QALBI HAM, QO‘LI HAM MO‘JIZA YARATADI
Qarshi shahridagi “Shayxali tayyorlov savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bir necha yil avval asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tayyorlanib, sotuvga chiqarilgan.
Keyinchalik korxona o‘z faoliyatini butunlay o‘zgartirdi. Aniqrog‘i, 2013 yilda jamiyat qoshida pishiq g‘isht ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2014 yilda ushbu tadbirkorlik sub’yekti tomonidan olingan 70 million so‘mlik bank krediti hisobiga boshqa bir qurilish materiali – shlakoblok ishlab chiqarish boshlab yuborildi. E’tiborlisi, bu ishlarning boshida ishbilarmon ayol Muhabbat Omonova turibdi.
– Kimdir tadbirkorlikning bu yo‘nalishi ayol kishiga og‘irlik qiladi, deyishi mumkin, ammo men aynan shu sohada o‘zimni ko‘rsata oldim, – deydi “Shayxali tayyorlov savdo” MCHJ rahbari Muhabbat Omonova. – Tajribam yildan-yilga ortib borayapti. Biz qurilish materiallari ishlab chiqarishdan tashqari pudrat ishlarini ham amalga oshirib kelayapmiz. 2015 yilda namunaviy loyiha asosida uylar qurish bo‘yicha shartnoma tuzdik. Shu maqsadda qo‘shimcha 60 nafar kishini ishga oldik. Daromad hisobidan zamonaviy yuklash mashinasi xarid qildik. Ayni vaqtda seximizda oyiga o‘rtacha 300 ming dona pishiq g‘isht tayyorlayapmiz. Kelgusida mahsuldorlikni oshirishni maqsad qilganmiz.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 20 mingga yaqin kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritmoqda. Shuning qariyb 20 foizi ayol tadbirkorlar tashabbusi bilan tashkil etilgan. Mazkur raqamning sezilarli o‘sib borayotgani kishini xursand qiladi, albatta.
Yurtimiz ayollari har jabhada faol. Buni fermerlik harakati misolida ham ko‘rish mumkin. To‘liq ishonch hosil qilish uchun raqamlarga murojaat qilaylik. Hozirda viloyatdagi ayol fermerlar 300 nafardan ziyodni tashkil etadi. Xo‘sh, ular o‘zining zalvorli faoliyatidan ortib ro‘zg‘origa vaqt topa olayaptimi?
– Ayol istasa, barchasiga qodir, – deydi Qarshi tumanidagi “Hasan ota” fermer xo‘jaligi rahbari Shoira Tursunova. – Kezi kelganda hamma narsaga ulgurish mumkin. O‘zimdan qiyos qilsam 1993 yilda ishimizni faqat chorvachilikdan boshlagan edik. Yillar o‘tib faoliyatimiz parrandachilik, baliqchilik hisobiga bir qadar kengaydi. Ixtiyorimizdagi 17, 5 gektar maydonda 82 bosh mayda mol, 20 bosh qoramol boqayapmiz, 5 ming tovuq parvarishlayapmiz. 2014 yilda esa baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. 8 sotix maydonda issiqxona tashkil qilganmiz. Bundan tashqari savdo do‘koni va tikuvchilik seximiz bor. Xo‘jaligimizda 11 kishi mehnat qilayapti. Natija yomon emas. 2014 yilda foydamizdan qishloq xo‘jaligi texnikasi xarid qildik. Zamonamiz ayoli yangilikka o‘ch, intiluvchan bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Ish o‘rganish istagidagi xotin-qizlarga maslahat beraman.
Tahlillarning ko‘rsatishicha, iqtisodchilar orasida erkaklar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etadi. Bunga sabab mazkur sohaning bir qadar qiyinligidir. Hisob-kitob, raqamlar bilan ishlash har doim ham oson bo‘lmaydi.
Odatda, ayollardan ko‘ra ko‘proq erkaklar bir necha hunarni egallashga intiladi. “Yigit kishiga qirq hunar ham oz”, deya bejiz aytilmagan. Ammo o‘zbek ayollari har jabhada erkaklardan kam emasligini isbot qilayotir.
– Xotin-qizlar ham bir necha hunar egasi bo‘lishi foydadan xoli emas, – deydi Kitob tumanilik hunarmand Umida Fozilova. – 4 yil avval qiziqishga popurchilikni o‘rgangandim. Shu hunarim bilan ancha ko‘zga ko‘rindim, turli ko‘rgazmalarda qatnashdim. Hurmat-e’tibor qozondim. Ko‘plab shogirdlar yetishtirdim. Hozirgi kunda kasanachilik asosida uyda o‘tirgan ayollarni ish bilan band etganman. O‘zim “To‘rabibi” fermer xo‘jaligi raisiman. Bog‘dorchilik bilan shug‘ullanaman. Haqiqat shuki, hunar bilgan xor bo‘lmaydi. Buni o‘z shogirdlarimga ham ko‘p uqtiraman.
Ha, Bibixonimu To‘marislar avlodi bo‘lgan ayollarimiz zakovati, shijoati ko‘p narsaga qodir. Buni so‘z yuritganimiz – har biri qirq yigitning ishini do‘ndirib qo‘yayotgan qahramonlarimiz faoliyati isbotlab turibdi.
Mirzohid JO‘RAYEV,
Qashqadaryo viloyati