“Salomatlik” karvoni yurtimizning janubiy hududlarida

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AK hamkorligida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining chekka, tog‘li va ekologik jihatdan noqulay hududlarida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida tashkil etilgan “Salomatlik” poyezdi haftalik faoliyatini yakunlab, poytaxtga qaytib keldi.

Mehr-muruvvat, saxovat xalqimizning yuksak insoniy fazilatlaridir. Hayotimiz, turmush tarzimizga singgan azaliy qadriyatlarimizda ham u o‘z aksini topgan. Hamjihat elimiz topsa hovuchida, yo‘qsa shirin kalomi bilan bir-birining dardini yengil, ehtiyojini bartaraf etadi.

Yurtimizda ona va bola salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini muhofaza qilish, yosh avlodning benuqson dunyoga kelishi va barkamol voyaga yetishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bemisl g‘amxo‘rlik alohida tahsinga loyiq.

Mamlakatimizning janubiy vohasi – Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga safar uyushtirgan salomatlik va ezgulik karvonining maqsad-muddaosi ham el salomatliga kamarbasta bo‘lishdir. Ushbu “Salomatlik” poyezdi ham aholi salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy ko‘makka muhtojlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

– “Sariosiyo”, “Boysun”, “Darband”, “Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l bekatlarida malakali shifokorlar va ko‘chma tibbiy ijtimoiy yordam brigada mutaxassislari bolalar, xotin-qizlar, ko‘p bolali oilalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Surxondaryo viloyati hududiy filiali direktori Hulkar Egamberdiyeva. – Aniqlangan kasalliklarni davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Joylarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan suhbat va uchrashuvlar tashkil etildi.

“Salomatlik” poyezdi yetib borgan stansiyalar doimo aholi bilan gavjum bo‘ldi. Markaziy Osiyoda yagona o‘ziga xos bichim va qulaylikda ishlangan, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan poliklinika vagonlarida fidoyi shifokorlar aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan birga, sog‘lom turmush tarzi borasida ham suhbatlar o‘tkazdi. Mazkur tibbiy-ijtimoiy aksiya doirasida viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalari va kam ta’minlangan oilalar 300 dan ortiq turdagi dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiy anjomlar bilan ta’minlandi.

Ma’lumki, chekka, ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan hududlarda yashovchi aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlar o‘tkazish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois, tibbiy ko‘rik davomida aniq laborator tahlillarga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yiladi.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda 3 ta yangi telekanal ishga tushadi

– Ushbu aksiya davomida 2 ming 546 nafar kishiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AKning “Salomatlik” tibbiy sanitariya yordam poyezdi shifokori O‘tkirjon Mardonov – Ko‘rikdan o‘tganlarning 647 nafarini ayollar, 466 nafarini bolalar va o‘smirlar tashkil etdi. Malakali tibbiy tekshiruvlar davomida shifokorlar tomonidan maslahatlar berildi.

“Salomatlik” poyezdi Sariosiyo, Uzun, Qumqo‘rg‘on, Dehqonobod tumanlarida bo‘lib, ko‘p bolali oilalar, xotin-qizlar, bolalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillariga beg‘araz yordam ko‘rsatdi.

O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom va intellektual shaxs etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish ushbu xayriya aksiyasining oliy maqsadidir.

Jobir HIKMATULLAYEV,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi yetakchi mutaxassisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: