TIL O‘RGANISHNING SODDA USULLARI

Hozirgi kunda yurtimizda yosh avlodning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi tobora oshib bormoqda. Til o‘rganish, o‘qitish va baholashning umumevropa qoidalari (CEFR – Common European Framework of Reference for Languages) asosida yangi Davlat ta’lim standarti joriy etilib, amaliyotga samarali tatbiq etilmoqda.

Ushbu ta’lim standartiga asosan barcha akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida B1, tilga yo‘naltirilgan akademik litseylar uchun B1+ darajalari talablari asosida xorijiy tilni o‘rganish yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumki, barcha o‘quv fanlari kabi ingliz tilini o‘qitishda ham zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish qisqa muddatda o‘zining sezilarli samarasini beradi. Jumladan, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti qoshidagi

3-son akademik litseyi ham tilga yo‘naltirilgan ta’lim muassasasi hisoblangan sababli, barcha xorijiy tillarni o‘qitishda zamonaviy ta’lim texnologiyasining turli ko‘rinishdagi samarali usullaridan keng foydalanmoqda. Bu o‘rinda o‘zaro tajriba almashishning eng yaxshi vositalaridan biri hisoblangan “Til oyligi” va “Ochiq dars”larning tashkil etilishi o‘ziga xos ijobiy ahamiyatga ega hisoblanadi.

Akademik litseyimiz miqyosida joriy yilning 21-fevralidan 21-martiga qadar e’lon qilingan ingliz tili oyligida litseyning tajribali ingliz tili o‘qituvchilari tomonidan “Ochiq dars”lar tashkil etildi.

Navbatdagi “Ochiq dars” Advertisment (reklama) mavzusida akademik litseyning

3-bosqich 307-guruh o‘quvchilari ishtirokida noan’anaviy shaklda, interaktiv, ya’ni aktiv-o‘quvchi passiv-o‘qituvchi usulidan foydalanilgan holda o‘tkazildi.

“Ochiq dars” avvalida o‘quvchilar hamda boshqa ishtirokchilar fikrini bir joyga jamlash va mavzuni qabul qilish holatini osonlashtirish maqsadida o‘quvchilar darsni quvnoq boshqotirma, ya’ni qiziqarli matematikaga oid masala bilan boshlashdi. Dars boshlovchilari rolini bajargan ikki nafar o‘quvchi ingliz tilida matematik boshqotirmani ishtirokchilar e’tiboriga havola qilishdi va qolgan o‘quvchilar uni bajarishga harakat qilishdi, ammo boshqotirmaning yechimi topilmagan sababli, uning siri dars oxirida oshkor qilinishi aytildi.

Shundan so‘ng, “Ochiq dars” mavzusi e’lon qilinib, o‘quvchilar tomonidan mavzuga oid tayyorlangan slayd-ko‘rgazmalar namoyish qilindi. O‘qituvchi zamonaviy o‘qitishning “work in groups” usulidan foydalangan holda o‘quvchilarni guruhlarga bo‘ldi va ular “Luster” metodidan foydalanib, mahsulot (ish, xizmat)larni iste’molchilarga tez va sifatli yetkazish hamda ularning xotirasida uzoq vaqt qolishini ta’minlaydigan reklamalarni joylashtirish joylari muhokama qilindi.

Darsning navbatdagi qismida o‘quvchilarga “which advert” sharti asosida tinglab tushunish (listening) vazifasi berilib, e’lon qilingan har xil reklamalardagi mahsulot turlarini topish vazifasi berildi.

Yana o‘qing:  Til o‘rganib, el bilib...

O‘quvchilarga xorijiy tillarni o‘rganishning foydali tomonlari haqidagi video reklama roligi qo‘yib berildi va o‘quvchilar ushbu rolik bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.

Keyingi vazifa gapirish ko‘nikmasi (speaking)ni rivojlantirish bo‘lib, unda guruhlarga tarqatilgan rasmlar asosida ijtimoiy hayot uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni sahna ko‘rinishi orqali reklama qilish lozim edi.

“Ochiq dars” davomida guruhlar reklamaning yaxshi (adventages) va yomon (disadventages) tomonlari haqida bahs-munozaraga kirishishdi.

Dars mashg‘uloti davomida har ikkala guruhga ma’lum miqdorda vaqt berilib, ularga akademik litseyda tahsil olish, shu jumladan xorijiy tillarni o‘rganish uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlarni noan’anaviy tarzda reklama qilish vazifasi ham berildi. Dars avvalida berilgan qiziqarli matematik boshqotirmaning siri va yechimi o‘quvchilarga oshkor qilindi.

O‘qituvchi tomonidan har bir vazifa alohida baholanib, jami yig‘ilgan ballar asosida g‘olib guruh e’lon qilindi.

“Ochiq dars” so‘ngida faol ishtirok etgan o‘n nafar o‘quvchi turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanib, ularga maxsus sertifikatlar taqdim etildi.

O‘ylaymanki, har bir o‘quv mashg‘ulotlari davomida yuqorida keltirilgan usullar asosida aralash va sof dars turlarini qo‘llash orqali o‘quvchilarning ingliz tilida gapirish, tinglab tushunish, o‘qish, yozish, xotira va mantiqiy tafakkurni rivojlantirish, ularning bilim saviyasi va ma’naviyatini yuksaltirish, aqliy mehnat malakalarini hosil qilish, shuningdek, o‘quvchi shaxsining hissiy va motivatsion xususiyatlarini rivojlantirishga erishiladi.

Aziza NODIROVA,

O‘zDJTU qoshidagi 3-son akademik litseyi ingliz tili fani o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: