MASHAQQATLI YO’L MALIKASI

Jahonda farzandini dunyoga keltirgandan so‘ng, faqat to‘rt nafar gimnastikachi faoliyatini davom ettirgan, bular – rossiyalik Larisa Latinina, kubalik Leyanit Gonsales, gollandiyalik Syuzan Xarmslar hamda yurtdoshimiz Oksana Chusovitinadir. Nihoyatda murakkab, qizlardan kuch, bardosh, chaqqonlik va egiluvchanlik xususiyatlarini talab etadigan sport gimnastikasida bunchalik uzoq vaqt davomida chiqish qilish uchun iroda, sabr toqat, eng muhimi katta ishtiyoq zarurligini Oksana alohida ta’kidlaydi.

Har bir ayolning baxti, kelajakdagi orzu istaklarining ro‘yobi – uning farzandidir. Farzand – ertangi kunga ishonch, umrining zoye ketmaganligining isbotidir.

Farzandim mening borlig‘im… Usiz men hech kimman. Doimo oilam, o‘g‘limga vaqt ajrata olaman. Shu bilan birga o‘zimni sportsiz umuman tasavvur qila olmayman. Har bir kishining qandaydir botiniy quvvati bo‘ladi. Qiyin vaziyatlarda, o‘zim bilmagan holda, ichimdan qandaydir kuch, bardoshni topa olaman. Menimcha, har bir insonda bunday ko‘z ilg‘amas kuch zahirasi mavjud… Bir yili jiddiy jarohat olib sportdagi faoliyatimni to‘xtatmoqchi edim. Shunda farzand kutayotganligimni bilib, juda ham sevindim. Endi bo‘ldi, oila va farzandim uchun yashayman, degan xulosaga kelgan edim. O‘g‘lim dunyoga kelgach esa, o‘zimni eng baxtiyor ayoldek his qildim… Har qanday ayol bolasini hammadan chiroyli, go‘zal deb o‘ylashi tabiiy. Alisher tug‘ilganida shunday baxtli edim… Umuman olganda, sportchilar uzoq vaqt uyda o‘tirib, uy yumushlari bilan band bo‘lishga odatlanishmagan. Asta-sekin men ham zalga kelib, mashq qilishni boshladim. Avvalgi jismoniy holatimga qaytishim kerak edi. Musobaqalarda ishtirok etishni davom ettirdim.

Oksana Chusovitina 1975 yili Buxoroda tug‘ilgan. 16 yoshida ikki karra jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi. 1992 yili Barselonada o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida jamoa hisobida oltin medalga sazovor bo‘lgan. 1996, 2000, 2004 yillari Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlarida oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Musobaqalarda shunchaki qatnashishni emas, balki g‘olib va sovrindor bo‘lishni maqsad qilgan hikoyamiz qahramoni bugungi kunda sportda o‘z o‘rni va nomiga ega. Hayotda xushchaqchaq, sportda o‘ta jiddiy va talabchan Olimpiya chempionining muxlislariga so‘zlari samimiy va kamtarona.

Avvalambor, sport bilan shug‘ullanish uchun bolada katta ishtiyoq bo‘lishi kerak. Ota-ona qanchalik majburlamasin, natija bo‘lmaydi. Bolaning sportga mehrini shakllantira olish lozim. Shundagina u mashg‘ulotlar zaliga o‘z istagi bilan keladi. Murabbiy sportchini tarbiyalab unda gimnastikaga xos sifatlarini rivojlantiradi. Avvalambor bola mehnatkash bo‘lishi zarur. Ba’zan og‘riqqa, ba’zan alamga bardosh berishga o‘rganish shart. Bularning bari – o‘tkinchi. Shundan keyin yoqimli lahzalarda quvonch ko‘z yoshlari keladi. Hammasi – sportchining o‘ziga bog‘liq. Oldiga aniq maqsad qo‘yganlar hech narsaga parvo qilmay, uning amalga oshishiga intilishi lozim. Shohsupaga chiqishni orzu qilmagan sportchi topilmasa kerak. Ammo eng kuchlilargina g‘olib bo‘ladi. Buning uchun tinimsiz mashq, metin bardosh bo‘lsa, o‘ylaymanki, muvaffaqiyat kuttirib qo‘ymaydi. Musobaqada menga muxlislar ishqibozlik qilishayotganidan behad baxtiyor bo‘laman. Qo‘limdan kelganini ularga namoyish qilib, bildirilgan ishonchini oqlashga harakat qilaman.

Oksana 2013 yili Fransiyada o‘tkazilgan jahon kubogi bosqichida bronza medalga sazovor bo‘lib, Germaniyadagi bahslarda g‘oliblikka erishdi. Portugaliyadagi jahon kubogi bosqichida kumush medalga loyiq deb topildi. 2014 yilda Incheonda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida shohsupaga chiqib kumush medalga sazovor bo‘lgani bu ayolning iroda va matonatiga yana bir bor tahsin o‘qishga sabab bo‘ldi. 2016 yil boshidan beri Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari arafasida ikki marotaba jahon kubogi bosqich bahslarida oltin medalga sazovor bo‘lganida ko‘nglimiz g‘urur va iftixor tuyg‘usiga to‘ldi. Oksana Chusovitina chorak asr davomida professional faoliyatini davom ettirib kelayotgan sportchidir. Musobaqa jarayonlarida u ba’zan qizi tengi gimnastikachilar bilan bahslashadi. Bunda u o‘zining yillar davomida to‘plagan tajribasi yoshlarning shijoati, jismoniy quvvatiga bas kelishini ta’minlaydi. Hayotidan ko‘ngli to‘lgan, umrining zoye ketmayotganligini bilgan Oksana doim yetakchi bo‘lishga, o‘ylaganlari ro‘yobga chiqishiga intiladi… Mag‘lubiyatni tan olmaydi… Har qanday vaziyatda ezgulikka intilib yashaydi. Balki shuning uchun unga doim baxt yordir.

Yana o‘qing:  YARASHUV INSTITUTI – XALQIMIZGA XOS BAG‘RIKENGLIK IFODASI

Hayotda har bir inson o‘zicha baxtiyor. Men ham o‘zimni baxtliman deb o‘ylayman. Chunki, oilam, farzandim bor. Men hech narsaga muhtoj emasman. Kimdir avtoulovi bo‘lsa, kimdir hashamatli uyi bo‘lsa baxtli. Men yaqinlarim sog‘-salomatligi bilan baxtliman. Hayotimda shunday voqea bo‘lgan edi. Jarohatlanib, kasalxonada davolanayotgandim. Oyog‘im nihoyatda og‘rir edi. Shu payt o‘zimga – o‘zimning rahmim keldi. Shu lahzalarda urush haqida film ko‘rsatishdi. Men urushning bor dahshatini ko‘rdim. Oyoqsiz, qo‘lsiz qolgan insonlarning fojeasini ezilib ko‘rdim. Tinch yurtda yashash, sog‘-salomat bo‘lishning o‘zi katta baxt ekanligini shunda tushindim. Hech kim o‘zini baxtsiz his qilishi kerakmas. Hamma narsaga ijobiy tarafdan qarash kerak deb o‘ylayman. Har qanday vaziyatda imkon, umid topsa bo‘ladi. Doim ezgulikka ishonib yashash lozim.

2012 yilgi Londonda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki Oksana Chusovitinani dunyoda yagona olti karra Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sport gimnastikachi sifatidagi Ginnes rekordlar kitobiga kirishi uchun zamin hozirladi.

Ayol kishining oilasi bilan birga ijtimoiy hayotda ham muvaffaqiyat qozonishi oson emas. Farzand tarbiyasi barobarida sportchi sifatida yuksak ko‘rsatkichga erishgan Oksana Chusovitina oilada barcha ayollar kabi e’tiborga, mehrga muhtoj…

Bilasizmi, shaxs sifatida men kuchliman. Ammo oilada men barcha ayollar kabi zaifa, ojizaman. Har qanday ayolning oilada tayanchi, suyanchi bo‘lishi kerak. Uyda u o‘zini ojiza his qilishni istaydi.

Bu ayolning bardoshi va irodasiga barchaning havasi keladi. Uning insoniy fazilatlari ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ladi.

Fazilatim – to‘g‘riso‘zlikni qadrlayman. Hazilkash insonlarni yoqtiraman. Hazilkashlik xislatim bor. Har qanday murakkab vaziyatda tabassum qilish uchun bahona topsa bo‘ladi. Natijalarimdan qat’iy nazar men hamma kabi oddiy insonman. O‘zim to‘g‘ri deb hisoblaganimdek imkon qadar yashayman. Men bilan faxrlanishlarini hech qachon maqsad qilmaganman. Shunday, boricha yashayapman.

Suhbatdosh

Yulduz ORTIQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: