Izchil islohotlar samarasining keng namoyishi

Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi

Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 1 iyundagi Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o‘tkazib turish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan o‘tkazilgan mazkur yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.

Yarmarka yakunida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha ko‘plab shartnomalar imzolandi. Eksport qilinadigan mahsulotlarning 27 foizini sabzavotlar, 25 foizini uzum, 20 foizini mevalar, 17,6 foizini quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar, 8,4 foizini dukkakli mahsulotlar, 2 foizini qovun tashkil qildi. Yarmarka nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, shartnomalar tuzish ishlari davom etmoqda.

I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining ustunligi” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda yetishtirilgan sabzavot va poliz mahsulotlarining tabiiy xususiyatlari, yuqori iste’mol sifati, sohada amalga oshirilayotgan modernizatsiya va diversifikatsiya samaralari bilan yaqindan tanishtirildi. Anjuman meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishning tejamkor texnologiyalari, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish tizimini takomillashtirish, ushbu mahsulotlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, seleksiya va urug‘chilik, suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish masalalarini atroflicha muhokama qilish, o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini berdi.

O‘zbekistonda agrar sanoat jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda ushbu soha mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotiga katta hissa qo‘shmoqda va eksport tarkibida salmoqli ulushga ega. Bu Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarning yorqin samarasidir. Iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, meva-sabzavotchilik va u bilan bog‘liq qayta ishlash sanoatini qayta tashkil etish, ishlab chiqarishni diversifikatsiya va modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash davomida ushbu sektorda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Xalqaro yarmarkada ho‘l va quruq mevalar, sitruslar, sabzavotlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oqlar, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlash texnologiyalari, sovutish uskunalari, transport va logistikaga oid ko‘plab bo‘limlar ishladi. O‘zbekiston meva-sabzavotchilik sohasi vakillarining mahsulotlari mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan 170 dan ortiq kompaniya ekspozitsiyalarida keng o‘rin egalladi. Ular ko‘plab turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini namoyish qilib, o‘z xizmatlarini taklif etdi. Barcha viloyatlarning meva-sabzavotchilik sohasidagi salohiyatiga oid taqdimotlar o‘tkazildi.

Yana o‘qing:  Iqtidorli bolajonlarimiz Turkiya sahnalarida

I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida AQSH, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan uch yuzdan ziyod ishbilarmon doiralar vakillarining qatnashgani chet el ishlab chiqaruvchilari hamda savdo kompaniyalarining O‘zbekiston bilan hamkorlikdan manfaatdorligini yana bir bor isbotladi.

Xorijlik ishtirokchilarning fikricha, bunday samarali hamkorlik mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhiti tufayli izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonda turli sohalar qatori agrar sanoatda faoliyat ko‘rsatayotgan chet ellik investor va sheriklar uchun qator soliq va bojxona imtiyozlari, boshqa preferensiyalar joriy etilgan bo‘lib, bu ularning mamlakatimizda muvaffaqiyatli biznes yuritishga qulaylik yaratmoqda.

Mamlakatimizdagi ko‘plab ishlab chiqaruvchilarning yarmarkada ishtirok etgani ularga sheriklari doirasini kengaytirish imkonini berdi. Mutaxassislarning fikricha, Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining o‘tkazilishi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari, ayniqsa, hududlarda joylashgan korxonalarga meva-sabzavot mahsulotlarining xorijlik iste’molchilari bilan bevosita hamkorlik o‘rnatish va ularni jahon bozorlariga yanada ko‘proq olib chiqish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.

Anjuman doirasida ishtirokchilar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Jizzax viloyatlaridagi korxonalar, fermer xo‘jaliklari va bog‘larda bo‘lib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar samaralari, meva-sabzavot yetishtirish, sifatli saqlash va qadoqlash tizimi, eksportga tayyorlash jarayoni bilan bevosita tanishdi.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu yarmarka mamlakatimiz ishbilarmonlari va chet ellik hamkorlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash, shartnomalar imzolash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, jahon oziq-ovqat mahsulotlari bozorining yo‘nalishlari va rivojlanish istiqbollarini tahlil etish, O‘zbekistonning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Nodira MANZUROVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: