Ma’naviyat mezoni yoki atrof-muhitga munosabat haqida
Teatr yonidagi xiyobon. O‘rtadagi favvora atrofga suv sochib, ko‘zni quvnatadi. Haybatli monitordan go‘zal manzara aks etgan lavha namoyish qilinayapti. O‘rindiqlar odamlar bilan to‘la. Hamma oqshom salqinida emin-erkin hordiq chiqarayapti.
Bizdan sal naridagi o‘rindiqda o‘tirgan ayol bir muddat taraddudlanib turdi-da, qo‘lidagi suv idishini manzarali daraxt tagiga uloqtirdi. Matoh o‘lgur u istagan yerga borib tushmadi chog‘i, oyog‘i bilan bir tepib, ko‘zdan pana qilib qo‘ydi…
Hamrohlarimdan biri “Opa, iltimos, suv idishni yerga emas, maxsus qutiga tashlang!” deya ayolni ogohlantirgach, u istar-istamas talabni bajardi. Bizning suhbatimiz esa shu mavzuga burildi. Hammamizda o‘z-o‘zidan savollar tug‘ila boshlagandi:
– Nega chiqindini sal narida – ikki-uch qadamcha uzoqlikda turgan qutiga tashlashga erinamiz?
– Bu loqaydlikmi yoki…?
“Nima bo‘pti?!”
Bir multfilm qahramoni – begemotcha atrofidagi har qanday voqeaga befarq qaraydi, na hayratlanadi, na g‘azablanadi, na pinagini buzadi. Doimiy gapi bitta: nima bo‘pti?!
Oramizda dunyoqarashi keng, atrof-muhit musaffoligiga o‘zini mas’ul deb biladiganlar ko‘pchilik. Ammo, “Besh qo‘l barobar emas”… Hamrohlarimdan biri ayrimlarning bunday nojoiz xatti-harakatiga maxsus chiqindi qutilarining bir-biridan uzoqroq masofaga qo‘yilganini sabab deb bildi. Ularni imkon qadar har bir o‘rindiq yoniga qo‘yib chiqish kerakmikin? O‘tirib, monitordan lavha tomosha qilayotgan yoki suhbatdoshi bilan berilib suhbatlashayotgan odam o‘rnidan qimirlagisi kelmasligi mumkin.
Boshqa birov esa aybni ularning o‘ziga ag‘dardi:
– Ming gapir, ming ogohlantir, istamagan odam baribir amal qilmaydi. Yoniga qo‘ysangiz ham shu ahvol. Tushunishni istamaydi, agar “Bu ishing noto‘g‘ri, shunday chiroyli joyni iflos qilayapsan”, desangiz, ayrimlar pinagini buzmay “Iflos bo‘lsa, senga nima?” deydi. Darhaqiqat, ularning nazdida, dam olish joylari, xiyobon va istirohat bog‘lari hammaniki, har kim istaganicha foydalanishi, o‘zini xohlaganicha tutishi mumkin. Lekin jamoat joylarida har kim o‘z yurish-turishiga e’tiborli bo‘lishni unutmasligi lozim.
Shahar kimniki?
Saranjom-sarishtalik – madaniyatning muhim mezonlaridan biri. Shu bois, o‘zimiz yashaydigan xonadonda shu mezon o‘lchovlariga xos harakat qilishga odatlanganmiz. Chunki, o‘zimizniki-da. Ostona hatlab, ko‘chaga chiqqach esa bu qonun-qoidalarni butkul unutib qo‘yamiz.
Bu yerda bir jihatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi: shu yurt, shu tabiatni o‘ziniki deb bilmaslik, insonda shukrona tuyg‘usining yo‘qligidandir. Agar o‘z uyini toza saqlashga harakat qilinsa, millionlab-milliardlab mablag‘ evaziga bunyod etilgan go‘zal maskanlarga ham zarar yetkazilmas edi.
Ozoda bo‘lmagan uyga mehmon kelsa, qanchalik xijolat tortsak, o‘zimiz istiqomat qilayotgan shaharu qishloqlarimiz uchun ham shunday hisni tuyishimiz kerak: yashab turgan hududimiz qarovsiz holda bo‘lsa, o‘zimiz uyatga qolamiz!
Odatda qonunni buzgani, yo‘l harakati qoidasiga amal qilmagani uchun har bir shaxs muayyan jazoga tortiladi. Bu chorani nega go‘zal maskanlarni ifloslantirayotganlarga qarshi qo‘llash mumkin emas? Aholi dam olish go‘shalarida maxsus nazoratchilar qo‘yilishi, ular tozalikka rioya qilmagan odamlarni ogohlantirib, lozim bo‘lsa, jarimaga tortishi, ustiga-ustak tashlagan chiqindisini olib, maxsus joyga eltib tashlashga majbur qilishi lozim. To‘g‘ri, bunday joylarga odamlar hordiq chiqarish, tabiatdan bahra olish uchun boradi, qattiq tanbeh ularning kayfiyatini buzishi mumkin, harholda, ozodalik qoidasiga befarq qaraydiganlarda ko‘nikma paydo bo‘ladi-ku!
Atrof-muhitga munosabat insonning qay darajada madaniyatli ekanini ham belgilaydi. Bunday inson yurtimiz kundan kun chiroy ochib borayotgani, ko‘rkam maskanlar soni ko‘payayotganini chuqur anglaydi, ongli ravishda bu joylarni asrab-avaylashga harakat qiladi.
Xuddi o‘z uyini toza-orasta saqlagani kabi jamoat joyida ham tartibga, ozodalikka qat’iy amal qiladi. Harholda, bular – bizning o‘ylaganlarimiz, ko‘rganlarimiz haqidagi mulohazalarimiz. Atrof-muhitga munosabatni esa har bir shaxs o‘z bilimi, dunyoqarashi, madaniyatidan kelib chiqqan holda belgilaydi.
Xurshida ABDULLAYEVA