Sohibqironning salomatlik saboqlari

…Buyuk bobolarimizning ma’naviy olami xususida fikr yuritganda sohibqiron Amir Temur haqida alohida to‘xtalishimiz tabiiydir. Chunki tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o‘zidan ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochdi.

Islom KARIMOV

Ma’lumki, qadimdan ota-bobolarimiz pokizalik, ozodalikka, el sog‘lig‘iga yuksak e’tibor qaratganlar va o‘sha davrlardanoq barvaqt uyg‘onish, hovli-joyni ozoda tutish, ariq hamda daryo bo‘ylariga chiqindi tashlamaslik; haftada bir marta hammomga borib turish, dasturxon boshiga qo‘lni yuvib, pokiza holda kelish, kiyimlarni ozoda tutish va boshqa sog‘lom turmush tarziga oid o‘nlab tartib-qoidalar mavjud bo‘lganligini yaxshi bilamiz.

“Sog‘lig‘ingni yoshlikdan saqla”, “Suvga tupurma, gunohi azim bo‘ladi”, “El sog‘lig‘i – yurt boyligi” degan purma’no maqollarning borligi ham bejiz emas. Xuddi shunday Amir Temur va Temuriylar davrida ham tibbiyotga shunchalik katta ahamiyat berilganki, hali bu to‘g‘rida o‘rgansa arziydigan manbalar yetarlicha topiladi. Xususan, “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “… katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona solsinlar, kasallar uchun shifoxonalar qursinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasunlar”. Ko‘rinadiki, el sog‘lig‘i ham dolzarb vazifalar qatorida tilga olinib, bu ishlar davlat darajasida hal etilishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

Manbalarda, jumladan Sharafutdin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Fosih Havofiyning “Mujmali Fasihiy”, Xondamirning “Xulosat al-axbor” kabi asarlarda o‘sha davr tibbiyot ishlari va shu soha bilimdonlari haqida qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz.

E’tiborli jihati shuki, xususan Amir Temur bobomizning o‘zi ham yelkasida shunchalik ko‘p davlat tashvishlari bo‘lishiga qaramasdan, tilshunos olim Tojiddin Ahmadiyni huzuriga chorlab, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari”ni tarjima qildirganki, ana shu manbaning o‘zi ham buyuk qalb sohibining o‘z mamlakati fuqarosi sog‘lig‘i yo‘lida fidoyilarcha g‘amxo‘rlik qilganiga yorqin ishoradir.

Biz bilamizki, Mavlono Fayzulloh Tabriziy Sohibqiron Amir Temurning shaxsiy tabibi bo‘lib, u hukmdor bobomizning umri oxirigacha sadoqat bilan xizmat qildi. Undan tashqari manbalarda yana qator mashhur tabiblarni, xususan, Mavlono Jaloliddin, Mavlono Sulaymon, Mavlono Izzaddin Mas’ud Sheroziy, Mavlono Farruxlarning nomlarini ham uchratamiz.

Yana o‘qing:  BANANLI ShIRINLIK

Va bu o‘rinda eng muhimi shuki, Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davrida tibbiyotning ilmiy asosga ega ekanligini ko‘ramiz. Yana bir muhim jihati, madrasalarda Gippokrat, Abu Al ibn Sino, ar-Roziy singari tib ilmi namoyandalarining asarlari, davolash usullari chuqur o‘rgatilgan. Shuningdek, mashhur tabiblar Najibuddin Samarqandiyning “Kasalliklarning sabablari va alomatlari”, Ali ibn an-Nafis al-Qarshiyning “Al-Mu’jaz”, G‘iyosiddin Muhammad Jaloliddinning “Muolajoti ilohiy” asarlari noyob qo‘llanmalardan edi. Ana shunday noyob qo‘llanmalar asosida yetarlicha ilm olgan talabalar yana o‘n ikki yil va undan ko‘proq davrda yirik tabib ustozlar qo‘lida tarbiya topib, maxsus hujjatlarni qo‘lga kiritgan taqdirdagina davolash huquqiga ega bo‘lgan. Soxta tabibchilik esa gunohi azim hisoblangan va jamiyatda bu tamoyilga qattiq amal qilinganligi biz uchun ham diqqatga sazovordir.

Amir Temur o‘z farzandlarining, kelajak avlodining sog‘lig‘i, barkamolligi, salohiyati haqida ham yetarlicha qayg‘urgan. Uning kelin tanlash bobida yetti pushtni surishtirib, naslning tozaligi va salohiyatiga e’tibor qaratganligi ham bejiz emas. Ayniqsa, naslning tozaligi, salomatligiga erishish uchun sharobxo‘rlik qat’iy cheklab qo‘yilgani ham bor haqiqatdir.

“Tuzuklar”da o‘qiymiz: “O‘g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, ahli ayollariga muomala qilishni ma’n etdim, zero, sharobning ta’sirida dunyoga keladigan farzand nasl-nasabining buzilishiga ta’sir etgay, debon shu pokiza yo‘lni tutdim”. Chunonchi, musulmon dunyosining gullab-yashnagan markazlaridan biri bo‘lmish Bag‘dodda ichkilikbozlik va maishatparastlik avj olganligi haqida xabar topgan Amir Temur shaharda mavjud bo‘lgan barcha mast-alast qiluvchi ichimliklarni Dajla daryosiga to‘kib yuborishni, buzuqiliklar sodir bo‘layotgan joylarni zudlik bilan yopish haqida farmon beradi. Vaholanki, Bag‘dodning “Sukus sulton”idan, Tabriz, Kermon va Sultoniyaning uzun ko‘chasidagi mayxonalardan har kuni necha ming tuman mablag‘ daryoday oqib kelib turardi. Bil’aks, Amir Temur hatto insoniyat sog‘lig‘i uchun molu dunyoni ham arzimas narsa, deb bilgan.

Padari buzrukvori Muhammad Tarag‘ay Temurbekning chinakam bahodir sifatida ulg‘ayishini o‘ylab, tarbiya olishiga har tomonlama e’tibor qaratgan edi. Shu tariqa u yoshlikdan turli mashqlarni bajarib, chiniqib o‘sdi. Manbalarda ko‘ramizki, u sovun surtilgan xodaga chiqish, otdan otga, tomdan tomga sakrash, ariq-zovurlardan irg‘ish, devorlardan oshish, suvda suzish, kamon otish mashqlari hamda askar-askar o‘yinlarida ishtirok etgan, ayniqsa, uning yetarli bilim olishiga, nutqining ravonligiga, dunyoviy va diniy ilmlarni chuqur o‘rganishiga yetarlicha e’tibor qaratilgan. Masalan, birgina otda qanday mashq qilgani haqida ikki og‘iz to‘xtab o‘taylik. Egarga epchillik bilan chiqib olib, o‘ng tomondan aylangan holda chap tomonga o‘tish, ya’ni “otda aylanma mashq”ni bajarish, chopib ketayotgan otga sakrab minish – (“Sakrama” mashq deyishgan), quyunday uchib ketayotgan otning ortidan yetib olib, ustiga minib olish (“Uchirma”); ot bilan yonma-yon borib, egar qoshiga osilib minish, ya’ni “Ushlama minish” mashqini ham mahorat bilan bajargan. Bunday mashaqqatli va og‘ir mashqlarni faqat qalbida o‘ti bor, dovyurak yigitgina amalga oshira olganini hisobga olsak, uning yoshlikdan o‘zini yurt ishi uchun tayyorlaganini ham bilib olamiz.

Yana o‘qing:  MA’RIFATGA ChORLOVCHI MASKAN

Faqat bugina emas, Amir Temur hukmdorlik tojini kiygach, o‘tmishning eng yaxshi an’analari qatori tibbiy qonun-qoidalarni ham mamlakatda, hatto o‘z saroyida ham qat’iy amal qilishini yo‘lga qo‘ydi va bu holatlarni uning oila muhiti, mehmon kutishlari, chet ellik elchilarni qabul marosimlarida muntazam qo‘llanganini ko‘ramiz. Chunonchi, Kastiliya qirolining marhamatli elchisi Rui Gonsales de Klavixo xizmatkorlar haqida yoza turib, ularning “oldilariga peshband tutib, qo‘llariga charm qo‘lqop kiyib olgan” holda o‘ta nazokat va odob bilan, ozodagarchilik qonun-qoidalariga qat’iy rioya etgan holatda xizmat qilayotganliklarini zavq bilan hikoya qilgan.

Aholi sog‘lig‘i yo‘lida nafaqat Amir Temur yoki Temuriy shahzodalar, balki ularning ahli ayollari ham talay ishlarni amalga oshirganlari tahsinga sazovordir. Masalan, Mulkat ona tomonidan qurdirilgan “Dor ush-shifo” kasalxonasi Hirotda mashhur edi. Tarixchi olim Xondamir ma’lumotlariga ko‘ra, “Shifoiya” shifoxonasida mavlono G‘iyosiddin Muhammad ibn Mavlono Jaloliddinning tib ilmidan yoshlarga saboq berganini bilib olamiz. Darvish Ali tabib ham shu tibbiyot maskanida faoliyat yuritib, mudarrislik qildi. Alisher Navoiy uning ilmi va mahoratiga yuksak baho bergan edi.

Manbalarda Shohrux Mirzo saroyida xizmat qilgan tabiblarning nomlari ham qayd etilgan bo‘lib, ulardan biri Shamsiddin Odam, ikkinchisi Nizomiddin Sheroziydir. 1427 yilda hukmdorning o‘g‘li Boysung‘ur Mirzo betob bo‘lganida, aynan shu ikki tabibning uni davolaganligi haqida ma’lumotlar berib o‘tilgan.

Keyingi davrlarda Mavlono Nizomiddin Abdulhay ismli mashhur tabibning ishlari xususidagi ma’lumotlarga ko‘zimiz tushadi va uning ko‘proq qon tomirlari bilan bog‘liq kasalliklarni davolaganini, Xo‘ja Ahror valiy betob bo‘lib qolganda, u zotni sog‘aytirib, to‘shakdan turg‘azib yuborganini bilib olamiz.

Ma’lumotlarni o‘qigan sayin Amir Temur va Temuriylar davrida inson sog‘lig‘i borasida eng kichik nuqtalar ko‘zdan qochirilmaganini anglaymiz. Masalan, Sulton Ali Mashhadiyning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘zni asrash uchun o‘sha davrda Samarqandda ishlab chiqarilgan oppoq qog‘ozlarga no‘xat suvi qo‘shilib, sariqroq rangda istemolchilarga yetkazilardi.

Amir Temurning inson kamoloti uchun halollik va sog‘lom naslni asos qilib olgan, deyishga haqlimiz.

Saodat HAYITOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: