Ijod lahzalari saodati
Ishdan kelgan Ochil bobo bolalari qurshovida kechki ovqatga o‘tirdi. Odatga ko‘ra to‘ng‘ichidan kundalik yumushlar, uka va singillarining yurish-turishi haqida so‘roqladi.
Javobdan ko‘ngli to‘ldi, shekilli, chap tirsagiga yostiqni tirab kattasiga yana so‘z qotdi:
– Ashurali o‘g‘lim, niyatingdan qaytmadingmi?
Otaning qat’iy savoliga to‘ng‘ich o‘g‘il dadil javob qaytardi:
– Yo‘q, ota. Men, albatta, jurnalist va yozuvchi bo‘laman. Duo qiling, ota, niyatimga yetay.
Besh o‘g‘il va besh qizni oq yuvib, oq tarayotgan Ochil bobo o‘g‘lini chin dildan duo qildi. Yoz oqshomi osmonida porlab turgan yulduzlar ham o‘n yetti yoshli o‘spirin niyatiga xayrixohdek har kungidan charog‘on miltillardi.
Yillar ota duosini o‘z kaftida ulg‘aytirdi. Shu qatorida poytaxtga ilm va ijod istab kelgan yosh qalamkash orzulariga qanot berdi. U o‘qidi, izlandi. Tinimsiz qalam tebratdi. Natijada ijod uning umr mazmuniga aylandi. Bugungacha kechgan qizg‘in faoliyati mobaynida qalamni chin do‘st bildi, unga hayotini bag‘ishladi.
Yozuvchi va publitsist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayev o‘nlab shogirdlari qurshovida umrining ana shu lavhalarini yorug‘ xotiralar bilan yodga oladi. Biz, yosh ijodkorlarga sohaning sir-asrorlarini o‘rgata turib, “Ijodkorni faqat qalami tanitadi”, deya takrorlashni kanda qilmaydi. Bu boradagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.
Ashurali Jo‘rayev bilan “Gulxan” jurnali tahririyatida birga ishlagan yillarimni hozir katta sog‘inch bilan eslayman. Hech ikkilanmay aytishim mumkinki, shu yillar hayotimga o‘zgacha mazmun baxsh etdi. Bugun yurak yutib rostini aytadigan bo‘lsam, ustozning qattiqqo‘lligi va o‘z o‘rnida g‘amxo‘rligidan dunyoni va ijod sirlarini tushunib bordim. Dilkash suhbatlaridan zavqlandim, shu bilan birga o‘zim uchun hayotiy xulosalar yasadim.
Talabchan muharrir 2007–2013 yillarda respublika bolalar nashri – “Gulxan” jurnaliga rahbarlik qildi. Shu vaqt davomida haqiqiy bolajon ijodkor hamda katta tashkilotchi, mehribon inson ekanligi bilan biz yoshlarga o‘rnak bo‘ldi. Ayniqsa, jamoadagi barcha yosh ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlardi. Ularning barcha muammosiga oqilona yechim topardi. Ana shunday damlarda ustozning mulohazakorligi, yuzaga kelgan har bir muammoga bosiqlik bilan odilona yondashishi, samimiyati va ezgu nasihatlari kasbimga, hayotga bo‘lgan ishtiyoqimni oshirib borardi.
Ustoz – bolajon inson. Tahririyatga o‘zining biror ijodiy mashqini ko‘tarib kelgan jajji qalamkash borki, ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib ketardi. Avvaliga shundoq ro‘parasida turgan bosh muharrirning salobatidan hayiqsa-da, qisqa muddatda shirinsuxan ustozning haqiqiy do‘stiga aylanardi. Ustoz bolaga bola tilida gapirar, maslahat berardi. Hech bir o‘quvchining mashqlariga tezda munosabat bildirishga oshiqmasdi. Ularga katta ijodkorlardek muomala qilib kuzatib qo‘yishlari hayrat va havasimni orttirardi. Bosh muharrir xonasiga kirgan bolakay borki ustozning mehri – shirinliklardan bebahra qolmasdi.
Ustoz Ashurali Jo‘rayev hozirda “O‘zbekiston” NMIU direktorining nashriyot ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da mudom bolalar nashrlari bilan birga. Endi nafaqat “Gulxan”, balki boshqa bolalar nashrlari – “G‘uncha” jurnali, “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalarining ham chinakam maslahatgo‘yi, fikrdoshi.
Biror kishiga mehr qo‘ydingmi, uning tug‘ilib voyaga yetgan uyi mudom sen uchun qiziq, sirli. O‘tgan yili ijodiy safar bilan ustozning kindik qoni to‘kilgan, Navoiy viloyati, Karmana tumanida joylashgan Jaloyir qishlog‘iga borganimda, avvalo, u kishi ulg‘aygan hovlini ziyorat qildim. Katta ijodkorning o‘yinqaroq bolaligi o‘tgan yo‘llarni, bog‘larni kezdim. Qayga bormay, go‘yo Ochil boboning o‘n qorako‘zi atrofimda chopqillab yurgandek bo‘ladi. Hovlidagi daraxtlar, o‘t va maysalar ustoz haqida yana nimalardir hikoya qilib bermoqchidek shamolga monand tebranib qo‘yadi. Ko‘chaga yuzlanib, Jaloyirning dilkash va sodda odamlari bilan suhbat quraman. Kattagina hududni egallagan qishloqning qay bir kishisi bilan gaplashmang, tanangiz huzur topadi. Hamrohimiz – tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimi Shahodat opa Hamidova Ashurali Jo‘rayevni nafaqat qishloqning, balki tuman, viloyatning faxriga mengzaydi. “Yuring, sizni ustoz tahsil olgan qishloqdagi 14-maktabga olib boraman. So‘zimning tasdig‘ini o‘sha yerda ko‘rasiz”, deya yo‘l boshlaydi. Mustaqillik sharofati bilan zamonaviy tusga kirgan bu ta’lim muassasidagi iqtidorli yoshlar bilan uchrasha turib, Shahodat opaning e’tirofi samimiyligiga amin bo‘lamiz. Ustozni o‘z maktabining chinakam iftixori deb biladigan o‘quvchilar u kishidan xalqiga, yurtiga mehnati singadigan inson bo‘lib yetishish uchun sidqidildan o‘qimoqda, izlanmoqda. Maktab direktori Narzulla aka Rahmonov bu yerdagi ustoz yo‘lga qo‘ygan ajoyib an’ana haqida shunday deydi:
– Ashurali aka o‘zi o‘qigan kitobni juda yaxshi ko‘radi. Shu sababli qayga borsa, avvalo, kitob bilan hamqadam yuradi. Bir necha yillar oldin maktabimizga kelganida o‘quvchilarimizning kitobga bo‘lgan mehri va ishtiyoqini ko‘rib, sevinib ketdi. Va ularga o‘z shaxsiy kutubxonasidan sovg‘alar ulashdi. Shu-shu odat bo‘lib qolgan: Ashurali aka qachon maktabimizga kelsa qo‘nji to‘la kitob. Jajji kitobsevarlarning quvonchini ko‘rib, o‘zi ham yosh boladek sevinib ketadi.
Ustoz uzoq yillik ijodiy faoliyati davomida ko‘plab badiiy, publitsistik asarlar yaratdi va yaratmoqda. Ayniqsa, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida mehnat qilgan 1983–1996 yillar davomida haqli ravishda xalqimiz mehrini qozondi. O‘zining dolzarb muammolarga bag‘ishlangan o‘nlab maqolalari bilan minglab mushtariylar hurmatiga sazovor bo‘ldi. O‘z kasbiga fidoyi A. Jo‘rayev respublikaning barcha hududlarida bo‘lib, bir nechta jurnalistik surishtiruvlari olib bordi. Turli xatarlarga tik borib, muammoning tub ildizlarini aniqlashda jonbozlik ko‘rsatdi. Birgina “Hamqishloqlarimga maktublar” nomli sonma-son e’lon qilib borilgan chiqishlari natijasida xalqimiz dunyoqarashi boyishiga va madaniyati o‘sishiga turtki berdi. “Hamqishloqlarimga maktublar”ning keyingi sonlarini kutib yashaydigan odamlar keyinchalik o‘z hayotidagi muammolar haqida tahririyatga tinimsiz xat yo‘llay boshladi. Mazkur tashabbus natijasida xalqimiz hayotidagi ko‘plab muammolarga ijobiy yechim topildi.
A. Jo‘rayev 1997–2007 yillar mobaynida “Mushtum” jurnali va “Afandi” gazetalariga rahbarlik qilish asnosida kasbiy e’tiqodiga sodiq qoldi. Jamiyatdagi muammolarga endi satirik usulda yondasha boshladi. Ustozi O‘zbekiston xalq yozuvchisi, mashhur hajvchi Ne’mat Aminov ijodiy yo‘lini yanada boyitdi. Bu sohada ko‘plab ijodkorlar yetishtirdi. “Gulxan” jurnalining “Muharrir suhbati” rukni ostida ham ko‘plab dolzarb mavzularni ko‘tarib chiqdi. “Shogird bo‘lish osonmi?”, “Ahvol qanday obunachi?”, “Musiqa va tarbiya”, “Nima o‘qiyapsan, bolakay?” kabi yoshlar ma’naviyati va ta’lim-tarbiyasi, mamlakatimiz maktablari hayotiga doir bir qancha maqolalari yurtimiz o‘quvchilari orasida bahs-munozaralar uyg‘otdi. Yuzaga kelgan to‘siqlarni bartaraf etdi.
Ustoz A. Jo‘rayev “Yo‘l boshida” (to‘plam, 1985), “Toshbaqalar poygasi” (1986), “Yurak bo‘ronlari” (1989), “O‘q uzgan kim?” (1994), “Senga ko‘ngil bersam” (1999), “Dil gavhari” (2001), “Tanimading-a?” (2005), “Sahifaga sig‘magan satrlar” (2008), “Maysalar uyg‘ongan tong” (2010), “Onajon” (to‘plam, 2013), “Konvert odam” (2015) kabi badiiy va publitsistik asarlari orqali bugun minglab, millionlab muxlislariga ega. Bir o‘g‘il va uch qizni voyaga yetkazib elga qo‘shgan ustoz hozirgi vaqtda o‘n nafar shirin-shakar nabiraning sevimli bobojonisi. Anvar, Akbar va Feruzaxonlar bobosidan har kech biror saboq olmasa uyquga ko‘z yummaydi.
O‘z kasbining chinakam fidoyisi, so‘z va hajv ustasi, biz kabi shogirdlarining jonkuyar maslahatgo‘yi, mehribon ustozimiz Ashurali Jo‘rayev bugun umrining oltmishinchi dovonini qarshi olmoqda.
Ustoz! Shunday muborak kunda Sizni barcha shogirdlaringiz nomidan samimiy tabriklaymiz. Ilohim, mana shu shahdingizga, mehnatsevarligingiz va ijodingizga ko‘z tegmasin. Umringiz uzoq bo‘lsin, mehribon Ustozim!
Farhod ESHMO‘MINOV