Kechagi kun hikmati

yoxud nabiram bilan suhbatlar

 

1

Bola qiziqishlari sarhad bilmaydi, bir savoliga javob berib ulgurmay ikkinchi, uchinchisiga duch kelasiz. “Nega”,”nima uchun”larning izi uzilmaydi.

– Bobo, ayting-chi, Vatan degani nima? – so‘radi bir gal tushunchalari qati endigina kengayib borayotgan Asqarshoh.

U mening nabiram, yuqorida tilga olingan “bilmasvoy”lardan biri. So‘ragan narsasini miridan-sirigacha tushuntirmasdan qutula olsangiz, istagan shahringiz sizniki.

– Vatan – har kimning kindik qoni to‘kilgan joy.

– Bo‘lmasa shu hovli mening Vatanim ekan-da?

– Shunday bolam, yoshing o‘savergani sayin sening tasavvuringdagi Vatan tushunchasi kengayib boraveradi.

– Bu nima deganingiz?

– Biz yashab turgan ko‘cha kimniki? – navbatdagi savolga savol bilan javob beraman.

– Bizniki.

– Mahalla-chi?

– Uyam bizniki.

– Ana ko‘rdingmi, keyin qishloq, tuman, viloyating bilan faxrlanasan, shu bilan sen yashab turgan mamlakat ardoqlilarning ardoqlisiga aylanadi. Voyaga yetib, chet ellarga chiqsang, yurtingni so‘raganlarga baralla ovozda “Mening Vatanim – O‘zbekiston” deya javob berasan.

– Sportchilarga o‘xshab mamlakat bayrog‘ini ham ko‘taramanmi?

– Albatta, buning uchun a’lo o‘qib, chuqur bilim olishing, jismonan chiniqishing kerak.

– Endi tushundim bobo, Vatan sha’nini yaxshi odamlar ulug‘lar ekan, men O‘zbekistonga yaxshi o‘g‘il bo‘laman…

Shu suhbatimizdan beri bir necha yil o‘tdi. Nabiram bu yil 3-sinfga bordi. Agar darslariga vaqtida tayyorgarlik ko‘rmasa, yaxshi o‘g‘lon bo‘lolmasligi bilan qo‘rqitaman. Anchagina tirishqoq, fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirish bilan birga binoyigina rasmlar chizadi, har chizgan tasvirining bir cheti albatta Vatan bayrog‘iga ajratiladi va chiroyli harflar bilan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan so‘zlar bitilgan bo‘ladi.

– Nega har gal bir xil so‘zlarni yozib qo‘yyapsan? – so‘rayman undan.

Asqarshoh “shuni ham bilmaysizmi” degandek lab buradi:

– Axir bu mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlangan shior-ku.

Nabiram bilan suhbatlar turtki berib, uning baxtli bolalik onlari bilan o‘zimnikini taqqoslayman.

 

2

– My name is Askarshokh, what is your name?

Momosi nabirasining gaplarini tushunmay, angrayib qoldi:

– Nima deyapsan bolam, tushunmadim.

– “Mening ismim Asqarshoh, sizning ismingiz nima?” – deb so‘rayapman.

Yana o‘qing:  Qizlarimiz umumjamoa hisobida birinchi

– Qayerdan bilay, bolam, tilingni tushunmasam.

– Shuncha yoshga kirib ham inglizchadagi shu oddiy so‘zlarni bilmaysizmi, – hayron qoladi nabiram.

Momosi qanday javob qaytarishni bilmaydi.

…Maktabimizga keksagina tatar ayol yo‘llanma bilan chet tili o‘qituvchisi bo‘lib keldi. Qishloqdagi yagona maktabga direktorlik qilayotgan otam maktab hovlisidagi uch xonali uyni ta’mirlatib, unga qo‘lidan kelganicha sharoit yaratib berdi.

– Beshinchi sinfdan boshlab chet tili o‘tilarkan, – yangilik topib keldi shu sinfda o‘qiydigan akam.

Hammamizning unga havasimiz kelib, tezroq beshinchiga o‘tishni orzulay boshladik, ammo yangi o‘qituvchi o‘sha o‘quv yili tugamay ko‘ch-ko‘ronini yig‘di:

– Xafa bo‘lmang, Yangiboy aka, – dedi u otamga, – bolalarning qiziqishi zo‘r, aytgan narsamni o‘zlashtirib olishayapti, shu bois, ularni ko‘zim qiymayapti. Ammo qishlog‘ingizda na do‘kon, na hammom, na oshxona, na dam olish uchun klub bor, men bunday dunyo bexabar joyda yashashni istamayman…

Momo-nabiraning suhbatini eshitib, mulohaza yuritib ko‘rsam, o‘sha ayolning kuyinganicha bor edi. Betartib qurilgan pastqam loysuvoq turar joylardangina iborat, tabiiy gaz tugul, elektr ta’minoti ham bo‘lmagan qishloqqa madaniy hayotga o‘rgangan kishi qanday singishib keta olardi?

Endilikda shaharcha maqomini olgan qishlog‘imizda bir emas, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa barcha zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan beshta umumta’lim maktabi, bitta kasb-hunar kolleji faoliyat ko‘rsatib turgan, ularning hammasida chet tili maxsus o‘quv xonasida o‘tilayotgan bir paytda bugungi kun bolasiga ellik yillab maktabda mutaxassis yetishmagani uchun chet tili o‘tilmay kelganini qanday izohlab bo‘lardi?

– Baxtli bolaligingizga, osuda osmonimizga, farovon turmushimizga ko‘z tegmasin, bolam, – deyman nabiramga.

 

3

Oliygohni tugatganimga yaqinda o‘ttiz to‘qqiz yil to‘ladi. O‘zim tahsil olgan qadrdon maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga kelganimda yigirma bir yoshga kirgandim. Tutqich bermas yillar soniyalar misol o‘tib ketibdi, hademay oltmishning sarhadiga qadam qo‘yaman.

Yosh o‘tavergani sayin otam rahmatli aytgan bir gap tez-tez qulog‘im ostida jaranglaydigan bo‘lib qolgan:

 – Bolam, o‘tmish ajdodlarimiz “orqa-oldingga qarab qadam tashla” deb bejiz aytishmagan. Har bir ishga qo‘l urganingda shu hikmatli gapni yodga ol, amal qil, olgan foydang o‘zingniki, ko‘rgan zararingga men kafil…

Endi o‘ylab ko‘rsam, inson goh-goh o‘zi bosib o‘tgan hayot yo‘liga razm tashlash ehtiyojini his qilar va bu ehtiyoj kishini birni ko‘rib zikr hamda fikr qilishga undar ekan. Nabiram bilan suhbatlar asnosida o‘zim ishlayotgan soha – maktab ta’limidagi islohotlarning ayrim qirralariga muxtasar nazar tashladim. Nazarki, kechagi kundan xulosa chiqarib, ertangi kunga dadil qadam qo‘yishga boshlaydi. Kechagi kun hikmati istiqlol naqadar ulug‘ ne’mat ekanini chuqur his qilishga undaydi.

Yana o‘qing:  Futbolchilarimiz safarda g‘alaba qozondi

 

Abdunabi ABDIYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: