Ma’qul keladigan ishga kirmoqchiman
Yurtimizda yetuk va malakali kadrlarni tayyorlash, fuqarolarimiznacing bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Hozirda mamlakatimizda fuqarolarimiz o‘z kasbiy faoliyati, mutaxassisligining turiga qarab, ishga joylashish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni olish uchun birinchi navbatda qayerga murojaat qilish zarur? Bu borada qonun hujjatlarida qanday me’yorlar ishlab chiqilgani haqidagi savollarga poytaxtimizning Chilonzor tumani bandlikka ko‘maklashish markazining kasbga o‘qitish, jamoat ishlariga jalb etish va ishsizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni tashkillashtirish guruhi rahbari Hamza HASANOV javob beradi.
SAVOL: Ishsizlar deb kimlarga aytiladi? Bu xususida qonun hujjatlarida qanday talablar qo‘yilgan?
– O‘n olti yoshdan boshlab to nafaqa bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, ishga va ish haqiga (mehnat daromadiga) ega bo‘lmagan, ish qidiruvchi shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan, mehnat qilishga, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashdan o‘tishga, malakasini oshirishga tayyor, mehnatga qobiliyatli shaxslar ishsiz deb e’tirof etiladi.
Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qaror, mahalliy mehnat organi tomonidan ular ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n birinchi kundan kechiktirmay qabul qilinadi. Bu haqda “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahririda belgilab qo‘yilgan.
SAVOL: Kimlar ish bilan ta’minlangan, deb hisoblanadi?
Ularga quyidagilar kiradi:
– yollanib ishlayotgan, shu jumladan, ishni to‘liqsiz ish vaqtida haq evaziga bajarayotgan, kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan, shuningdek, haq to‘lanadigan boshqa ishga, shu jumladan, vaqtinchalik ishga ega bo‘lgan fuqarolar;
– betobligi, mehnat ta’tilida, kasbga qayta tayyorlashda malaka oshirishda ekanligi, ishlab chiqarishning to‘xtatib qo‘yilganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq vaqtincha ish joyida bo‘lmaganda xodimning ish joyi saqlanib turadigan boshqa hollarda vaqtincha ish joyida bo‘lmagan fuqarolar;
– o‘zini ish bilan mustaqil ta’minlanayotgan fuqarolar, shu jumladan, yuridik shaxs tashkil qilmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar, kooperativlarning a’zolari, fermerlar va ularning ishlab chiqarishda qatnashayotgan oila a’zolari;
– Qurolli Kuchlarda, Milliy xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari va qo‘shinlarida xizmatni o‘tayotgan, shuningdek, muqobil xizmatni o‘tayotgan fuqarolar;
– “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olayotgan fuqarolar;
– qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat olib borayotgan jamoat birlashmalari va diniy muassasalarda ishlayotgan fuqarolar ish bilan ta’minlangan hisoblanadi.
SAVOL: Ma’lum sabablarga ko‘ra, eski ish joyimdan bo‘shab, mutaxassisligim bo‘yicha ish qidirayotgan edim. Menda ish qidiruvchi shaxs sifatida bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat etish huquqi bormi?
– Ish qidiruvchilarni ro‘yxatga olish qonunchilik tomonidan belgilangan tartibda ishga joylashtirish, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, muhtoj bo‘lgan shaxslarni hisobga olish maqsadida amalga oshiriladi.
Ish qidiruvchi shaxslar sifatida yashash joyi bo‘yicha bevosita mehnat bo‘limlari yoki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari hududlariga biriktirilgan tuman (shahar) mehnat bo‘limi xodimiga ish qidirib murojaat qilgan, mehnat qilishga, kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorgarlik va malakasini oshirishdan o‘tishga tayyor bo‘lgan 16 yoshdan oshgan fuqarolar, shu jumladan:
– ishga va ish haqi (mehnat daromadi)ga ega bo‘lmagan;
– O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 98–va 100-moddalarida ko‘rsatilgan hollar bo‘yicha, ular bilan mehnat shartnomalari bekor qilinishi mumkin bo‘lgan fuqarolar (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 102-moddasiga muvofiq, mehnat shartnomasining bekor qilinishi to‘g‘risida xabardor qilingan shaxslar);
– TMEK xulosasiga muvofiq mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan nogironlar;
– yoshidan qat’iy nazar mehnat faoliyatini qaytadan boshlashni (davom ettirishni) istaydigan nafaqadagi fuqarolar;
– Ish o‘rnini, kasbini o‘zgartirish istagini bildirgan mehnatga layoqatli fuqarolar;
– ishga joylashtirishga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalari ro‘yxatga olinishi mumkin.
Charos XUSHVAQTOVA tayyorladi.