Ro‘zadorlar uchun tavsiya
Musulmon xalqlari orasida ramazon oyi o‘zining farahbaxsh kunlari bilan alohida ahamiyatga ega. Xususan, saharlik va iftorlik dasturxoni noz-ne’matlarini tanlashda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar talaygina. Shu xususda umumiy amaliyot shifokori Lazizxon Tillayevdan ro‘zadorlar uchun bir qancha tavsiyalar oldik.
– Saharlikka yengil hazm bo‘ladigan, suyuq taomlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bundan tashqari tarkibida ko‘p miqdorda suyuqlik saqlovchi mevalar iste’mol qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yegulik tarkibida ko‘p miqdorda oqsil, uglevod, glyukoza bo‘lishi organizmdagi moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Bu mikroelementlar insonning kun davomida aqliy va jismoniy faolligini ta’minlab beradi.
Iftorlikda ham yengil hazm bo‘luvchi mahsulotlarni oz-ozdan iste’mol qilish inson organizmi uchun foydali sanaladi. Oddiy suyuqlik o‘rniga meva sharbatlari, poliz ekinlaridan tayyorlangan salatlarni tanovul qilish ayni muddao.
Iftorlik va saharlikka og‘ir hazm bo‘luvchi, ya’ni un va un mahsulotlaridan tayyorlangan oziq-ovqatlarni yeyish tavsiya etilmaydi. Fastfud mahsulotlari ham bundan mustasno emas. Chunki ular ro‘za tutgan insonda oshqozon-ichak kasalliklariga zamin yaratib beradi.
Chanqovbosdi sharbatlar hamda sut-qatiq mahsulotlarini iste’mol qilish juda foydali. Sarxil mevalardan qilingan sharbat nafaqat chanqovbosdi ichimlik, balki organizm uchun foydali vitaminlarga boy suyuqlik sanaladi. Sut-qatiq mahsulotlari tarkibidagi kalsiy moddasi organizmdagi suyaklarning mo‘rtlashishining oldini olib, ularni mustahkamlaydi.
Qahva ichishni xush ko‘ruvchi ro‘zadorlarga maslahat: saharlikda og‘iz yopishdan oldin ozroq qahva ichish mumkin. Qon bosimi yuqori bo‘lgan insonlar o‘z holatlaridan kelib chiqib, qahva iste’mol qilsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Saharlik va iftorlikdan so‘ng ozroq sayr qilish ayni muddao sanaladi. Saharlikdan so‘ng ozroq ochiq havoda bo‘lish hazm jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ovqatdan so‘ng darrov yotib uxlash, o‘t pufagining ishlash jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatib, natijasi esa yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Xurshida HUSENOVA yozib oldi