Yaxshi yashash – baxtli oila va shinam xonadonda tatiydi
O‘z qo‘rg‘oningga ega bo‘lish qanday yaxshi-ya. Shinam, yorug‘, keng, ayniqsa, u poytaxt markazida joylashgan bo‘lsa. Hamkasbim Farhod Eshmo‘minovga ham yaqinda mana shunday xonadonlarning biri nasib etdi.
Bu bejizga emas, uning OAVlarida chop etilgan turkum maqolalari va shuning mevasi o‘laroq erishgan “Yilning eng faol jurnalisti” mukofoti bunga zamin bo‘ldi. Bundan ota-onasi ham behad mamnun. Ular uchun farzandining erishayotgan yutuqlarini ko‘rishdan-da ortiq baxt bo‘lmasa kerak dunyoda. Ayniqsa, keksalik gashtini go‘zal poytaxtimizning go‘zal go‘shalaridan birida shinam xonadonda surishning ham o‘zgacha sururi bor.
Bugungi kunda yoshlarga murojaat qilar ekanmiz, ular faqat bir narsa haqida gapirishadi. U ham bo‘lsa, yurtimizda yosh o‘g‘il-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar haqida. Darhaqiqat, millat tayanchi hisoblanmish yoshlar hech qaysi davlatda bizniki kabi ardoqda bo‘lmasa kerak. Hozirda ayrim xorijiy davlatlarda yoshlar tinch va osuda hayotni, o‘zlarining uylari bo‘lishini faqatgina orzu qilishadi, xolos. Farzandlarimiz esa bunday baxtga musharrafdirlar.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirga kelib ko‘plab yosh oilalar “Kamolot” uylari orqali o‘z xonadonlariga ega bo‘lgan bo‘lsa, bunday imkoniyatdan foydalanish ishtiyoqida yurgan yoshlarimiz esa katta yutuqlarga erishish uchun qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin tinmay o‘qib, izlanmoqda.
Yurtboshimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda yosh oilalar manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar ko‘lamini yangi bosqichga ko‘tardi. Bu jamiyatimizning turli jabhalarida mehnat qilayotgan yoshlar va ularning oilalari uchun katta rag‘bat bo‘ldi.
“Kamolot” uylarini yosh oilalarga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, bunday xonadonlarni turar-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida hisobda turgan hamda fan, san’at, adabiyot, sport va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan, shuningdek, ariza berilgan paytda 30 yoshdan oshmagan er-xotinlar ipoteka krediti asosida sotib olish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Kamolot” uylaridagi sotib olinadigan xonadonlar qiymatini to‘lash uchun boshlang‘ich badal to‘lamasdan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan foizli stavka bilan 20 yil muddatga, jumladan, 5 yillik imtiyozli davrga berish belgilab qo‘yilgani yosh oilalar uchun katta imkoniyatdir.
Shuningdek, “Kamolot” uylari kreditlari tijorat banklaridan ko‘chmas mulk uchun yosh oilalarga beriladigan boshqa imtiyozli kreditlarga nisbatan kreditning umumiy muddati va imtiyozli davri uzoq. Bu yosh oilalarga kreditlarni o‘z vaqtida qiynalmay qaytarish imkonini beradi.
Yana bir jihati, mazkur zamonaviy uylarni qurishda yoshlarning oilaviy sharoiti hisobga olingan. Masalan, yangi turmush qurgan yosh oilalarga ikki xonali, ikki va undan ko‘p bolali oilalarga uch xonali uylar berilayotir. Bu oilalarning nafaqat turmush sharoitini yaxshilash, balki farzandlarini har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishdek ezgu intilishlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Mayna HASANOVA