Emlash – virusli gepatit profilaktikasida muhim omil
Virusli gepatit A kasalligi o‘tkir yuqumli jigar xastaligi bo‘lib, uning qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanadi. Dunyoda har yili o‘n millionga yaqin odam ushbu xastalikka chalinadi.
O‘zbekiston Respublikasida virusli gepatitlarning A, V, S turlari ko‘proq uchraydi. Maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalar va kichik maktab yoshidagi bolalar boshqalarga nisbatan ushbu xastalikka ko‘proq chalinadi. Virusning organizmga tushishi va kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lishi 15 kundan 50 kungacha bo‘lgan inkubatsion davrni o‘z ichiga oladi. Xastalik virus bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari, suv, o‘yinchoqlar va iflos qo‘llar orqali yuqadi. Virus tashqi muhitga chidamli bo‘lib, u 60°C haroratgacha bo‘lgan chuchuk va sho‘r suvda bir necha oygacha saqlanishi mumkin.
A gepatit kasalligi jigar to‘qimalarining yallig‘lanishi va nekrozli o‘zgarishlarga va intoksikatsiya (zaharlanish) belgilarining paydo bo‘lishiga, jigar va taloqning kattalashishi bilan kuzatiladi.
Jigar faoliyati klinik va laborator tahlillarining salbiy tomonga o‘zgarishi, sariqlik belgilarining paydo bo‘lishi, peshob rangining to‘q rangga kirishi va bemor axlatining rangsizlanishi bilan tavsiflanadi. Bemor holsizlik va ishtahasining yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish, mushaklaridagi og‘riqdan shikoyat qiladi. Yashash va ish joylarining sanitariya jihatdan qoniqarsiz holatda bo‘lishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, aholining zichligi, oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash qoidalarining buzilishi, sifatsiz ichimlik suvidan foydalanish viruslarning ko‘payishiga sharoit yaratadi.
Bu xastalikning oldini olish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish zarur. Yana shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, ovqat tayyorlash va ovqatlanishdan oldin, jamoat joylariga hamda hojatxonaga borgandan so‘ng qo‘lni yaxshilab sovunlab yuvish shart. Bundan tashqari oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va ularni saqlash jarayonlarida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga e’tibor berish darkor. Shuningdek, meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin oqar suvda, so‘ngra qaynagan iliq suvda yuvish hamda xonalarni tez-tez shamollatish, eshik tutqichlarini sovunli suvda yuvish, har kuni xonadagi barcha anjomlarni nam latta bilan artish kerak. Pashshalarga qarshi kurash ham nafaqat ichak infeksiyalarining, balki bu xastalikning ham oldini oladi.
A virusli gepatit kasalligiga qarshi bolalarni emlash eng samarali usul hisoblanadi.
L. KUDASHEVA,
Respublika DSENM epidemiologiya bo‘limi mudiri