Havo ifloslanishi tufayli kasallikka chalinish” mezoni bo‘yicha – 89, “Oilani rejalashtirish va reproduktiv yosh” bo‘yicha – 84, “Chekish” va “Ichishga yaroqsiz suv iste’moli bilan bog‘liq kasalliklar” mezoni bo‘yicha 81 ballarni to‘pladi.
“The Lancet” ushbu reytingni tuzish uchun inobatga olgan ko‘rsatkichlar 2015-yil sentyabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga asoslangan. Ular 17 ta global maqsad (qashshoqlikni bartaraf etish, ochlikka barham berish, ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash va hokazo)ni, 169 ta vazifa hamda 230 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni o‘z ichiga olgan. BMT rejasi bo‘yicha 15 yil mobaynida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishilmog‘i lozim.
“The Lancet” jurnali tadqiqotining natijalari O‘zbekiston bo‘yicha boshqa nufuzli xalqaro institutlar tomonidan berilgan baholarni to‘la tasdiqlaydi. Shuni eslatib o‘tish o‘rinliki, O‘zbekiston jahondagi nufuzli tashkilot – “Save the children” (“Bolalarni asraylik”) xalqaro muassasasi tomonidan tuzilgan dunyo reytingida bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan eng ilg‘or o‘n mamlakat qatoridan joy olgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” reytingida 158 mamlakat orasida 44-o‘rinni, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida esa 1-o‘rinni egallagan.
X. HUSENOVA