Go‘sht va go‘sht mahsulotlari rastalarida: xaridor qay jihatlarga e’tibor qaratishi lozim?

Tarixga nazar tashlasak, insoniyat turli xavfli yuqumli xastaliklardan aziyat chekkan.

B unday kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarining 75 foizi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Jumladan, kasallangan hayvon go‘shti va go‘sht mahsulotlari iste’moli bu kabi xastalik­larning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Poytaxtimizdagi “Eski Jo‘va” dehqon bozori 2-son veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi mudiri, veterinar-shifokor Alisher AHMEDOV bilan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, ularning iste’molga yaroqliligi va uni sotib olishda xaridorlar asosan nimalarga e’tibor berishi lozimligi haqida suhbatlashdik:

– Alisher aka, dastlab, mushtariylarimizga veterinariya sohasining asosiy vazifalari nimalardan iborat ekanligi haqida qisqacha aytib o‘tsangiz.

– Tibbiyot sohasining yetakchi olimlaridan biri shunday degan edi: “Tibbiyot insonni davolasa, veterinariya insoniyatni asraydi”. Shundan kelib chiqib aytsak, veterinariyaning asosiy vazifalaridan biri aholini odam va hayvonlar uchun umumiy bo‘lgan kasallik­lardan muhofaza qilishdir.

Mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish, uning samarali faoliyat yuritishi uchun bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ulardan eng asosiysi, O‘zbekiston Respub­likasining “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunidir.

– So‘nggi yillarda sohada qanday islohotlar olib borildi?

– Mustaqillikdan so‘ng ushbu yo‘nalishda e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublikamizdagi barcha dehqon bozorlarida zamonaviy veterinariya laboratoriyalari tashkil qilinib, ular kerakli tibbiy anjomlar, jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Bu esa aholi o‘rtasida kuydirgi, brutsellyoz (oqsim) kabi xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Siz faoliyat yuritayotgan 2-son veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasining asosiy vazifalari nimalarda iborat?

– Jamoamizda 8 nafar xodim faoliyat olib boradi. Ularning asosiy vazifasi bozorga sotish uchun keltirilgan go‘sht va go‘sht mahsulotlarining iste’molga yaroqliligini o‘z vaqtida tekshirish va nazorat qilish hamda shu orqali aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olishdan iborat. Shuningdek, bozorga sotish uchun keltirilgan hayvonlar go‘shtini veterinariya ma’lumotnomasi asosida sotilishini ta’minlashdir.

– Mutaxassis sifatida aytingchi, go‘sht mahsulotlarining iste’molga yaroqliligini qanday aniqlash mumkin?

 

– Go‘sht sotuvga chiqarilishidan oldin undan namuna olinib, albatta, veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi tekshiruvidan o‘tkaziladi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, iste’molga yaroqli deb topilgan hayvon go‘shti belgilangan tartibda muhrlanib, unga veterinariya xulosasi beriladi. Mahsulotni iste’molga yaroqliligini tasdiqlovchi bu hujjat xaridorlar uchun ochiq ma’lumot bo‘lib xizmat qiladi. Sotuvchilar ushbu hujjat bilan iste’molchilarni tanishtirishga majburligi qonunlarda qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shu o‘rinda aytish kerakki, go‘shtning rangi, uning qanday sifatga ega ekanligini aniqlab bermaydi. Chunki, hayvonning yoshi, jinsiga qarab, go‘shtning rangi va holati turlicha ko‘rinishda bo‘ladi. Masalan, boqilgan yosh buqa go‘shti och qizil rangda va uning nimtasi tarang bo‘ladi.Sigir go‘shti qizil va yog‘lari sariq rangda, qari mol go‘shti esa so‘lg‘in va ozg‘in bo‘lib, rangi qizil tusda bo‘ladi.

– Go‘sht va go‘sht mahsulotlari laboratoriyada qanday tekshiruvlardan o‘tkaziladi?

Yana o‘qing:  “Aqlli bakteriyalar” yurak faoliyatini tez tiklay oladi

– Avvalo bunday mahsulotlarning veterinariya ma’lumotnomasi bo‘lishi shart. Keltirilgan go‘shtdan har kuni bozor hududidagi laboratoriyada namuna olinib, agar mahsulot iste’molga yaroqli deb topilsa, unga tamg‘a bosilib, xulosa beriladi. Go‘shtning rangi va uning limfa tugunlarida o‘zgarishlar bo‘lsa yoki mahsulotga nisbatan shubha tug‘ilsa, u bakteroskopiya va biokimyoviy tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Bunday tekshiruv molning qanday holatda so‘­yilgani va go‘shtning sifatini aniqlab beradi.

– Go‘sht va go‘sht mahsulotlarining sotilishi qanday talablarga mos bo‘lishi kerak?

– Qassob yoki sotuvchi, avvalo, veterinariya-sanitariya talablariga asosan maxsus ki­yimda, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lish­lari, shuningdek, ular savdo joylarini toza va ozoda tutishlari talab etiladi. Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini muzlatgichlarda sotilishini ta’minlash, uning sifatini yaxshi saqlanishida muhimdir. Agar vaqt o‘tib, uning rangi o‘zgarsa, mahsulot qayta laboratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

 

Maryam AHMEDOVA suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: