Gul diyorning baxtyor bolalari

Vatanimizning mustaqillikka erishishi hayotimizning barcha jabhalarida ulkan yangilanish va milliy tiklanishga keng yo‘l ochdi.

Shu kunlarda butun mamlakatimizda qutlug‘ sana – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligini keng nishonlash uchun qizg‘in tayyorgarlik davom etmoqda. Prezidentimizning shu yil 2 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori eng ulug‘, eng aziz ayyom bo‘lgan ushbu qutlug‘ sanani munosib kutib olish borasidagi dasturiy hujjat sifatida barchamizni cheksiz quvontirdi.

Chorak asrlik bu muddatda amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar asrlarga tatigulik. Yurtimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq hayotimizda katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan va dunyo miqyosida milliy taraqqiyotning “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etilayotgan bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lining asosiy tamoyillaridan biri – kuchli ijtimoiy himoya siyosati etib belgilangani bejiz emas. Shu asosda mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab kuchli ijtimoiy himoyaga asoslangan davlat qurish g‘oyasini hayotga tatbiq etishga kirishildi.

Albatta, bunday oqilona siyosat odamlar ko‘nglida umid, orzu-havas uyg‘otdi, yurtdoshlarimizda ertangi kunga nisbatan ishonch paydo bo‘ldi. Negaki, “Islohot – islohot uchun emas, islohot – inson uchun” degan g‘oya mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarimizning obod va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan tub yangilanishlarning munosib samaralari timsolida izchillik bilan o‘z tasdig‘ini topa boshladi.

Bugungi kunda jamiyatning hal qiluvchi kuchiga aylanib borayotgan yoshlarimizning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun yetarlicha sharoit yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu boradagi ezgu ishlar o‘tgan davrda yurtimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan katta e’tiborda, jumladan, yosh avlodimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, iste’dod va iqtidorini yuzaga chiqarish uchun zarur qonunchilik bazasi shakllantirilgani misolida o‘z aksini topdi.

Prezidentimizning 2014 yil 6 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga doir davlat siyosatini amalga oshirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Ma’lumki, 1991 yildayoq “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga doir davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. Ushbu qonun bilan izma-iz yurtimizda yigirmadan ortiq qonun va normativ-huquqiy hujjatlar – Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, shuningdek, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida” kabi qonunlar qabul qilindi. Tabiiyki, davlatimiz rahbari tomonidan yillarga “Sog‘lom avlod yili”, “Yoshlar yili”, “Sog‘lom bola yili”, “Sog‘lom ona va bola yili” kabi nom berilishi zamirida ham inson manfaatlari, shu jumladan, navqiron avlodimizga nisbatan yuksak g‘amxo‘rlik mujassamdir.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

Ayni mavzuda so‘z yuritganda, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yuzaga kelgani va hayotga chuqur tatbiq etilganini alohida ta’kidlash lozim. Hozirgi kunda jahon jamoatchiligi ushbu dasturning afzalliklarini e’tirof etib, O‘zbekistonimizning bu sohadagi tajribasini o‘rganayotgani har birimizga faxru iftixor bag‘ishlaydi.

Bu borada qabul qilingan qonun hujjatlari yoshlarimizga bilim berish mezonlarini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish, real iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun yuksak salohiyatli, mustaqil fikr yuritadigan, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim sifati va mazmunini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Natijada, 1997 yildan 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tilgach, yurtimizda 1 ming 700 ga yaqin kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar – Istiqlol davrining zamonaviy ta’lim maskanlari bunyod etildi.

Bugungi kunda zamon talablari darajasida qayta qurilgan, rekonstruksiya qilingan va kapital ta’mirlangan maktablar soni o‘n mingdan ortdi. Yangidan-yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etilmoqda. Bu ta’lim dargohlarining barchasi eng zamonaviy darsliklar, o‘quv qurollari va boshqa barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Agar keyingi 25 yil ichida urush o‘chog‘iga aylangan ba’zi davlatlarda maktab, bolalar bog‘chasi uchun hatto bir dona ham g‘isht qo‘ymaganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu fakt va raqamlarning zalvori nechog‘lik ulkan ekani o‘z-o‘zidan oydinlashadi.

Bugun mamlakatimiz aholisi 31 million nafardan oshdi. Bu, albatta, aholining uy-joyga bo‘lgan talabi ortib, narx-navoning o‘sishiga olib keladigan omil hisoblanadi. Shuning uchun davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalishda ham uzoqni ko‘zlab, oqilona siyosat olib borganini ta’kidlash joiz.

Ya’ni, Prezidentimiz tomonidan 2009 yil 3 avgustda “Qishloq joylarida uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi natijasida namunali loyihalar asosida har yili o‘n minglab uy-joy qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Xalqimiz sifatli va arzon iste’mol mahsulotlari bilan muntazam ravishda hamda yetarli darajada ta’minlanmoqda.

Ha, O‘zbekistonning barcha sohalardagi yutuqlarini dunyo e’tirof etayapti. Bu so‘zlarni aytish oson, ayni chog‘da, ana shu yutuqlarimizning zamirida qancha mehnat, mashaqqat, bilim, uzoqni ko‘ra bilishdek dono siyosat, katta obro‘ va e’tibor mujassam ekanini ham unutmasligimiz darkor. Istiqlolgacha bo‘lgan davrda onalar va bolalar o‘limi yuqoriligi bo‘yicha sobiq Ittifoqning o‘n besh ta respublikasi ichida birinchi o‘rinda turgan O‘zbekiston bugun bolalar salomatligi bo‘yicha eng ko‘p g‘amxo‘rlik qilayotgan 10 ta mamlakatning biri sifatida dunyoga namuna bo‘layotganidan har qancha g‘ururlansak arziydi.

Yana o‘qing:  Ravon yo‘llar – saodatli manzillarga eltadi

Mamlakatimiz bir qator nufuzli xalqaro institutlarning baholashicha, dunyodagi 125 ta davlat orasida xotin-qizlar uchun qulay sharoitlar yaratish va onalikni muhofaza qilish borasida ham yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Masalan, so‘nggi 10 yilda vazni tibbiyotda ko‘zda tutilgan me’yordan kam bo‘lgan bolalar soni ikki barobardan ziyod (4 foizdan 1, 8 foizga) qisqardi, ularning bo‘yi o‘rtacha 3 santimetrga o‘sdi, bizning mintaqamizga xos bo‘lgan jiddiy kasallik, ya’ni xotin-qizlarda kamqonlik darajasi 2, 5 marta pasaydi.

Shu bilan birga, mustaqillik yillarida O‘zbekiston aholisining o‘rtacha umr ko‘rishi 7, 5 yilga – 66 yoshdan 73, 5 yoshga, xotin-qizlarning o‘rtacha umr ko‘rishi esa 75 yoshga uzaygani g‘oyatda ahamiyatli natijalardir.

Bugun dunyo ahli O‘zbekiston yoshlarining har tomonlama yuksak salohiyatiga qoyil qolib, turli fan olimpiadalari g‘oliblari, jahon san’ati va sporti sahnasi qiroliga aylangan bolalarimizning iste’dodiga havas qilmoqda. Xususan, Bektemir Meliqo‘ziyev, Diyora Keldiyorova, Behzod Abdurahimov, Islombek va Javohir Sindorov kabi minglab farzandlarimiz noyob iste’dodi bilan dunyoga tanildi.

Bularning barchasi bejiz emas. Chunki mustaqilligimizning birinchi kunidanoq yosh avlodning jismoniy va ma’naviy kamoloti uchun qayg‘urildi, mablag‘ ayalmadi. Har yili davlat byudjeti tasdiqlanganida ijtimoiy sohaga katta e’tibor berilganini ko‘ramiz.

Shu jumladan, sportni rivojlantirishga e’tibor, bu – sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish degani. Shu maqsadda mamlakatimizda juda katta ishlar qilindi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan barcha viloyat, shahar va tumanlarda 300 ga yaqin musiqa va san’at maktabi, 1 ming 900 dan ziyod sport inshooti bunyod etilgani buning yorqin isbotidir.

Natijada so‘nggi o‘n yilda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida sport bilan muntazam shug‘ullanish darajasi 30 foizdan – 57 foizga, qizlar o‘rtasida 24 foizdan – 47 foizga yetdi. Tabiiyki, bu sohadagi ishlar yanada izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Yaxshi eslaymiz, bundan 25 yil oldin davlatimiz rahbari O‘zbekistonning istiqbol yo‘lini belgilab berish asnosida: “Ishoninglar, O‘zbekistonning kelajagi albatta buyuk bo‘ladi!” degan da’vatkor so‘zlarni aytgan edi. Ana shu ezgu g‘oya istiqlol yillarida hayotimizning barcha sohalarida o‘z ijobatini topayotganini bugun hech kim inkor eta olmaydi.

Dilafro‘z ZAYNIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: