“Kitob olami” – ma’naviyat maskani
Prezidentimiz rahnamoligida yuksak ma’naviyatli va intellektual salohiyatli avlodni kamolga yetkazish, yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar bermoqda.
Ushbu jarayonda xalqimizning kitobxonlik an’analarini davom ettirish, aholi, ayniqsa, yoshlarda mutolaa madaniyatini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari alohida ahamiyat kasb etayotir. Farg‘ona shahrida ish boshlagan “Kitob olami” majmuasining ochilish marosimida bu alohida ta’kidlandi.
Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli ijodkorlar, noshirlar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Kitob olami” majmuasida yurtimizdagi nashriyotlarda chop etilgan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ommabop, badiiy kitoblar, darsliklar sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda kitobxonlar uchun qator qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan.
– Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari viloyatimiz markazi ham tobora chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Enaxon Siddiqova. – Kashtanzor ko‘chasida zamonaviy kitob do‘konining ochilishi ayni odamlar ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Bu xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, farzandlarimizning har tomonlama barkamol ulg‘ayishiga xizmat qiladi.
M. SULAYMONOV,
O‘zA muxbiri