Farzandingiz sizdan o‘rnak oladi

Bolaning fe’l-atvori ilk bor oilada shakllanadi. Kelajakda uning yetuk inson bo‘lib kamolga yetishi hamda hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun oilada qanday tarbiyalanganligi, qanday psixologik muhit hukm surganligi muhim ahamiyatga egadir.

Yaxshi, odobli va axloqli bola har yerda o‘zining namunali tarbiyasi bilan atrofdagilarda yaxshi taassurot qoldiradi.

Farzand – buyuk ne’mat. Shuning uchun muqaddas manbalarda bola jannat in’omi sifatida tavsif etiladi. Sharq mutafakkirlari ham shaxs kamolotida oilaning, ota-onaning rolini yuqori darajaga qo‘yishgan. Masalan, buyuk bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy ota-ona, eng avvalo, o‘z yurish-turishi, muomala madaniyati, hayot tarzi orqali farzandlariga namuna bo‘lishi kerakligi haqida aytib o‘tgan.

His va tuyg‘ularingizni atrofingizga qanday aks ettirsangiz, ular ham sizni xuddi ana shunday tanishadi. Aytgan gapingiz, xatti-harakatingizda qanchalik qat’iy va qarorli bo‘lsangiz, shunga mos ravishda qarshingizdagi shaxs ham sizni yanada aniq va to‘liq taniy boshlaydi.

 

Bolaga aniq ko‘rinishingizni namoyon eting

Jaloliddin Rumiy “Asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l”, degan edi. Bir kun yumshoq, muloyim va boshqa bir kun qo‘pol va baland ovozda gaplashsangiz suhbatdoshingiz uchun sizni tanish yanada qiyinlashadi. Chunki, bunday turdagi o‘zgaruvchan munosabatda sizning “chegaralaringiz”ni bilish, aniqlash yanada murakkablashadi.

Farzandingizning dunyoni to‘g‘ri tanishi, tushunib yetishi uchun ham oilada qo‘yilgan cheklashlar juda muhim rol o‘ynaydi. Chunki, farzandlarning har bir munosabatlari siz qo‘ygan chegaralarga ko‘ra shakllanadi. Bolalaringiz doim qat’iy, aniq munosabat ko‘rishlari uchun, qanday ota yoki ona ekaningiz, nimalardan norozi bo‘lishingiz, nimalarga ruxsat berishingiz ular uchun ochiq-oydin, ravshan bo‘lishi kerak. Shunda farzandingiz biror ishni qilish yoki so‘rashdan oldin siz belgilagan me’yorlar bilan “hisoblashish”ga majbur bo‘ladi. Chunki, u qiladigan ishi yoki munosabatiga nisbatan sizning qanday muomalada bo‘lishingizni oldindan biladi.

 

Uslubni o‘zgartiring

Bolalar uchun bir narsani qo‘lga kiritishdan ko‘ra, uni qo‘lga kiritish uslubi muhimroqdir. Ular biror narsaga erishishda doimo o‘ziga xos uslubni qo‘llaydilar. Masalan, farzandingiz istagan narsasini yig‘lab qo‘lga kiritishni o‘rgangan bo‘lsa, bu uslubni doimiy ishlatishga odatlanadi. Ba’zan sizni qiyin ahvolda qoldiradi-ki, uning aytganini qilishdan boshqa chorangiz qolmaydi. Bunday holat bilan yuzma-yuz kelishni istamasangiz, farzandingiz bilan orangizdagi munosabatlarni yaxshilab qayta ko‘rib chiqishingiz kerak.

Yana o‘qing:  Tish parvarishi – kariyesga qalqon

Chegara, cheklashlaringizning aniq-oydin, ravshanligi farzandingizning sizga bo‘lgan munosabatiga ta’sir qiladi. Ya’ni, har bir maqbul bo‘lmagan xatti-harakatidan avval, “Bu ishdan oyim va dadamning jahli chiqadi”, deb o‘ylab, o‘zini to‘xtatadi. Masalan, farzandingizning uyga kech kelishiga bir kun qattiq jahlingiz chiqib, ikkinchi kuni indamaslik, uning tarbiyasiga, qolaversa, sizga quloq solishiga salbiy ta’sir qiladi.

 

Chegarani aniq qo‘ying

Oilada siz belgilab qo‘ygan chegaralar munosabatlarning sifatini oshiradi, ota-ona va farzandning mas’uliyat va vazifalarini ochiq-oydin bildiradi. Tushunmovchiliklarni bartaraf etib, muammolar kamayishiga sabab bo‘ladi. Chunki, chegaralar ma’lum bo‘lgan muhitda hamma o‘zi qilishi kerak bo‘lgan ishini biladi. Shuni ham unutmangki, siz farzandingizga do‘st bo‘lish bilan birga, ota-ona hamdirsiz.

Shuningdek, oilada belgilangan chegaralar uning a’zolari o‘rtasida ishonchning mustahkamlanishini ham ta’minlaydi. Agar atrofingizdagi yaqinlaringizga nisbatan ishonch va ular bilan muomalada o‘zaro bir-biringizni tushunishni istasangiz, avval, chegaralaringizni aniq belgilang va shunga ko‘ra harakat qiling.

 

Bolalar psixologi Dilnoza AVAZOVA tavsiyalarini Charos XUSHVAQTOVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: